Shavkat Mirziyoyev: «Hech qachon fermerni kamsitmaymiz»
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining ilk qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi muammoli masalalarga to‘xtalib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
«Paxta bilan g‘allaning davlat xarididan umuman voz kechamiz. «Gosplan» bo‘lmaydi. Hali odamlarimiz bunga tayyor emas, lekin bosqichma-bosqich shu yo‘lga o‘tmasak, davlatda ushlab tursak, hech qachon hech kimda manfaat bo‘lmaydi.
Paxta, meva-sabzavot, g‘allachilik, baliqchilik sohalarida dunyoqarashimizga klaster degan so‘z kirib kelyapti. Bu ham hozir birinchi qadamlarimiz. Joylarda nazorat bo‘lmagani uchun, klasterlarning 20 foizi ham korrupsiyaga o‘tib ketyapti. Nimaga desangiz, ular hali bank bilan hisob-kitob qilishga ishonmayapti. «O‘g‘ri bo‘lsam, bitta rahbarga borib, 20 foiz bersam, kechasi tinch uxlayman. Bank bilan ishlasam, tinch uxlamayman», deydi. Mana bizning dunyoqarashimiz. Bu bilan uzoqqa bora olmaymiz.
Bu ishlarimizning bosh maqsadi – fermer va dehqonlarning manfaatdorligini yanada oshirish, qishloqlarda zamonaviy ishlab-chiqarish va yangi ish o‘rinlarini yaratish hisoblanadi. Mana, hurmatli fermerlar ham eshityapti. Biz hech qachon O‘zbekistonda fermerni kamsitmaymiz.
Nima degani klaster? Klaster shunday tizim bo‘lishi kerakki, u fermerni boy qilishi kerak. Yerning egasi manfaatdor bo‘lsa, yer unumdor bo‘ladi. Hozirgacha, ming afsus, yerimiz unumdor emas.
Boshoqli donning o‘rtacha hosildorligini agar 75 sentnerga yetkazmasak, unumdor yerlarga don ekishning hech qanday foydasi yo‘q. Undan ko‘ra tashqaridan sotib olsak, xarajati kamroq bo‘ladi.
Bizdagi suv bilan ikki karra ko‘p g‘alla, uch karra ko‘p paxta qilish mumkin. Agar yuqori texnologiyalar olib kelsak.
Umumiy ekin maydoni tarkibida ozuqa ekin maydonlarini 12 foizgacha kengaytirish kerak. Aholimiz soni o‘syapti, lekin erkin maydonlarimiz kamayib ketgan.
Meva-sabzavotchilik va chorvachilik asosiy lokomotivlar bo‘lishi kerak. Ming afsus, bizda meva-savzavotchilikda ham, chorvachilikda ham tizim yo‘q, tartib yo‘q. Go‘shtni ham jon boshiga hali yetkazib bera olmayapmiz. Qo‘shni davlatlardan olib kelyapmiz.
Meva-sabzavotchilikda eksport hajmini 2025 yilda kamida 5 milliard dollardan oshirish, buning uchun kooperatsiya va klaster tizimini jadal joriy etish; saqlash, tashish va qayta ishlashning yaxlit va zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish va yanada kengaytirishimiz lozim.
Chorvachilikni rivojlantirish uchun zamonaviy chorva komplekslari va oilaviy kooperatsiyalarni ilm-fan va yuqori texnologiyalarga asoslangan holda chorva naslini 60 foizga yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rish vaqti keldi.
Global sharoitda, ayniqsa mamlakatimizda va mintaqamizda yildan yilga kamayib borayotgan suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rishimiz talab etiladi. Keyingi 5 yilda yerlarning kamida 30 foiziga tomchilatib-yomg‘irlatib sug‘orish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishimiz zarur.
Shuningdek, suv hisobini yuritish tizimini joriy qilish hamda suv balansini muntazam ravishda olib borishimiz kerak. Davlat-xususiy sherikchiligini keng joriy etish hisobiga suv inshootlari ekspluatatsiyasi va investitsiya xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish choralarini ko‘rish lozim.
Zamonaviy texnologiyalar hisobiga raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetarli darajada ishlab chiqarish orqali fermer va klasterlarni texnika bilan ta'minlash ko‘rsatkichini kamida 70 foizga yetkazish kerak. Hozir bizda bor-yo‘g‘i 45 foiziga yetkazyapmiz. Bunda import qilinayotgan mahsulotlarni o‘zimizda o‘zlashtirish va tashqi bozorlarga chiqishni alohida nazoratga olish kerak», – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mavzuga oid
19:14 / 23.11.2024
Polshalik fermerlar Ukraina bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktini to‘sib qo‘ydi
14:59 / 23.11.2024
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ta’limi sohasiga Belgiya tajribasi joriy etiladi
12:32 / 23.11.2024
Ummon O‘zbekistondan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilmoqchi
15:45 / 21.11.2024