Jahon | 15:20 / 27.01.2020
51682
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Afg‘onistonda yo‘lovchi samolyot qulab tushdi

Afg‘oniston sharqidagi G‘azni viloyatida yo‘lovchi samolyot halokatga uchradi. Bu haqda 1TV telekanali viloyat gubernatorligiga asoslanib xabar tarqatdi.

GETTY IMAGES

The Mirror nashri ma'lumotiga ko‘ra, Kobuldan Hirotga parvoz qilayotgan samolyot bortida jami 83 kishi bo‘lgan.

Tolo News nashri samolyot «Tolibon» harakati nazorat qiladigan hududda qulab tushganini ma'lum qilgan.

Ariana News nashri manbalariga ko‘ra esa, samolyotdagi yo‘lovchilar soni ko‘proq bo‘lgan - 110 kishi.

Dastlabki xabarlarda samolyot Afg‘onistonning Ariana Afghan Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgani aytildi. Ammo keyinroq aviakompaniya direktori bu xabarlarni inkor etgan.

Keyinroq manbalar samolyot xorijiy kompaniyaga tegishli bo‘lishi mumkinligi haqida ma'lum qilishdi, voqea joyida topilgan uchuvchi tanasi qoldiqlariga ko‘ra, u xorijlik bo‘lgan. Shuningdek, samolyot to‘liq yonib ketgani aytilmoqda.

RIA Novosti agentligi o‘z manbasiga asoslangan holda samolyot harbiylarniki bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar tarqatgan. Hozircha bu ma'lumot tasdiqlanmagan.

G‘azni gubernatorligi rasmiysi Orif Nuriyning aniqlik kiritishicha, hodisa Dehyak tumani hududida ro‘y bergan. Hukumat tomonidan yo‘llangan qutqaruvchilar hozircha aholi turar joylaridan uzoqda joylashgan bu hududga yetib bora olishmagan.

Voqea joyiga afg‘on harbiylari yo‘l olgan / Reuters

Xabarlarga ko‘ra, samolyot qulagan hududga birinchi bo‘lib «Tolibon» harakati vakillari yetib kelishgan va olovni o‘chirishga harakat qilishgan.

Ijtimoiy tarmoqda hodisa joyida olingan video paydo bo‘ldi.

  • Ariana Afghan Airlines aviakompaniyasi parkida Airbus A310-304 va Boeing 737-400 samolyotlari bor. G‘aznida halokatga uchragan samolyot qaysi rusumda bo‘lgani hozircha ma'lum emas.

Mavzuga oid