O‘zbekiston | 20:04 / 27.01.2020
74205
4 daqiqa o‘qiladi

«Murakkab davrda avtoritar boshqaruv bo‘lishi tabiiy» – tarixchi Karimov davri haqida

Bugun, 27 yanvar kuni «O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida: Prezidentlik instituti tashkil etilganining 30 yilligi» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Davra suhbati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarix instituti olimi Rahim Ergashev mamlakatda prezidentlik institutining ta'sis etilishi murakkab siyosiy davr talabi bo‘lgani haqida gapirib o‘tdi.

«Har qanday davlatda ham prezidentlik instituti eng murakkab, hal qiluvchi davrda joriy etilgan. AQSh va Yevropa davlatlarida ham, Afrika va Osiyoda ham mamlakat mustaqil bo‘la boshlagan paytda, davlat uchun hal qiluvchi pallada bu lavozim ta'sis etilgan. Chunki tarixiy jarayonda yuz berayotgan voqealarga shaxsan javob beradigan odam zarur. O‘zbekistonda ham bu jarayon shunday kechdi», deydi olim.

Rahim Ergashev O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov davridagi siyosiy boshqaruvga ilmiy baho berish kerakligini ta'kidlar ekan, bu davrga «avtoritar rejim» sifatida berilayotgan turli munosabatlar yuzasidan fikr bildirdi.

«Islom Abdug‘aniyevichning 1989 yilda davlat rahbarligiga kelgan davridan boshlab siyosiy faoliyatini ilmiy tahlil qilish zarur. Chunki matbuotda, ijtimoy tarmoqlarda Islom Karimov bilan birga bo‘lgan, o‘sha davrda ishlagan ba'zi rahbarlar o‘z chiqishlarida shu davrga nisbatan juda ham to‘g‘ri bo‘lmagan fikrlarni aytishyapti. Bu, albatta, ularning shaxsiy fikrlari, lekin buni xalq o‘qiyapti. Bunday qarashlarga chek qo‘yish uchun ilmiy baho berish kerak.

Islom Abdug‘aniyevich davrida avtoritar rejim bo‘lgan edi, deb ko‘p aytiladi. 1993 yilda «Komsomolskaya pravda» gazetasiga bergan intervyusida Islom Karimovning o‘zlari: «Murakkab davrda, o‘tish davrida mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olgan insonda shunga yarasha huquq ham bo‘lishi kerak. Biz istaymizmi-yo‘qmi, bu boshqaruvning avtoritar shaklini joriy etadi», degan edi», – deya xotirladi tarixchi.

«Bundan tashqari, avtoritar boshqaruv elementlari boshqa davlatlarning murakkab davrlarida ham joriy qilingan. Mustaqillikka erishishda, mustaqillikning dastlabki davrida shunday bo‘ladi. Bu hech kimga sir emas. Biz buni ilmiy asoslab, o‘tish davri uchun zarurat ekanligini ko‘rsatishimiz kerak.

Qayta qurish davridagi ba'zi prinsiplar mustaqillikdan keyin bekor qilindi. Ana shu prinsiplar bilan borilganda to‘g‘ri bo‘lardi, degan e'tirozlar ham bo‘lgan. Qanday prinsiplar? Misol uchun, oppozitsiyaning bo‘lishi. Bu hozirgi kunda ham muammmo. Ammo o‘tish davrida boshqaruv tajribasiga ega bo‘lmagan va siyosiy salohiyati yetarli bo‘lmagan shaxslarning hokimiyatga kelishi mamlakat uchun yaxshi natijalarga olib kelmaydi», – deya qo‘shimcha qildi Ergashev.

Uning fikricha, prezidentlik instituti vaqt o‘tishi, davr almashishi bilan transformatsiyaga uchrab boradi.

«AQShda dastlab Jorj Vashington prezident etib saylanganda bu lavozim monarxlikning muqobili sifatida ta'sis etilgan. Asrlar o‘tib, institut mohiyati o‘zgardi, vakolatlari o‘zgardi. Bizda ham 30 yil ichida bu lavozim o‘zgara bordi. Islom Karimov ham prezidentning ba'zi vakolatlarini Oliy Majlisga, Vazirlar Mahkamasiga berdi. Bu doimiy davom etadigan tarixiy jarayon», – deydi Rahim Ergashev.

Eslatib o‘tamiz, bugundan Islom Karimov tavalludining 82 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar haftaligi boshlandi.

Mavzuga oid