O‘zbekiston | 11:00 / 27.01.2020
66290
7 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev Oqqo‘rg‘ondagi ariq voqeasi bo‘yicha ilk bor izoh berdi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yangi «Ayting-chi…» loyihasining ilk mehmoni bo‘ldi.

Tet-a-tet janridagi intervyu shaklidagi loyihada viloyat hokimi blogerning ko‘plab savollarga javob bergan. Jumladan, bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan olinishiga sabab bo‘lgan «ariq» voqeasi masalasida ham biroz oydinlik kiritgan.

«Orqaga qarab xulosa qilib olish uchun vaqt bo‘ldi. Bitta narsa aniqki, xatoga yo‘l qo‘ydingizmi — javobini berish kerak», — degan Zoyir Mirzayev.

Intervyuda hokim Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida ro‘y bergan shov-shuvli voqea tafsilotlariga to‘xtalmasdan, asosan bu voqeadan qanday xulosalar chiqargani haqida gapirib o‘tgan.

«U voqealarni eslamasdan iloj yo‘q. Sababi — mabodo shu savolni bermaganingizda ham, «shuncha narsani so‘rabsanu, nega buni so‘ramading», degan savollar yozilardi.

Bilasizmi, yuqorida aytganimdek, hech kim xatodan xoli emas. Oradan vaqt o‘tar, bu narsaning tagi, negizida nimalar bo‘lganini butun xalqimiz biladi. Bu albatta, mening xatom bo‘lgan. Zamon o‘zgarganini hazm qila olmaganim, zamonga moslasha olmaganim. Ochiqlikni hamma ham birdan hazm qila olmaydi.

Masalaning ikkinchi tarafi ham borki, biz rahbar sifatida nishondamiz. «Sen mana shunday xatolikka yo‘l qo‘yding, bunga nima sabab bo‘ldi o‘zi?», deb o‘sha kunlari ko‘pchilik meni izlasa ham bo‘lar edi-ku? Lekin hech kim izlamadi.

Men shu paytgacha shu to‘g‘risida gapirmadim, bugun og‘iz ochdim. Hali voqeaning haqiqiy negizini xolisona eshitamiz ham, ko‘ramiz ham. Bu narsa bo‘ladi. Lekin bir jihatni aytishim kerak: o‘zingiz qatori yurgan xalqni kamsitish uchun odamda yurak bo‘lmasligi kerak, u odam boshqacha odam bo‘lishi kerak. Biz unaqa tarbiya ko‘rmaganmiz. Meni ishga o‘rgatgan, tarbiyalagan insonlarning barchasi — domlalarim, o‘qituvchilarim — bunday tarbiya berishmagan. Bu shaxsan o‘zimning kamchiligim. O‘shanda nima bo‘lgan bo‘lsa, o‘zim loqaydlik qilganman, qaysidir ma'noda.

Hayot bir tekis emas, hamma narsa kurashdan iborat. Albatta, lavozim bor ekan, mansab bor ekan — talash bo‘ladi.

Bugungi kunga kelib o‘sha voqeadan nima xulosa bo‘ldi, deb so‘raladigan bo‘lsa, siz gapirayotgan har qanday odamning ham g‘ururi va nafsoniyati bor, uni toptashga hech kimning haqi yo‘q.

Qo‘llab-quvvatlagan insonlarning kuchi bilan, kechirimli bo‘lgan rahbarlarimizning sharofati bilan shu joylarda o‘tiribman. Zabardast, bag‘rikeng, bor narsani borligicha qabul qiladigan Qashqadaryo xalqi bilan ishlash nasib qilgan ekan, men bundan faqatgina faxrlanishim kerak, Xudoga ming shukr qilishim kerak. Bu ishonchni qay tarzda oqlash to‘laqonli o‘zimga bog‘liq», — degan hokim intervyu chog‘ida.

Jumladan, hokim o‘sha kunlari 12 kun ishsiz qolganida, kitob o‘qish bilan bu vaziyatni yengib o‘tganini gapirib bergan.

«Men, masalan, o‘shanda o‘zim bekor qolgan davrim ko‘p emas, 12 kun bo‘lgan, 12 kunning ichida, menda har doim xonamda kitob turardi, Marsel Brionning «Menkim, Sohibqiron — jahongir Temur» kitobini uch yil o‘qiy olmaganman. Kelaman, bir varaq o‘qiyman, yopib qo‘yaman. Kabinetda turardi… Lekin o‘qiy olmaganman. Lekin o‘sha kitobni 9 kunda o‘qib tugatdim», degan u.

2018 yilning 26 oktabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bloknotlar ko‘tarishidan hokimiyat vakillari ekani ko‘rinib turgan 6 kishi ariq suvida qo‘l qovushtirib turgan holati tasvirlangan surat tarqaldi. Internetdagilar ularga «Ariqdagi oltovlon» deb nom berishdi.

Keyinroq ma'lum bo‘ldiki, bu holat O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Zoyir Mirzayev Oqqo‘rg‘on tumaniga g‘alla ekish va sug‘orish ishlarini tashkil etish jarayonini tekshirish uchun kelganida ro‘y bergan, ishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mansabdorlar shu tariqa jazolangan edi.

Xuddi shu vaqtda boshqa bir 6 kishi ulkan kesaklar ko‘targan holati tasvirlangan surat ham tarqalgandi. Ularga «Tosh ko‘targan oltovlon» deb nom berishdi. Bu surat ham bosh vazirning Toshkent viloyatiga safari vaqtida, Bekobod tumanida olingandi. Suratdagilar «yaxshi tayyorlanmagan maydonga bug‘doy urug‘ini qadalishi»ga yo‘l qo‘ygan mas'ullar sifatida jazolangan turli darajadagi amaldorlar edi.

Bu suratlar butun dunyoga tarqalib ketishi ortidan, 29 oktabr Zoyir Mirzayevni iste'foga chiqarish to‘g‘risidagi farmon e'lon qilindi (hodisaga baho berar ekan, vaziyatni sharmandali deb atagan Abdulla Aripov prezident uni 27 oktabr kuniyoq ishdan haydaganini ma'lum qildi), keyinroq Jizzax viloyatidagi Jizzax tumaniga (Sharof Rashidov) rahbar etib jo‘natildi. Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumanida olti kishi ariqqa tushirilishiga guvoh bo‘lgan Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari va boshqalar lavozimidan olindi.

Bu voqealardan bir yil vaqt o‘tib Zoyir Mirzayev 2019 yilning oktyabrida Qashqadaryo viloyatiga rahbar bo‘ldi.

Mavzuga oid