Jahon | 18:15 / 28.01.2020
31038
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Afg‘onistonda qulagan samolyotda Sulaymoniyni o‘ldirish amaliyotiga boshchilik qilgan MRB ofitseri bo‘lgan

27 yanvar kuni Afg‘onistonning G‘azni viloyatidagi samolyot qulashi oqibatida AQSh markaziy razvedka byurosi ofitseri, tashkilotning Eron, Iroq va Afg‘onistondagi operatsiyalarida faol qatnashgani aytiladigan Maykl D’Andrea ham halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Eron telekanallariga tayanib «BBC Monitoring» yozmoqda.

Eron telekanallarida aytilishicha, Maykl D’Andreaning laqabi «oyatulloh Maykl» bo‘lgan. U Yaqin Sharq harbiy vakillari orasida mashhur bo‘lgan.

Eronliklarning ma'lum qilishicha, D’Andrea 3 yanvar kuni general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirish operatsiyasiga boshchilik qilgan.

27 yanvar kuni Afg‘onistonning markaziy qismida, «Tolibon» harakati nazoratida bo‘lgan hududda samolyot qulab tushgan edi. Dastlabki xabarlarda bu samolyot Ariana Afghan Airlines aviakompaniyasining yo‘lovchi samolyoti bo‘lgani, uning bortida 100 nafardan ortiq kishi bo‘lgani haqida aytilgandi.

Ko‘p o‘tmay «Tolibon» vakillari G‘aznida razvedka ishlarini olib borayotgan samolyotni Deh-Yak tumani hududida urib tushirishganini ma'lum qildi.

AQSh harbiy qo‘mondonligi Afg‘onistonda qulagan Bombardier E-11A samolyoti amerikalik harbiylarga tegishli bo‘lganini tasdiqlagan holda u dushman tomonidan urib tushirilgani borasida fakt yo‘qligini ma'lum qildi.

Mavzuga oid