O‘zbekiston | 21:00 / 29.01.2020
26608
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus profilaktikasida teplovizorlar foydasizmi? Vazir o‘rinbosari munosabat bildirdi

Fransiya sog‘liqni saqlash vaziri Anes Buzesning aytishicha, yangi koronavirus tarqalishining oldini olish uchun aeroportlarda o‘rnatilayotgan teplevizorlar kutilgan samarani bermaydi: «Skanerlash xavfsizlik choralari ko‘rilayotgandek tasavvur uyg‘otishi mumkin, lekin aslida bu yo‘l bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi, ya'ni kasallik simptomlari keyinroq yuzaga yuzaga chiqishi yoki oddiy aspirin yordamida isitmani vaqtincha tushirish mumkin».

Xitoyda epidemiya tarqalishi ortidan O‘zbekiston ham barcha chegara punktlariga teplovizorlar o‘rnatdi. 29 yanvar kuni Xalqaro press-klub sessiyasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi fikrga izoh berar ekan, virusning mamlakatga kirib kelishining oldini olish uchun teplovizorlardan tashqari boshqa choralar ham qo‘llanayotganini aytib o‘tdi.

«Xotirjam bo‘lmasligimiz kerak, lekin ogoh bo‘lishimiz kerak, shu bilan birga, tahlikaga tushish ham kerak emas.

To‘g‘ri, teplovizor isitmasi yuqori bo‘lgan taqdirdagina ko‘rsatadi. Kasallikning yashirin muddati 14 kungacha bo‘lishi mumkin. Aytganingizdek, o‘sha paytda teplovizor bemorda boshlangan kasallikni aniqlay olmasligi mumkin.

Shuning uchun, biz har bitta karantin-sanitariya punktlarida teplovizordan tashqari shifokor nazoratini ham o‘rnatdik», – dedi Yusupaliyev.

Bahodir Yusupaliyev

Vazir o‘rinbosari fuqarolarni yana bir bor ogoh bo‘lishga va shu bilan birga vahima qilmaslikka chaqirdi.

«Biz sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha yuqumli kasalliklar shifoxonalarida, shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limlarida alohida shtablar tashkil qildik. Shtablarga shu yo‘nalishga javobgar infeksionist shifokorlar, sanitariya-epidemiologiya markazi vakillari biriktirilgan.

Agarda qayerdadir kasallik belgisi aniqlansa, tezkorlik bilan harakat qilishga imkoniyatimiz bor. Bundan tashqari, zarur tibbiy vositalar zaxirasi tayyorlangan.

Hozirgi kunda Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda kasallikka tashxis qo‘yuvchi diagnostiklarni xarid qilish masalasini ko‘rib chiqyapmiz. Kecha bosh vazir bekorga komissiya yig‘inini o‘tkazmadi. Bu barchamiz ogoh bo‘lishimiz uchun», – dedi u.

Bahodir Yusupaliyev aholi ko‘p to‘planadigan joylarda shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilishning muhimligini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Mavzuga oid