Jamiyat | 15:00 / 30.01.2020
13165
3 daqiqa o‘qiladi

Paxtachidagi maktabda o‘quvchilarni jazolash uchun sovuqqa olib chiqib qo‘ygan o‘qituvchiga chora ko‘rildi

Ota-onalar farzandlarining sho‘xligini tan olib, o‘qituvchining mehnatidan minnatdor ekanligini bildirishgan.

Samarqand viloyati Paxtachi tuman xalq ta'limi bo‘limi 28 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan «Nima, bechora bolalarni sovuqqa olib chiqib jazolash endi yangi trendga aylandimi? Bu noto‘g‘ri!» postiga munosabat bildirdi.

«Joriy yilning 28 yanvar kuni Paxtachi tuman xalq ta'limi bo‘limi tasarrufidagi 28-umumiy o‘rta ta'lim maktabidagi holat aks etgan «Nima, bechora bolalarni sovuqqa olib chiqib jazolash endi yangi trendga aylandimi? Bu noto‘g‘ri!» mazmunida ijtimoiy tarmoqlarda video material tarqaldi.

Ushbu holatga aniqlik kiritish, 28-umumta'lim maktabi pedagogik jamoasi faoliyatida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni muhokama qilish maqsadida Paxtachi tuman hokimligi, xalq ta'limi bo‘limi mas'ul xodimlari, tuman Nuroniy jamg‘armasi, «Guliston» mahalla fuqarolar yig‘ini faollari hamda maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilarning ota-onalari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.

Ma'lum bo‘ldiki, haqiqatan ham ushbu umumta'lim muassasasi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Yu.B. o‘quv binosining ikkinchi qavatidagi sinfxonalardan birida dars mashg‘uloti o‘tish davomida tartibsizlik qilgan o‘quvchilar D.D. va N.Sh.ga tanbeh berish maqsadida sinfxonadan zalga chiqaradi. O‘qituvchi bolalarga tanbeh berib, ularni yana sinfxonaga olib kirgan.

Yig‘ilishda o‘quvchilar — D.D. va N.Sh.ning ota-onalari tomonidan Yu.B.ning xatti-harakatlariga e'tiroz bildirilmadi. Aksincha, ota-onalar farzandlarining sho‘xligini tan olib, o‘qituvchining mehnatidan minnatdor ekanligini bildirishdi. Biroq, o‘qituvchi Yu.B.ning o‘quvchilarga nisbatan qattiqqo‘llik qilgani, vazifasiga nisbatan e'tiborsizlik qilgani uchun unga intizomiy jazo chorasi qo‘llandi», deyiladi Paxtachi tuman xalq ta'limi bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid