«Kechasi bilan uxlolmay chiqdim». «Lafarga» qabristoni bilan bog‘liq xabar jamoatchilikni oyoqqa turg‘izdi
28–29 yanvar kunlari ijtimoiy tarmoqda Toshkentdagi Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qabristonlardan biri buzilgani, tuproq surilganida ichidan suyaklar chiqqani haqida shov-shuvli xabarlar tarqaldi. Aslida Toshkentdagi «Lafarga» qabristoni atrofida nimalar bo‘lmoqda?
Toshkent shahrida qabriston buzilib, o‘rnida qandaydir tadbirkorlar qurilish boshlagani, qabrlar o‘rni ekskavatorlar yordamida surib tashlanayotganda odam suyagi chiqqani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar jamoatchilikni junbishga keltirdi. Kun.uz muxbiri hodisa joyida bo‘lib, voqea aslida qanday bo‘lganini o‘rgandi hamda shu yerda yashovchilar va mutasaddilar bilan suhbatlashdi.
Ma'lum bo‘lishicha, ayni vaqtda suyak parchasi ekspertizaga topshirilgan. Qabristondagi eski masjid o‘rniga yangisi qurilmoqda, bu ishlar qabristonga ta'sir qilmasligi aytildi.
«Qabriston buzilibdi degan xabarni eshitib, bu yerni o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga keldim. Oilamizga tegishli hilxona joyida turgan ekan. Xudoga shukr, tegishmabdi.
Nahotki qabrlarni buzvorishgan bo‘lsa deb rosa xavotir bilan kelgandim. Bir paytlar bu yerni Qurolli kuchlar akademiyasi olarmish degan gap-so‘zlar ham tarqagandi. Kechagi videolardan keyin miyaga shu narsa urib qoldi. Shu gap rost bo‘lib chiqibdi-da deb yugurib keldim. Yo‘q, eski masjid buzilib, yangisi qurilayotgan ekan, xotirjam bo‘lib qaytib ketyapman», deydi Baxtiyor Qosimov.
«Kecha tarqalgan videolarni ko‘rib kechasi bilan mazamiz bo‘lmadi, uxlolmay chiqdik. Kechasi opamga, akamga telefon qildim. Mana, ertalabdan qabristonga yetib keldik. Otamning qabrlari joyida turgan ekan. Ekskavatorlar qabriston chegarasigacha qazishibdi, xolos. Internetda tarqalgan videolarda qabrlar buzib tashlandi deyilgan edi.
Bu yerlar tashlandiqmas, qarovli joy. Qabrlar ham eski qabrlarmas. Biz tez-tez mozorboshiga ziyoratga kelib turamiz. Bolalarimiz masjidga chiqishadi. Hilxonalarimiz bus-butun, kelib-ko‘rib xotirjam tortib ketyapmiz», deydi Dildora Shamsiyeva.
«Eski masjidda oxirgi juma uch hafta oldin o‘qilgandi. Oxirgi jumada masjid buzilishi, o‘rniga keyingi haftadan yangisi qurilishi boshlanishi rasman e'lon qilingan edi. Ungacha namozlarni qo‘shni mahallalardagi masjidlarda o‘qib turishimizga to‘g‘ri kelishi haqida ogohlantirishgan. Shu gap bo‘lganiga men guvohman. Bolaligimiz shu yerda o‘tgan. Bu yerning har bir qarichini bilaman. Barcha qabrlar o‘z o‘rnida turibdi. Bunga yana bir marta ishonch hosil qildik», deydi Baxtiyor Shamsiyev.
«Bu qabriston ancha vaqt yopiq turgandi. O‘tgan yili ochilganda buvim rahmatlini shu mozorga dafn qildik. 20 yil oldin akam vafot etganida yopiq edi. Qabristonni qayta ochganlarga katta rahmat. O‘rtada bir ochilganda otam omonatlarini topshirgandilar, u kishini shu yerga qo‘ydik. Otam va buvimning qabrlari buzilmagan, joyida turibdi», deydi Rixsitilla Hamidullayev.
«Mulla Qosim» jome masjidi imom-xatibi Azimjon Alimjonov qayta qurish ishlari nima uchun boshlangani haqida gapirib berdi.
«Mulla Qosim» jome masjidi XIX asrning 80-yillarida qurilgan. Qadimiy masjidlardan biri edi. Mustaqillik yillarida jome masjid maqomini olgan. Eski guvalaklardan qurilgani uchun keyingi paytda shunday holatga kelib qolgandiki, imorat ichiga kirib namoz o‘qiganimizda qo‘rqib turardik. Qattiqroq yel silkinishi bo‘lsa, chidamasligi aniq edi. Masjid qay ahvolda bo‘lganini tasdiqlovchi suratlar ham bor qo‘limizda. Devorlar darz ketgan, ayrimlari yorilib ketgandi. Nurab qolgani uchun hukumat tomonidan masjidimizni qaytadan qurishga ruxsat berildi.
Hukumat tomonidan ruxsat berilgandan keyin va mahalliy aholi, masjid qavmi xabardor qilinib, roziligi olinganidan so‘ng eski masjid buzilib, 0,55 gektar yerga ikki yarim ming nafar namozxonga mo‘ljallangan, qurilish normalari va qonunchilik talablariga javob beradigan muhtasham bir masjid bino qilish ishlari boshlab yuborildi. Xudo xohlasa Ramazon oyigacha masjidimizni hashar yo‘li bilan homiylik mablag‘lari evaziga qurib bitkazish rejalashtirilgan», deydi u.
Imom-xatibning aytishicha, masjidning yonida choyxona bo‘lgan. Uning egasi qurilish boshlangach, o‘ziga tegishli yerni masjidga hadya qilgan. U ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, odamlarni tashvishga qo‘ygan xabarlar asossiz ekani, bu yerdan topilgan odam suyagi masjidga yondosh choyxonada taom pishirish uchun ishlatilgan mol suyagi hisoblanadi.
Ma'lum qilinishicha, topilgan suyak 30 yanvar kuni ekspertizaga yuborilgan bo‘lib, tomonlar tortishuvga ekspertlar xulosasi nuqta qo‘yishini kutishmoqda.
«Ushbu masjid Mirzo Ulug‘bek tumani «Elobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi «Lafarga» qabristoni bilan tutashgan. Biroq masjidning eski binosi buzilib, yangisini qurish boshlanganda qabrlar buzila boshlagani haqidagi gaplar bo‘hton. Eski masjid o‘rni tekislash ishlari boshlanganidan keyin masjid imom-xatibi, qurilish tashkiloti mutasaddilari har bir ishni O‘zbekiston musulmonlar idorasi, tuman hokimligi bilan maslahatlashib, bu yerdagi mas'ullarning tavsiyalariga muvofiq qilishmoqda. Qurilish ishlari hujjatlarda belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda, jarayonni oqsoqollar, jamoatchilik vakillari nazorat kuzatib turishibdi.
Shu o‘rinda bir ma'lumotni aytib o‘tsam. «Lafarga» qabristoni 1974 yili yopib qo‘yilgan. 1991 yili qayta ochilgan bo‘lsa-da, 2008 yili yana yopib qo‘yilgandi. Qabriston 2019 yilning oxirida qayta ochildi, bu yerga mayitlar qo‘yish boshlandi. Buni mahalliy aholi vakillari ham tasdiqlaydi. Aslida masjidga yondosh ko‘p qavatli uylar, bolalar shifoxonasi, maktab, to «Sayohat» to‘yxonasigacha bo‘lgan hudud ilgari qabriston bo‘lgan. Bir vaqtlar qabriston buzilib hozirgi binolar qurilgan. Shunga ko‘ra bu yerlardan qandaydir suyak topilishi ajablanadigan holat emas. Biroq ishontirib aytamanki, masjidni qayta qurish jarayonida birorta qabr buzilgani yo‘q», deydi Mirzo Ulug‘bek tuman bosh imom-xatibi Akbarali Mamatov.
Tuman bosh imom-xatibi ko‘p yillik qassob ekani, imomlikdan keladigan moyanaga qarab qolmasdan shu hunarning oshini tutgani, shu sababli odam va hayvon suyagining farqiga borishi, topilgan suyak insonnikidan ko‘ra mol suyagi ekanini ancha haqiqatga yaqinligini ta'kidladi.
«Kecha ertalabdan beri shu yerda turibmiz. Toshkentning narigi chekkasidan ham odamlar kelib-ketishyapti. Kirib hamma hilxonasini ko‘rib, qabristonni ko‘zdan kechirib, xotirjam bo‘lib qaytmoqda. Asosan, mozorning eng chetidagi qabrlarning egalari kelib ko‘rishdi. Hech qaysi qabr buzilmagan. Buzilmaydi ham.
Qabriston yopiq edi. Ikki yarim oy bo‘ldi ochilganiga. Shahar hokimining qarori bilan ochildi. Hali ko‘pchilik bilmaydi ochilganini. Qabristonda uch gektar yer bor, eng kamida 30 ming mayitni dafn qilsa bo‘ladi bu yerga. O‘n yil bekor yotdi qabriston. Shuncha yil hech kim bu masalani ko‘tarib chiqqani yo‘q. Mahallaning chollari yugurishib, yozmagan joyimiz qolmadi. Oxiri ruxsat oldik. Endi masjidimizni obod qilamiz desak bu gap-so‘z chiqib turibdi. Ko‘chada yomg‘irda-qorda, loy ustida namoz o‘qishardi namozxonlar. Shularga sharoit yarataylik deb ish boshlangandi», deydi «Elobod» mahallasida yashovchi Zokir ota.
Zokir otaning aytishicha, topilgan suyak birorta mayitga tegishli bo‘lganda tananing boshqa qismlarining suyaklari ham topilgan bo‘lardi, bu holatda suyak topilgan tuproq uyumi sinchiklab tekshirilgani, ammo boshqa suyaklar topilmagani, shunga ko‘ra bu odam suyagi bo‘lishi ehtimoldan uzoqligini aytib o‘tdi.
«Mulla Qosim» jome masjidi hozirgi kunga kelib ancha nurab qolgandi. Uni ta'mirlab bo‘lmaydigan holatga kelib qolgani uchun buzib qaytadan qurilmoqda. Bu ishga shu mahallada yashab kelgan otaxonlar, mahalla ahli bosh-qosh bo‘lishmoqda. Bu jarayonda qurilish ishlari qabriston hududiga o‘tib ketgani, qabrlarga tegilgani, kavlangani haqida yanglish ma'lumot chiqib ketgan. Aslida bunday ish qilinmagan. Ota-bobosi «Lafarga» qabristoniga dafn qilingan fuqarolar xotirjam bo‘lsin, qabrlarni buzishga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi. Boshqa gap-so‘z, xavotirlarga o‘rin yo‘q.
Shunday qabristonlar borki, mayit ko‘mish to‘xtatilganiga 50-100 yil yoki undan ham ko‘p bo‘lgan, foydalanish tugagan. Agar ehtiyoj tug‘ilib, qabriston o‘rnidan yo‘l yoki katta inshoot tushish kerak bo‘lsa — shunday holatlar ham bo‘lgan, kitoblarimizda ham ko‘rsatilgan – qabrlar ochilib, suyaklari ehtirom bilan boshqa qabrga ko‘miladi. So‘ng shu joyga qurilish qilinaveradi. Agar qabristondan foydalanilmayotgan bo‘lsa, shariatda bunga ijozat berilgan. Lekin foydalanib turilgan, hozirgi kunda mayitlar dafn qilinayotgan qabriston bo‘lsa, unga tegilmaydi», deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisning birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov.
Jamshid Niyozov, Kun.uz muxbiri
Mavzuga oid
10:41 / 20.07.2024
Rossiya qabristonlarni kengaytirish uchun davlat xarajatlarini uch baravar oshirdi
21:13 / 13.05.2024
Namanganda bog‘cha tarbiyalanuvchilari qabristonga olib borilgani aniqlandi
09:47 / 04.05.2024
Rossiyadagi asosiy harbiy qabristonda joy tugamoqda
10:59 / 17.12.2023