O‘zbekiston | 15:31 / 01.02.2020
19575
2 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Aqqulov Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘ldi

Prezident qarori bilan Aqqulov Abdulaziz O‘rolboyevich Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Bu lavozimda ishlab kelgan Ulug‘bek Qosimxo‘jayev boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan 29 yanvar kuni lavozimidan ozod etilgan edi.

Yanvar oyida hukumat tuzilmasida Bosh vazir o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi lavozimi joriy etilgan, bu vazifa Aziz Abduhakimovga topshirilgandi.

Bunga qadar qo‘mitaga 2018 yildan buyon Abdulaziz Aqqulov rahbarlik qilib kelayotgan edi. U o‘sha yili may oyida rais o‘rinbosari, noyabrda esa rais vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan.

Aqqulov 1985 yilda tug‘ilgan, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini 2005 yil bakalavr, 2007 yil magistratura bosqichini «Xalqaro turizm menejmenti» yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.

Faoliyati davomida «O‘zstandart» agentligi Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy tadqiqot instituti mutaxassisi (2005-2006), «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi «Tur servis standart» DUK mutaxassisi, yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, korxona direktori (2006-2011), «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi bosh mutaxassisi, boshqarma boshlig‘i v.b., boshqarma boshlig‘i (2011-2017) sifatida ishlagan.

Shundan so‘ng 2017 yil yanvaridan 2018 yil mayiga qadar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Mavzuga oid