Hamma telefonga bir xil quvvatlagich. Apple nega Yevroparlamentning taklifiga qarshi?
30 yanvar kuni Yevroparlamentda qiziq mavzu ko‘tarildi. Yevrodeputatlar Yevropa Ittifoqiga olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan telefon, planshet, fotoapparat va boshqa elektron uskunalar uchun yagona quvvatlash moslamasi ishlab chiqish taklifini bildirishdi. Yevroparlamentda nima uchun bu mavzu ko‘tarildi? Apple’ga bu g‘oya nega yoqmayapti?
2009 yilda ham bu mavzu ancha jiddiy tus olgan va barcha telefonlar Micro-USB ko‘rinishidagi yagona quvvatlash tizimiga o‘tishi kutilgandi, ammo o‘shanda ishlab chiqaruvchilar mavjud 30 xil quvvatlash tizimidan voz kechib uch xil tizimga o‘tgandi. Keyinchalik bu mavzu 2014 yilda ham muhokama qilindi, oxir-oqibat hamma o‘z quvvatlagichini o‘zi tanlaydigan bo‘ldi.
Bu gal esa Yevroparlamentdagilar barcha telefonlarni bir xil quvvatlagichlarga o‘tkazmoqchi. Ya'ni, ittifoq hududida ishlab chiqariladigan va YeIga olib kiriladigan har qanday telefon bir xil quvvatlash tizimiga ega bo‘lishi kerak. Masalan, Samsung telefonini iPhone’ning quvvatlovchi uskunasi orqali ham zaryadlash mumkin bo‘ladi.
Yiliga 51 ming tonna chiqindi
Bilasiz, Yevropa Ittifoqi ekologiya masalalariga juda jiddiy qaraydi, Yevropa banklari ham ekologiyani asraydigan, energiya tejamkor loyihalarni ikkilanmay moliyalashtirishadi. Yevroparlament vakillarining hisob-kitoblariga ko‘ra, telefon quvvatlagichlarning har xilligi va tez-tez o‘zgarishi yiliga 51 ming tonna ortiqcha chiqindi paydo qilyapti. Barcha telefonlarning bir xil quvvatlagichda bo‘lishi bunday chiqindilar kamayishiga sabab bo‘ladi.
Yevroparlament deputati Ivars Iyabs bu borada shunday dedi: «Telefonlar uchun har safar yangi quvvatlagich sotib olish iste'molchilarga qimmatga tushadi. Yevropa Ittifoqi telefonlar uchun yagona quvvatlagich ishlab chiqish talabini tezlashtirish orqali odamlarning hayotini osonlashtirishimiz kerak».
Apple nega bunga qarshi?
AQShning Apple kompaniyasi Yevroparlamentning bu taklifini ma'qullamadi. Apple bu qaror innovatsiya yo‘lini to‘sishini iddao qilmoqda. Bundan tashqari, korxona yevrodeputatlarga o‘zlarining gaplari bilan boplab javob berdi: «Apple innovatsiyani qo‘llab-quvvatlaydi. Yevropa Ittifoqining bu taklifi iste'molchilarga zarar keltirish bilan birga texnologiya rivojining yo‘lini to‘sadi. Lighiting quvvatlov tizimidan dunyoda milliarddan ziyod inson foydalanadi. Yangi quvvatlagichlar o‘rnatilishi esa juda katta miqdorda chiqindilarni keltirib chiqarishi mumkin».
YeI deputatlari chiqindilar ko‘payishi haqida gapirayotganda Apple bu qaror yanada ko‘proq chiqindi paydo bo‘lishiga olib keladi deb hozirjavoblik qildi.
Ma'lumot uchun, Apple 2009 yilda 10ta yirik korporatsiyalar bilan memorandum imzolagan va unga ko‘ra quvvatlov tizimini micro-USB’ga o‘tkazish majburiyatini olgandi. Korxona bu majburiyatni har bir telefoniga maxsus adapter qo‘shib berish orqali bajargandi. Lekin agar Yevroparlament qaror qabul qilsa, Apple talabni bajarishga majbur bo‘ladi, chunki YeIdagi juda katta miqdordagi mijozlarini yo‘qotib qo‘yishi mumkin.
Bu Xitoyga zarba emasmi?
O‘z-o‘zidan bunday qaror Xitoy uchunmi deb o‘ylash tabiiy, chunki dunyo bo‘ylab telefon quvvatlagichlari (ayniqsa arzon quvvatlagichlar) ishlab chiqarishda Xitoy yetakchi hisoblanadi. Dunyoning qaysi nuqtasiga boring original quvvatlagichlardan arzon bo‘lgan Made in China yozuvli zaryadlash uskunalarini ko‘rasiz. Tabiiyki, arzonroq bo‘lgan Xitoy mahsulotlari originallaridan ko‘proq sotiladi...
Mavzuga oid
08:10 / 15.11.2024
Apple BBC, The Insider va "Exa Moskvy" podkastlarini Rossiyada yashirib qo‘ydi
23:31 / 14.11.2024
iCloud mijozlari Apple kompaniyasini sudga berdi
16:54 / 13.11.2024
Apple iPhone narxidagi kitobini chiqardi
11:28 / 10.11.2024