O‘zbekiston | 11:10 / 03.02.2020
11557
3 daqiqa o‘qiladi

Komilov: O‘zbekiston va AQSh hamkorligi o‘zining rivojlanish cho‘qqisida turibdi

O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari o‘z rivojlanishining cho‘qqisiga chiqqan. Bu haqda Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo bilan muzokaralar yakunida jurnalistlar uchun matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Toshkentdagi «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasida O‘zbekiston – AQSh ikki tomonlama muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Yopiq eshiklar ortida ikki soat davom etgan uchrashuvda O‘zbekiston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, hamkor mamlakat delegatsiyasiga AQSh Davlat kotibi Maykl Pompeo boshchilik qildi.

Muloqot chog‘ida Vashington shahrida 2018 yil may oyida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – AQSh sammiti doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosi, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari turli sohalardagi o‘zaro manfaatli aloqalar mustahkamlanayotganligi va jadal rivojlanayotganligini mamnuniyat bilan ta'kidlashdi. Shu nuqtayi nazardan, so‘nggi ikki yil ichida savdo hajmi ikki baravar o‘sgani qayd etildi. 

AQSh Davlat kotibi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, jamiyatni demokratlashtirish, iqtisodiyotni liberallashtirish va qonun ustuvorligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. 

Muzokaralarda madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni kengaytirish, diniy erkinlikni ta'minlash va majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha olib borilayotgan choralarga alohida e'tibor qaratildi. 

«Men ishonch bilan aytishim mumkinki, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik o‘z rivojining cho‘qqisiga chiqqan. Munosabatlar barqaror va kutilgan sur'atlarda rivojlanmoqda. Kelgusi harakatlarimiz strategik sheriklikning o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini topishga qaratilgan bo‘ladi», – deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Shu bilan birga, TIV rahbari tomonlar ikki tomonlama munosabatlardagi «muammoli holatlar»ni hal qilish ustida ishlashni davom ettirishini qayd etib o‘tgan.

«AQSh mamlakatimizda so‘nggi yillarda diniy erkinlikni ta'minlash, majburiy va bolalar mehnatiga barham berish, fuqarolar huquqlarini himoya qilish va so‘z erkinligini ta'minlashda erishilayotgan ijobiy natijalarni yana bir bor e'tirof etdi. Biz kun tartibida turgan va hal etilishi kerak bo‘lgan boshqa masalalar bo‘yicha muloqotni davom ettiramiz», degan vazir.

2 fevral kuni kechqurun O‘zbekistonga kelgan AQSh Davlat departamenti delegatsiyasi bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinishi kutilmoqda.

Mintaqa davlatlari tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari va AQSh Davlat kotibi ishtirokida «Markaziy Osiyo – AQSh» («C5+1») shaklidagi vazirlar uchrashuvini kunning ikkinchi yarmida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid