Sport | 23:32 / 03.02.2020
96930
8 daqiqa o‘qiladi

«Nega Tokio olimpiadasiga andijonlik boksyorlar bormayapti?» – Mars Qo‘chqorov izohi

Olimpiada litsenziyasi uchun kurashadigan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Andijon boks maktabi vakillari yo‘q. Taniqli murabbiy Mars Qo‘chqorov buning sabablari haqida fikr bildirdi.

Mars Qo‘chqorov. Sportga ozgina oshno yoki boks haqida tushunchasi bor odam bu mutaxassisni albatta taniydi. Bir so‘z bilan aytganda – Mars Galiyevich afsonaviy boks murabbiyi.

Mars Qo‘chqorov

U olimpiada chempioni va sovrindorlarini, jahon va qit'ada eng kuchli deya tan olingan bokschilarni yetishtirib chiqargan va hozirda ham murabbiylik ishini davom ettirmoqda. Muhammadqodir Abdullayev, O‘tkir Haydarov, Ruslan Chagayev, Sergey Mixaylov singari jahon boksida dovrug‘ taratgan sportchilar ham Mars Qo‘chqorov qo‘l ostida tarbiya topgan.

Murabbiy dunyoning ko‘plab mamlakatlarida faoliyat yuritgan bo‘lib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, ikkinchi darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibidir.

Ma'lumki, Andijon boks maktabi nafaqat O‘zbekistonda, balki jahonda ham kuchli maktablardan sanaladi. Bundan 20 yil oldin, 1999 yil AQShning Xyuston shahrida bo‘lib o‘tgan boks bo‘yicha jahon chempionatida Andijonda tarbiya topgan uch bokschi ishtirok etib, ikki nafari chempion, biri esa kumush medal egasi bo‘lgan. Shundan beri an'ana davom etib kelmoqda.

Olimpiada chempioni Hasanboy Do‘smatov, jahon va qit'a miqyosidagi musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘lib kelayotgan Jasur Latipov va Iqboljon Xoldorovlar ham shu maktab vakillaridir.

Biroq Tokio olimpiadasi sari  yo‘llanma uchun kurashadigan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, unda andijonliklarni ko‘rmaymiz. Mars Qo‘chqorovdan Andijon boks maktabidagi bu turg‘unlik sabablari haqida izoh berishini so‘radik.

Mavjud muammolar va Iqbol Xoldorov sparring bahsda Elnur Abduraimovni yutgani haqida

Taniqli murabbiy bilan u faoliyat yuritayotgan Andijon olimpiya zaxiralari maktab-internatining mashg‘ulot zalida suhbatlashdik.

«Bizning lider bokschilarimiz – Hasanboy Do‘smatov, Jasurbek Latipovlar professional boksga o‘tib ketdi. Ularni ushlab qolishning iloji yo‘q edi. Yana vazn toifalari o‘zgardi. Endi 49 kilogramm vazn toifasi yo‘q. 52da esa kuchli bokschilar ko‘p bo‘lib, bu yerda raqiblarning bo‘ylari uzun, zarbalari kuchliroq. Qisqasi butunlay boshqa vazn.

Hasanboy – professional bokschi. U har qanday vaznga moslashib keta oladi. Hozir AQShda shug‘ullanib yana ham mahoratini oshiribdi.

Jasur Latipovda oilaviy tashvishlar yuzaga kelgandi. Onasi og‘ir kasal bo‘lib vafot etdi. Unda stressli holat bo‘ldi.

Iqboljon Xoldorov Tailandga musobaqaga borganida ko‘zidan jarohat oldi. Keyin operatsiya bo‘lib, tiklanish jarayonini boshdan kechirgan.

U vaznini 69 kg.dan 64ga tushirishiga to‘g‘ri keldi. Elnur Abduraimov bilan sparring bahsi yopiq holda o‘tgan. O‘tkir Haydarov bilan Abduvohid Jalolov sekundantlik qilishdi. Ular uch raundda ham Iqboljon Xoldorovning yutganini aytishdi. Men ularga ishonaman. (Murabbiy O‘tkir Haydarov bilan suhbatlashganimizda u ham Iqbolning qo‘li baland kelganini tasdiqladi)

G‘alati holat. Menimcha, sparring bahsi bo‘lishidan oldin kim yutishi aniq bo‘lgan. Iqbol Xoldorov darajasidagi zo‘r bokschini chetga chiqarib qo‘yish juda achinarli holat. Ko‘zi operatsiya bo‘lganidan keyin, hindistonlik jarroh musobaqalarga ruxsat bergach, Iqbolga terma jamoa vrachi «Aynan boksga ruxsat deyilmagan», deb ham sarson qilgandi.

Elnurga umuman qarshiligimiz yo‘q. Omadini bersin. Saralashda yutsin, g‘alabalarga erishsin biz xursand bo‘lamiz. Chunki u ham o‘zimizniki. Qisqasi, Andijon boksida shunday pastlash jarayonida», – deydi murabbiy.

«Sharoitlarimiz yaxshi emas...»

Andijon boks maktabida pasayish kuzatilayotganiga to‘xtalgan Mars Qo‘chqorov vaziyatga quyidagicha izoh berdi:

«Hozir Andijon viloyatida 3 ming nafar boks bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bor. Bu katta raqam. Umumiy soni esa 5 ming nafar.

Birinchi navbatda boks bilan shug‘ullanayotgan bolalarga sharoit yaratib berilishi kerak. Mana qarang, olimpiya zalimiz sovuq, ikkalamiz ham «kurtka»da o‘tiribmiz.

Hozir qo‘llarim ham sovqotyapti. Qish kirishi bilan bolalarimiz o‘rtasida epidemiya singari shamollash boshlandi. Tashqari manej sovuq, isitilmaydi. Yangi yotoqxona qurildi. Judayam chiroyli. Biroq, u yerda ham gaz yo‘q. Xonalar sovuq.

Ikkinchisi, biz bolalar bilan musobaqalarga boramiz. Bu ham muammolarga to‘la jarayon. Oldinlari musobaqaga ketishimizdan oldin, safar xarajatlarini berishar edi. Hozir esa, «Siz borib keling, keyin beramiz», deyishadi. Bu noto‘g‘ri axir. Murabbiylar o‘tgan yili mart oyida borgan musobaqa uchun safar xarajatini hali olgani yo‘q. Bu sharoitda qanday o‘sish bo‘lsin?

Yaxshi bokschi tayyorlash uchun bir yilda eng kamida 4ta musobaqa kerak! Bizda bir dona musobaqa bor. Yoshlar toifasida O‘zbekiston birinchiligi. Chet eldagi katta turnirlarga faqat terma jamoa a'zolari boradi. Chetdagi boshqa musobaqalarga borish ota-onalarga, trenerga yuklanyapti. O‘zimiz olib borishimiz kerak. Qiyinchilik-ku bu? Boks yana orqaga ketib qolyapti.

Federatsiyamizda pul yo‘q. Inventarlar ham yetarli emas. O‘tgan yili sog‘lom turmush tarzi haqidagi videolavha tanlovi bo‘yicha klip tayyorlab, 50 million so‘m yutganmiz. O‘sha pullarga mana shu  boks «meshok»larini sotib oldik va tumanlarga ham tarqatdik.

Viloyatimiz hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham 50 millionlik inventar olib berdi. «Samo» korxonasi ring, boks qo‘lqoplariga muntazam yordam beryapti. Lekin, bular – bir martalik yordamlar.

Andijon boks maktabini rivojlantirish uchun doimiy ravishda moliyalashtirilib turuvchi tizim zarur va kerak», – deydi u.

«Boksimiz sport turizmini rivojlantiryapti»

Mars Qo‘chqorov Xitoy, Tayvan, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iziston kabi sportning boks turi rivojlangan davlatlarning sportchilari Andijonga kelib, mashg‘ulot o‘tishga juda qiziqishlarini aytib o‘tdi.

«O‘tgan yili Qozog‘iston va Xitoydan sportchilar kelib mana shu manejimizda shug‘ullanishdi. Bir vaqtni o‘zida 120 bokschi bilan ham shug‘ullandik.

Ular bizning Andijon boks maktabidan o‘rgangani kelishadi. Biz ham ulardan o‘rganamiz. Ular bizlardagi mehmonxona, oziq-ovqat, transport narxlarining arzonligidan hayron bo‘lishadi. Bemalol xalqaro turnirlar tashkil qilishimiz mumkin.

Andijonning deyarli barcha tumanlarida juda ham ko‘p talantli bokschilar yetishib chiqyapti. 50-60ga yaqin murabbiylar bor. Ular bilan birgalikda ish olib boryapmiz.

Niyatimiz – 2024 yildagi olimpiada bahslariga munosib sportchilar yetkazib berish. Lekin, buning uchun yaxshi sharoit va qattiq mehnat qilishimiz kerak», – deydi Mars Qo‘chqorov.

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov, Andijon.

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish