Jamiyat | 15:48 / 03.02.2020
11214
2 daqiqa o‘qiladi

«Pokiza insonlar» aksiyasi Samarqandda (foto)

Bugun, bir guruh ko‘ngillilar tomonidan o‘tkazib kelinayotgan «Pokiza insonlar» aksiyasi ilk bor Samarqand shahrida o‘tkazildi. Kun.uz muxbiri ushbu aksiyada qatnashib, ko‘ngillilar tomonidan Samarqand shahri ko‘chalarini toza va ozoda bo‘lishiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish boshqarmasi ishchilariga, ular ishlab turgan joylarda issiq ichimlik, yegulik, qo‘lqop va issiq paypoq tarqatilishining guvohi bo‘ldi.

Samarqanddagi aksiya tugaganidan so‘ng, tashabbuschilardan biri Shavkat Hasan bilan suhbatlashib, undan taassurotlarini so‘radik:

«Pokiza insonlar» aksiyasi bahonasida qadimiy va navqiron Samarqand shahriga kelganimizdan xursandmiz. Samarqand shahri ozodaligi uchun shunday sovuq kunlarda ham mehnat qilayotgan insonlarga ozgina bo‘lsa ham mehr ulashgimiz keldi.

Ko‘chalarimizni supurib, tozalab yurgan insonlarga ozgina bo‘lsa ham e'tibor berish va ularga dalda bo‘lish uchun aksiya o‘tkazish masalasida ijtimoiy tarmoqlarda e'lon berdik. Ko‘plab insonlar chaqiruvimizga «labbay» deb javob berdi. Toshkentda har payshanba kuni aksiya o‘tkazib kelyapmiz.

Boshqa viloyatlarda o‘tkazilayotgan aksiyalarni o‘sha viloyatlardagi ko‘ngillilarning o‘zlari qilishmoqda va ijtimoiy tarmoqlarda bizni ham o‘z hududlariga tez-tez chaqirishadi. Shu chaqiruvlar ortidan bugun Samarqandga keldik. Yaqin muddatlarda Jizzax va Buxoro shaharlariga borishni mo‘ljal qilayapmiz». 

Obodonlashtirish xodimlaridan bu aksiya haqida fikrlarini so‘radik. Ularning aksariyati bu aksiyani o‘tkazayotgan insonlarning o‘zlariga qaratayotgan e'tiboridan boshi osmonda ekanini aytib, aksiya tashkilotchilaridan iloji boricha odamlar ko‘cha-kuylarga chiqindi uloqtirib ketmasliklari uchun bu masalada ko‘proq targ‘ibot o‘tkazishni iltimos qilishdi: «Agar odamlar ko‘cha-kuylarga chiqindi uloqtirishni to‘xtatsa, bu bizga berilgan eng katta yordam bo‘lardi», deyishdi ular.

Mavzuga oid