O‘zbekiston | 23:27 / 05.02.2020
10099
2 daqiqa o‘qiladi

Qurilishi tugallangan obektlardan foydalanishga ruxsat berish bo‘yicha mavjud tartiblar bekor qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Qurilish-montaj ishlari sifatini tubdan yaxshilash va qurilishni nazorat qilish tizimini takomillashtirish choralari to‘g‘risida​»ga qarori qabul qilindi. Qaror matni O‘zAda e'lon qilindi.

Prezident qaroriga ko‘ra:

2020 yil 1 martdan boshlab budjet tizimidagi budjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan obektlardan tashqari kapital ta'mirlash obektlarida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha talablar bekor qilinadi.

Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan obektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, ularni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha mavjud tartib-taomillar quyidagi muddatlarda bosqichma-bosqich bekor qilinadi:

·       moliyalashtirish manbalaridan qat'i nazar, xavf-xatar toifasi past obektlar uchun — 2020 yil 1 maydan;

·       davlat xaridlari sub'yektlarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan obektlar uchun — 2022 yil 1 yanvardan;

·       boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan obektlar uchun — 2021 yil 1 yanvardan.

Obektlarni foydalanishga qabul qilish uchun ruxsatnomalar berish tartibi tatbiq qilinguniga qadar Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar qurilishi tugallangan obektlarni (davlat xaridlari sub'yektlarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan obektlardan tashqari) foydalanishga qabul qilish jarayoniga davlat sanitariya nazorati va davlat yong‘in nazorati hududiy organlarini jalb qiladi hamda ular obektlarni qabul qilish muddatlari doirasida Inspeksiya va hududiy inspeksiyalarga obektning sanitariya normalari va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa taqdim etishi belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda qurilishi tugallangan obektlarni foydalanishga qabul qilishda hududiy inspeksiyalarning davlat sanitariya va yong‘in nazorati hududiy organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibini ishlab chiqadi.

Mavzuga oid