Jamiyat | 14:42 / 06.02.2020
24193
6 daqiqa o‘qiladi

Andijon tumanidagi mijoz elektrdan haqi bo‘la turib, nega qarzdor bo‘lib qoldi?

Kun.uz tahririyatiga Andijon viloyati Andijon tumani «Oyjamol» MFYda yashovchi Hikmatillo Ashurovdan murojaat kelib tushdi. U xonadonida ishlatilgan elektr energiyasiga muntazam to‘lov qilib borsa ham, unga tuman MIB tashkiloti tomonidan shu yil 14 yanvar kuni 397 ming so‘m qarzdorlikni to‘lash to‘g‘risida talabnoma kelganidan shikoyat qilgan.

Hikmatillo Ashurovning hisob-kitobi va o‘zidagi mavjud kvitansiyalarga ko‘ra, aslida u elektrdan haqdor bo‘lishi kerak ekan.

Andijon tumani «Oliygoh» ko‘chasiga borib, Hikmatillo Ashurovning arziga quloq tutdik.

«2012 yil Andijon tumani «Elektr tarmoqlari» korxonasi xodimlari tomonidan biz yashayotgan mahalladagi barcha xonadonlarga eski rusumdagi elektr hisoblagichlari o‘rniga plastik (Smart) kartada ishlovchi (DDSY283-rusumli) hisoblagichlar o‘rnatilgan edi.

Axir ish joyim Toshkent Davlat Agrar universiteti Andijon filiali buxgalteriyasidan Vazirlar Mahkamasining 1031-qarori bilan o‘z arizamga asosan ish haqimdan va dadamning ish joyidan ham xuddi shu tarzda ushlangan mablag‘lar elektr tarmoqlari korxonasi hisob raqamiga (abonent №1059-083) muntazam o‘tkazib kelingan. Har oydagi kvitansiyalarni ish joyimizdan olib, ushlangan summadagi kVt.ni elektr plastik kartaga yuklab, iste'mol qilib kelganmiz. Barchamizga ma'lum, plastik kartali hisoblagichlardan foydalanganda mijoz qarzdor bo‘lib qolishi mumkin emas. Hisoblagichning kartadagi mablag‘i tugashi bilan elektr o‘chib qoladi.

2019 yil oktabr oyida hisoblagichlar dalolatnoma asosida yangi ASKUE tizimidagi hisoblagichga almashtirildi.

Qo‘limdagi kvitansiyalar bo‘yicha elektrdan yangi hisoblagich o‘rnatilgan vaqtga nisbatan 1 mln 300 ming so‘mdan oshiqroq haqdor edim. Lekin joriy yil 14 yanvar kuni MIB xodimi uyimizga kelib, yangi hisoblagich bo‘yicha iste'mol qilingan 3042 kVt elektr energiya uchun 397 365 so‘m qarzdorlik haqidagi talabnomani tashlab ketdi.

MIB xodimlariga foydalanilmagan kvitansiyalarim borligi, qarzdor bo‘lishim mumkin emasligini aytganimda, Andijon tumani «Kuyganyor hududiy elektr tarmoqlari» korxonasiga borib, aniqlik kiritishim kerakligini aytishdi. Korxonaga bir necha bor murojaat qilishimga qaramay, muammo hal bo‘lmadi. Foydalanilmagan kvitansiyalar bo‘yicha aniqlik kiritib bera olishmadi. Natijada men 1 mln 300 ming so‘mdan oshiqrok miqdorda haqdor bo‘la turib, 397 365 so‘m qarzdor deb topilyapman. Foydalanilgan 3042 kVt elektr energiyasining har kilovatti 295 so‘mdan jami 900 ming so‘m bo‘lganda ham, men 400 ming so‘m haqdor bo‘lishim kerak edi. Haqdor bo‘lsamda tuman MIB tomonidan uch-to‘rt marta kelib, «Qarzingizni to‘lang», deb ogohlantirib ketishlaridan hayron bo‘lib qoldim. Asabbuzarliklardan so‘ng sizlarga murojat qildim», deydi u.

«Hududiy elektr tarmoqlari» korxonasida

Bu masalaga aniqlik kiritish maqsadida Andijon tumani «Kuyganyor hududiy elektr tarmoqlari» korxonasida bo‘lib, muassasa injyeneri yordamchisi Hayotbek O‘saraliyevdan muammoli holatga oydinlik kiritishini so‘radik.

Mutasaddi Hikmatillo Ashurov korxonaga bir necha bor kelgani va xodimlar uning murojaati bo‘yicha aniq ma'lumot bera olmaganini tan oldi. «Ayni paytda esa avvalgi hisob-kitob dasturi ishdan chiqqani sababli eski ma'lumotlarni tiklash va solishtirishning imkoni bo‘lmayapti», deydi u.

Hikmatillo Ashurovning «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ maishiy iste'molchilar shaxsiy kabinetida to‘lov holatlari aks etgan jadval ma'lumotlari va mijozda to‘plangan to‘lov kvitansiyalari solishtirilganida, barcha to‘langan mablag‘lar shaxsiy kabinetda ko‘rinib turgani, biroq mijozning plastik kartasiga tushmagani ma'lum bo‘ldi. Mijoz o‘z vaqtida to‘lagan pullar plastik kartasiga dastur orqali tushmagan. Pullar plastik kartaga vaqtida tushirilmagani oqibatida mijoz haqdor bo‘lsada qarzdorga aylangan.

«Ayni paytda o‘sha plastik (smart) karta egalarining ma'lumotlari joylangan kompyuterimiz ishdan chiqqan. Shuning uchun muammoga aniqlik qirita olmayapmiz. Lekin, mijoz qo‘lida pul to‘langani haqidagi kvitansiyasi bilan kelsa xatlov orqali yechim topishimiz mumkin», deydi O‘saraliyev.

Hikmatillo Ashurov esa kvitansiyalarini ko‘tarib korxonaga ko‘p marta borgani, lekin, natijasi bo‘lmaganini aytmoqda.

Qolaversa, korxona hisobchilari bilan mijozning qo‘lidagi kvitansiyalar oddiy xomcho‘t qilib chiqilganida ham uning qarzdor emasligi ko‘rinib qoldi, buni korxona hisobchilari ham tan olishdi.

Ajablanarlisi, hududiy elektr tarmoqlari o‘z kompyuteridagi ma'lumotlar bazasi ishdan chiqqan bo‘lganini bilsa ham mijozni qarzdor qilib qo‘ygan. Mutasaddilar holatni tushuntirib ham bera olishmadi. Faqat, «hal qilib beramiz», degan javob bilan qutulishdi.

Muammoni-ku hal qilib berishar, biroq mijozning ko‘p kunlar davomida ovoragarchilik va asabbuzarlikda sarson bo‘lgani qoldi.

Sarvarbek Nazarov
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid