O‘zbekiston | 20:38 / 07.02.2020
15304
2 daqiqa o‘qiladi

«Kontrakt to‘lovi aslida 74 foizga oshirilishi kerak edi» - Vazir o‘rinbosari

Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonovning fikricha, O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalarida kontrakt narxlari yetarli miqdorda oshirilmagan.

Bugun, 7 fevral kuni, Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vazirligida  hukumat qaroriga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Moliya vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Nodir Musliddinov kontrakt to‘lovi 18 foizga oshirilganiga izoh berdi.

«Kontrakt to‘lovlari OTMning ko‘rsatgan xizmatlari xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Bu xizmat tannarxiga nimalar kiradi? Eng avvalo, professor-o‘qituvchilarga to‘lanadigan oylik maoshlari. Shu bilan birga, binoning moddiy-texnika bazasini shakllantirish ham qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi.

Talabalarning to‘laydigan kontrakt miqdorining taxminan 90 foizi o‘qituvchilar oyligiga sarflanadi. O‘qituvchilar ish haqi 2018 yilning 1 sentyabridan 25 foizga, 2019 yil 1 yanvaridan 20 foizga, 1 iyuldan boshlab yana 25 foizga oshdi. Umumiy hisobda oylik ish haqlari 2,5 baravarga oshdi. Shunga monand ravishda, kontrakt to‘lovi atigi 18 foizga oshirildi. Lekin bu to‘lovlar OTMlar xarajatlarini qoplamaydi. Davlat budjetidan qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirilmoqda», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy va o‘rta-maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov ham bu masalaga o‘z munosabatini bildirdi.

«2019 yil sentabr oyidan ish haqi, nafaqalar stipendiyalar 10 foizga oshirildi, lekin kontrakt to‘lovlari 18 foizga ko‘tarildi. Aslida, xarajatlarga monand to‘lovlar ham 74 foizga oshirilishi kerak edi. Ammo to‘lanayotgan kontrakt puli talabalarning ijtimoiy himoyasi hisoblanadi. Shuni hisobga olib kontrakt to‘lovi atigi 18 foizga oshirib qo‘yildi», deydi u.

Bundan avvalroq vazirlik o‘quv yilining ikkinchi yarim yili uchun kontrakt miqdorlari o‘zgarishi mumkinligini bildirgandi.

Mavzuga oid