O‘zbekiston | 08:57 / 08.02.2020
2515
3 daqiqa o‘qiladi

Mineral o‘g‘itlarning yangi ishlab chiqarilishini barpo etishga imtiyozlar yordam beradi

Prezident 2020 yil 6 fevraldagi tegishli PQ-4587-son qarorni imzoladi.

 Qaror kimyo tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatli murakkab va fosforli mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish maqsadida qabul qilingan, deb yozmoqda Norma.
 
Davlat rahbari Hukumat taklifiga rozilik berdi va Soliq kodeksining 75-moddasiga asosan unga tegishli huquqdan foydalangan holda “Samarqand viloyatida murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish kimyoviy majmuasini barpo etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etdi.
 
Imtiyozlar 2023 yil 1 fevralgacha bo‘lgan muddatga joriy etiladi va quyidagilardan iborat:

jalb qilinadigan O‘zbekiston norezidentlari-yuridik shaxslari uchun foyda solig‘i (shu jumladan, to‘lov manbaida ushlab qolinadigan foyda solig‘i) stavkasini hamda O‘zbekiston norezidenti-jismoniy shaxslar uchun JShDS stavkasini 50 foizga kamaytirish;

alohida ro‘yxatga muvofiq olib kiriladigan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan asbob-uskunalar, maxsus texnikalar, mashina va mexanizmlar, komplekt buyumlar va uzellar, butlovchi qismlar, xomashyo va materiallar, texnologik uskunalar, priborlar, dasturiy ta'minot, texnik hujjatlar hamda yoqilg‘i-moylash materiallarini bojxona bojidan ozod qilish hamda ushbu tovarlar uchun aksiz solig‘i stavkasini 50 foizga kamaytirish.
 
Mazkur loyihani amalga oshirish 2019-2030 yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 5 fevraldagi 61-son qarorida nazarda tutilgan. Natijada “Samarqandkimyo” AJ negizida ammiak, karbamid, ammoniy sulfati va melamin ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Kiprning “Ferkensco Management Limited” kompaniyasi xorijiy investor bo‘ladi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar summasi – kamida 200 mln dollar. Loyihaning ishlab chiqarish quvvati – yiliga 600 ming tonna mineral o‘g‘itlar. Yangi ish o‘rinlari soni – kamida 500ta.
 
Hujjat 7.02.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid