Sport | 22:12 / 09.02.2020
14633
2 daqiqa o‘qiladi

Aziz G‘aniyev raqibga aylanadigan o‘yin. «Paxtakor» mavsumdagi ilk sinovga tayyormi?

Ertaga, 10 fevral kuni «Paxtakor» OChLning yangi mavsumidagi ishtirokini boshlaydi. Futbolimiz bayroqdorining ilk raqibi BAA chempionati yetakchisi «Shabob Al Ahli» jamoasi bo‘ladi. «Paxtakor» mavsumdagi ilk o‘yiniga tayyormi?

Foto: Ma'ruf Asqarov / Tribuna.uz

Bugun, 9 fevral kuni har ikki jamoa «Paxtakor» stadionida mashg‘ulot o‘tkazishdi. Darvoqe, «Paxtakor» stadioni yopilishi kerak edi, ammo uning o‘rnida yangi stadion qurilishi haqidagi gaplar shunchaki shov-shuv bo‘lib chiqdi. Bugungi mashg‘ulotlar vaqtida barchaning e'tibori «Shabob Al Ahli» futbolchisi Aziz G‘aniyevda bo‘ldi. Yaqindagina BAA jamoasi safida o‘tgan Aziz yangi jamoasidagi ilk o‘yini O‘zbekistonda o‘tkazishi mumkin.

«Shabob Al Ahli» ayni damda BAA chempionatida yetakchilik qilmoqda. Ahmad Halil 16-turdan keyin 36 ochko bilan 1-pog‘onaga joylashgan. Jamoa murabbiyi Aziz G‘aniyev bu o‘yinga tayyorligini, ammo hali jamoa uslubiga tushib olishi kerakligini aytdi. Bu esa Aziz katta ehtimol bilan ertaga asosiy tarkibda tushmasligini bildiradi. Ammo murabbiy uni ikkinchi tarkibda tushirishini ham istisno qilmaymiz.

«Paxtakor» haqida gapiradigan bo‘lsak, Arveladze jamoasi juda yaxshi holatda. Milliy jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramov ham «Paxtakor»chilarni BAAdagi yig‘inga chaqirmay ularga yana yengillik berdi. «Paxtakor» futbolchilari yaxshi xordiq olib mavsumga tayyorlanishdi. Mavsumoldi yig‘in ham issiq BAAda o‘tkazildi. Arveladze jamoasi Eren Derdiyukdek kuchli hujumchi bilan kuchaydi. Katta ehtimol, «Paxtakor» 4-2-3-1 taktikasida o‘ynashni davom ettirsa kerak. Bu sxemada Derdiyuk hujumning oldingi chizig‘ida o‘ynaydi. Cheran, Hamdamov va Masharipov esa hujumkor uchlikni tashkil qiladi.

Quyida «Paxtakor» va «Shabob Al Ahli» jamoalarining mashg‘ulotidan tayyorlangan fotogalereyani tomosha qilishingiz mumkin.

Ma'rufjon Asqarov olgan suratlar

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid