O‘zbekiston | 17:20 / 11.02.2020
59499
23 daqiqa o‘qiladi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Haj va Umra bo‘yicha Kun.uz savollariga javob qaytardi

Foto: TASR/AP

Kun.uz Haj va Umra ziyorati bo‘yicha aholidan kelib tushayotgan murojaatlarga asosan, Hajga borishning amaldagi tartibi va Umra ziyoratida ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan aholining fikrlari aks etgan materiallarni chop etgan edi.

Shuningdek, 7 fevral kuni bir necha xususiy turfirmalar rahbarlari bilan intervyu e'lon qilingan, unda turfirma rahbarlari Umra uchun viza olisha olmayotganini bildirishgandi.

Shundan so‘ng tahririyat mazkur masalalar yuzasidan to‘planib qolgan savollar bilan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga murojaat qildi. 11 fevral kuni qo‘mita matbuot xizmati mazkur savollarga javob taqdim etdi.

1-savol: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli farmoyishida Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda bozor mexanizmlarini joriy etish, ko‘rsatiladigan xizmatlar narxini arzonlashtirish kerakligi alohida qayd etilgan. Hujjatning 2-ilovasi, 1-bandida umra tadbirining turistik firmalar tomonidan tashkil etilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifa etib belgilangan. Biroq o‘tgan vaqt davomida nima sababdan xususiy sektorning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishi, ya'ni viza olishi va Toshkent-Jidda yo‘nalishidagi aviaqatnovlardan foydalanishiga yo‘l bermayapti? Bu borada monopoliya bekor qilinmayotgani nima bilan izohlanadi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli Farmoyishida belgilangan topshiriqlar ijrosi bajarilgan. Xususan:

2019 yil Haj va Umra mavsumlarida ko‘rsatiladigan xizmatlar narxlari sezilarli darajada arzonlashtirildi va bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning rasmiy saytida e'lon qilindi.

Umra tadbirini turistik firmalar tomonidan tashkil etilishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish hamda Saudiya Arabistonida faoliyat olib borayotgan firmalarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimov boshchiligida ishchi guruhi tuzildi hamda 2019 yilning 8-15 mart kunlari mazkur guruhning Saudiya Arabistoniga xizmat safari amalga oshirildi.

Ishchi guruhi tomonidan Saudiya Arabistonida faoliyat yurituvchi shirkatlar imkoniyatlari o‘rganildi va belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ma'lumot kiritildi.

Ishchi guruhi xulosasiga ko‘ra, Haj va Umra tadbirlari sof diniy amallar bo‘lganligi sababli, ushbu ziyoratlarni mazkur yo‘nalishga respublikada mas'ul bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq, deb topildi.

Toshkent-Jidda yo‘nalishidagi aviaqatnovlarga chipta sotish masalasi «Uzbekistan Airways» AJ faoliyatiga kirishini e'tiborga olib, masala yuzasidan mazkur tashkilotga murojaat qilish tavsiya etiladi.

2-savol: Vazirlar Mahkamasining 154-F-sonli farmoyishida 2020 yildan boshlab 2000 dan ortiq ziyoratchilarga umra safarini tashkil etgan turizm faoliyati sub'yektlariga Haj tadbirlarini tashkil etish huquqini berish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan edi. Bu vazifaning ijrosi ta'minlandimi? Tashqi turizm sohasidagi xususiy sektor vakillariga Umra va Haj ziyoratini tashkillashtirish huquqi beriladimi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli farmoyishiga asosan tuzilgan ishchi guruhi xulosasiga asosan Umra va Haj tadbirlarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq deb topilgan. Unda turistik firmalarga Umra va Haj kabi ibodat tadbirlarini tashkil etish huquqini berish masalasi kiritilmagan.

3-savol: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli farmoyishida Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish mexanizmlarini va bozorlarini o‘rganish vazifa etib belgilangan. Qaysi bozorlar o‘rganildi? O‘rganish xulosalari bo‘yicha nima ishlar qilindi?

Javob: Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishda Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya, Turkiya va Malayziya tajribalari o‘rganildi.

Rossiya Federatsiyasida musulmonlar idoralari (ya'ni, muftiyatlar) soni hududlarga ko‘ra bir nechta bo‘lib, Haj va Umra tadbirlari har bir muftiyat tomonidan tashkil etilishi belgilangan. Bu tartibga ko‘ra, Muftiyat qoshida yagona tashkilot Haj va Umra ibodatlarini tashkil etadi.

Turkiya Respublikasida Prezident huzuridagi Din ishlari boshqarmasi (Diyonat) Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha yagona mas'ul davlat tashkiloti.

Malayziya davlatida «Tabung Xaji» davlat korporatsiyasi Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish bo‘yicha yagona mas'ul davlat tashkilotidir.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda tashkil etilayotgan umra tadbiri ibodat, xavfsizlik, tibbiy, ma'naviy va iqtisodiy jihatlardan afzal ekanligi hamda Haj va Umra tadbirlarini uzoq yillik tajribaga tayangan holda yurtimiz musulmon aholisi uchun yagona ijrochi organ O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qaroriga asosan maqsadga muvofiq deb topildi.

Mustaqillikning ilk davrlaridanoq xaj va umra tabirlariga davlat miqyosida katta e'tibor berib kelingan. Ushbu e'tiborni natijasi o‘laroq, har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus Farmoni asosida yurtimiz fuqarolarining xaj va umra ziyoratlarini mutasaddi tashkilotlarga (O‘zbekiston musulmonlar idorasi) manfaatdor davlat vazirliklari va idoralari bilan hamkorlikda tashkillashtirish vazifasi yuklatilgan.

2006 yildan e'tiboran, ushbu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasining 28.08.2006 yildagi UP-3793 sonli «Har yilgi «Xaj» va «Umra» tadbirlarini tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha Jamoatchilik kengashini tashkil etish» Qarori ijrosi doirasida o‘tkazib kelinmoqda.

O‘tgan davr mobaynida, ushbu mexanizm o‘zini to‘laqonli oqladi. Xususan, shu vaqtga qadar, Xaj va Umra amallarini bajarish uchun safar qilgan har bir fuqaromiz uchun ijtimoiy adolat mezonlaridan kelib chiqib bir xil darajadagi xizmatlar turi taqdim qilingan.

Undan tashqari, tegishli vazirliklar va davlat idoralari tomonidan ziyoratchilarni safari bilan bog‘liq ishlarda yaqindan ko‘mak berib kelinyapti.

4-savol: Yuqoridagi farmoyishda Saudiya Arabistoni Podshohligida Haj ziyoratini tashkil etuvchi mahalliy turizm kompaniyalarining xizmat ko‘rsatish bo‘yicha eng maqbul takliflarini tanlash, bunda xizmatlarning sifati va taklif etilayotgan qo‘shimcha shart-sharoitlarga alohida e'tibor qaratish vazifa etib belgilangan. Ayni paytda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Haj va Umra ziyoratini tashkil etish bo‘yicha Saudiyadagi rasmiy hamkori «Al-Hidaya Hajj, Umrah & Tourism Co» shirkati qaysi shartlar asosida tanlangan? Uning takliflari boshqalarnikidan yaxshiroq bo‘lganmi? Rasman tender o‘tkazilganmi? Tender o‘tkazilgan bo‘lsa, ochiq o‘tganmi, bu haqda rasman e'lon qilinganmi? Unda kimlar qatnashgan va qanday takliflar berilgan? O‘zbekistonda 12 yildan beri Haj va Umra ziyorati ushbu shirkat orqali amalga oshirilishi qonuniymi?

Javob: Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning taklifiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining Jidda shahridagi Bosh konsulxonasidan yurtimiz ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan, Saudiya Arabistonida Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 10ta shirkatdan muqobil takliflar olingan va ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhi Saudiya Arabistoniga qilgan tashrifi davomida mazkur firmalar faoliyati bilan yaqindan tanishib, ularning Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etishdagi imkoniyatlarini o‘rganib chiqdi.

O‘rganish davrida shirkatlar Haj va Umra mavsumlarida o‘zbekistonliklarga xizmat ko‘rsatish huquqini olish uchun turli yo‘llardan foydalanishi ma'lum bo‘ldi. Shirkatlarning ba'zilari ziyoratlarni tashkil etishda barcha imkoniyatlarga ega ekanligini bildirgan bo‘lsa-da, joyida borib o‘rganilganda afsuski, hech qanday kuchga ega emasliklari, 5-6 ta shirkat tomonidan «bizga tegishli» deb Makka shahridagi 1 ta mehmonxona ko‘rsatgani, ba'zilari faqat transport xizmati ko‘rsata olishi ma'lum bo‘ldi. Vaholanki, shirkatlar hujjat topshirganda barcha xizmatlarni amalga oshirishini ma'lum qilgan.

Shuningdek, Haj mavsumida aviareyslarni mahalliy shirkatlar tomonidan Madina aeroportiga qo‘ndirish imkoniyatlari masalasi ham o‘rganilgan bo‘lib, faqat «al-Hidoya» xalqaro shirkatida ushbu imkoniyat mavjudligi aniqlangan.

Ishchi guruhining yuqoridagi masalalarni o‘rganishi natijasida uzoq yillar davomida o‘zbekistonlik hojilarga namunali xizmat qilib kelayotgan «al-Hidoya» xalqaro shirkati munosib deb topildi. Mazkur shirkat faoliyati o‘rganilgan barcha firmalardan O‘zbek xalqi urf-odati, tabiati, madaniyati va servis xizmati mosligi jihatidan har tomondan ustun ekanligiga ishonch hosil qilindi.

5-savol: Haj va Umra ziyoratlarini tashkil qilish orqali Din ishlari bo‘yicha qo‘mita daromad ko‘ryaptimi? Agar daromad olayotgan bo‘lsa, davlat organ bo‘lgan muassasaning tijoriy faoliyati bilan shug‘ullanishi va daromad olishi qonunchilikka zid emasmi?

Javob: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish orqali hech qanday daromad ko‘rmaydi. Respublikada diniy sohaga mas'ul davlat tashkiloti sifatida Haj va Umra tadbirlarini tashkil etishni muvofiqlashtirib boradi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 23 noyabrdagi 946-son qarori, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Qo‘mitani moliyalashtirish va moddiy-texnik ta'minlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

6-savol: Qonunda taqiqlanmagan bo‘la turib, amalda turfirmalarning ushbu faoliyat bilan shug‘ullanishiga imkon bermasligiga asosiy sabab nimada?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qaroriga ilova qilingan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizomning 2-bandida:

«Haj» tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. «Umra» tadbiri O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning Saudiya Arabistonidagi hamkor tashkiloti o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi», deb belgilangan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita amaldagi qonun va qoidalarga binoan faoliyat olib boradi. Turistik firmalarning mazkur tadbirlarni amalga oshirishini belgilash qo‘mita faoliyatiga kirmaydi.

7-savol: Qo‘shni davlatlar Qozog‘iston va Qirg‘iziston umra uchun belgilangan narxlarning O‘zbekistondagidan ikki barobar arzonligi, Qozog‘istonda hatto 550 dollarga ham umra uchun turpaket topish mumkinligining sabablari o‘rganildimi? O‘zbekistonda ham narxlar qo‘shni respublikalardagi kabi arzon bo‘lishi mumkinmi?

Javob: Qo‘shni davlatlar ziyoratchilari o‘zbekistonliklar kabi Madina va Makka shaharlarida 4-5 yulduzli mehmonxonalar, 24 soatlik tibbiy xizmat, 3 mahal issiq ovqat, 24 soat issiq choy hamda doimiy hamrohlik qiluvchi guruh rahbarlari va ishchi guruhi xizmatlaridan foydalanmaydilar.

Qo‘shni davlatlar kabi sodda sharoit yaratib, O‘zbekistonda ham ushbu narxga umra safarini tashkil qilsa bo‘ladi. Ammo, biz avvalambor fuqarolarimizning manfaatlarini o‘ylab ish tashkil qilamiz hamda Haj va Umra tadbirlarini yuksak saviyada, namunali va tartibli holda o‘tkazish choralarini ko‘ramiz.

8-savol: Fuqarolarga bu borada tanlash imkoniyati taqdim etiladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga asosan tashkil etilgan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tarkibiga kiritilgan vazirlik va idoralar rahbarlari O‘zbekistonda mazkur tadbirlarni hamma uchun bir xil tarzda, ammo yuqori darajada tashkil qilish uchun harakat qiladilar.

Hozirgi kunda fuqarolarimiz bu borada yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlardan mamnun ekanligini bildirmoqdalar.

9-savol: Rasmiy ma'lumotlarda O‘zbekiston haj va umra ziyoratini ado etish bo‘yicha yuqori beshlikka kirishi aytib kelinadi, bu nima degani? Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj vazirligi O‘zbekistonga ana shunday maqom taqdim etganmi yoki O‘MI yoki DIQni maxsus taqdirlaganmi? O‘zbekistonning yuqori beshlikda bo‘lishi fuqarolar, ya'ni ziyoratchilar uchun qanday imtiyoz va yengilliklar beradi?

Javob: Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Haj va Umra tadbirlarini tashkil etishda eng yuqori beshlikka kirishi Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vaziri Solih Benten tomonidan har yili rasmiy uchrashuvlarda e'tirof etiladi.

Misol tariqasida ushbu ma'lumotni keltirish mumkin:

2020 yil yil 19-22 yanvar kunlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi A.Axmedov boshchiligidagi O‘zbekiston Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni bo‘lib qaytdi.

Delegatsiya Podshohlik Haj va umra vaziri Solih Benten tomonidan alohida e'tibor va yuqori darajada qabul qilindi. Vazir janoblari O‘zbekistonda haj tadbiri davlat e'tibori va hukumat darajasida yuksak saviyada tashkil qilinishi, haj ishchi guruhi faoliyati va hojilarning xatti-harakatlari boshqa davlatlar uchun namuna ekanini mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekiston hukumatining bu boradagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadi.

Bunday e'tirof, O‘zbekiston Respublikasi Rahbariyatining din sohasida olib borayotgan oqilona siyosatiga berilgan yuksak baho hamda Haj va Umra tadbirlarini tashkil etuvchi davlatlar orasida O‘zbekistonning alohida o‘ringa ega ekanligiga dalildir.

Bu daraja ziyoratchilarimizni Saudiya Arabistonida kutib olishdan boshlab, mamlakatimizga qaytgunlariga qadar hurmat va ehtirom ko‘rsatilishi bilan izohlanadi.

10-savol: Hukumatning haj va umrani tashkillashtirishni soddalashtirish va sohaga bozor mexanizmlarini joriy qilish haqidagi farmoyishidan keyin xususiy turfirmalarga qanday imkoniyat berildi?

Javob: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli Farmoyishi bilan tasdiqlangan ishchi guruhining Saudiya Arabistoniga tashrifidan kelib chiqqan xulosasiga ko‘ra, Haj va Umra tadbirlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil qilinishiga qaror qilingan.

Turistik firmalarning mazkur tadbirlarni tashkil etishi masalasida hech qanday ma'lumot mavjud emas.

11-savol: O‘zbekistondagi xususiy turfirmalar umra ziyoratini tashkillashtirish uchun qonuniy viza olisholmayotgani, konsullikka borishsa, buning uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ruxsati talab qilinayotgani, ushbu tashkilotlarga qilingan murojaatlar esa asoslari ko‘rsatilmasdan turib rad etilayotganini aytishmoqda. Murojaat qanoatlantirilishi uchun turfirmalar qanday talablarga javob berishi kerak? Aniq talablar mavjudmi? Shu paytgacha nechta xususiy turfirmaning Haj va Umra ziyorati uchun viza olishiga ruxsat berilgan?

Javob: Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga rasmiy yuborilgan har qanday arizaga O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi Qonuniga binoan asoslangan javob qaytariladi.

Turfirmalarning Haj va Umra tadbirlarini tashkil qilish masalasi 6-savolda ko‘rsatib o‘tildi.

Haj va Umra tadbirlarini tashkil qilish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish Din ishlari bo‘yicha qo‘mita vakolatiga kirmaydi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 364-sonli Qarorida turfirmalarning ushbu sohada faoliyat yuritishlari belgilanmagan.

12-savol: Aytishlaricha, Saudiya Arabistoni Podshohligida Haj va Umra uchun joriy etilgan va butun dunyodagi musulmonlar bemalol foydalanadigan onlayn viza tizimidan o‘zbekistonliklar va sayyohlik firmalari vakillari foydalana olishmaydi. Bunga qanday izoh berish mumkin?

Javob: Hozirgi kunda Siz aytayotgan Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va Umra uchun joriy etgan onlayn viza tizimidan O‘zbekistondan umra safariga borayotgan ziyoratchilar to‘liq foydalanmoqda.

Turfirmalarning ushbu onlayn tizimdan qanday foydalanishlari mumkinligiga aniqlik kiritish uchun Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirligiga murojaat qilishlarini tavsiya qilamiz.

13-savol: Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-son Qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda ham onlayn tizim yo‘lga qo‘yilishi va navbat doimiy ravishda yangilanib borilishi ko‘rsatilgan edi. Ushbu vazifa ijrosi bo‘yicha qanday ishlar bajarilgan?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qaroriga asosan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy veb-saytida Umra safariga boradigan ziyoratchilarning yagona onlayn navbat tizimi loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur loyiha «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqildi hamda Kengash qaroriga asosan hozirgi kunda sinov tariqasida ishga tushirildi. Sinov natijalariga ko‘ra 2020 yil 3-choragida yagona onlayn navbat tizimining to‘liq faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

14-savol: Nima uchun Toshkent-Jidda yo‘nalishida qatnovchi samolyotlar xizmatidan xususiy turfirmalar orqali ketayotgan ziyoratchilar foydalana olishmaydi? Nega bu yo‘nalishdagi chiptalar ochiq savdoda yo‘q? O‘zbekiston havo yo‘llari MAKning ma'lum qilishicha, ushbu yo‘nalishdagi aviachiptalar to‘laligicha O‘MI tomonidan sotib olingan ekan, shu rostmi?

Javob: Toshkent-Jidda yo‘nalishida aviachiptalarni sotish masalasi «Uzbekistan Airways» AJ vakolatiga kirishini e'tiborga olib, mazkur tashkilotga murojaat qilishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi umra safariga borish istagida bo‘lgan fuqarolarimizning talablaridan kelib chiqib oldindan joy band qiladi va kerakli miqdordagi aviachiptalarni sotib oladi.

(P.S. Kun.uz yo‘llagan savolnomada texnik xatolik sabab 14-savoldan keyin 16-savolga o‘tib ketilgan)

16-savol: Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 martdagi 154-F-sonli farmoyishining 2-ilovasida xorijiy aviakompaniyalarni jalb etgan holda Haj va Umra ziyoratlarini amalga oshirish uchun qo‘shimcha aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish vazifasi belgilangan va bunga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamda Transport vazirligi mas'ul etib tayinlangan. Farmoyishning mazkur bandi bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirildi?

Javob: 2019 yilda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda «Uzbekistan Airways» AJ bilan hamkorlikda Haj mavsumida kuniga 3 tadan aviaqatnov amalga oshirildi. 2019 yil 14 noyabr kunidan e'tiboran kuniga 1 tadan, haftasiga 7 ta, 10 dekabrdan boshlab kuniga 2 tadan, haftasiga 14 ta reys amalga oshirilmoqda.

Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi talabiga ko‘ra, Umra mavsumida ikki mamlakat o‘rtasida faqat ushbu davlatlarning aviakompaniyalari parvozlarni amalga oshirishi belgilangan. Haj mavsumida esa ikki davlat samolyotlari teng sheriklik asosida 50/50 parvozlarni amalga oshirishi belgilangan.

«Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi qaroriga asosan, 2020 yilning 10 mart kunidan e'tiboran kuniga 3 tadan reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Yana bir yangilik: ziyoratchilarimizga yanada qulay sharoit yaratish maqsadida joriy yilning 2 fevral kunidan e'tiboran Toshkent-Madina yo‘nalishida aviaqatnov yo‘lga qo‘yildi.

17-savol: Haj va Umra ziyorati uchun beriladigan vizalar narxining tarkibiga tibbiy sug‘urta to‘lovining qiymati ham kiritilgan. 2020 yil 1 yanvardan boshlab sug‘urta sababli vizalar narxi oshgan. Bu endilikda Haj va Umra ziyoratiga borgan o‘zbekistonliklar tobi bo‘lmay qolganda bepul tibbiy yordam olishi va buning uchun xarajat qilmasligini anglatadimi? Yoki tibbiy sug‘urta mavjud holatdayam tibbiy yordam o‘zimizning mutaxassislar tomonidan ko‘rsatiladimi?

Javob: Haqiqatdan, 2019 yilning 31 dekabr kuni Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining mijozlarga ko‘rsatiladigan davlat interaktiv xizmati – «Umra yo‘li» portali orqali 2020 yilning 1 yanvar kunidan boshlab barcha «B2B» va «B2C» turdagi viza olayotgan umra ziyoratchilari uchun majburiy tibbiy sug‘urta joriy etildi.

Tibbiy sug‘urta Saudiya Arabistonini kompleks rivojlantirish davlat dasturi («2030-ko‘rinish») ijrosi doirasida ziyoratchilar uchun keng qamrovli tez va shoshilinch tibbiy xizmat taqdim etish maqsadida ishlab chiqilgan.

O‘zbekistonlik ziyoratchilarga Saudiyada ko‘rsatiladigan har qanday tibbiy xizmatlari SAP davlat shifoxonalarida bepul amalga oshiriladi.

Mavzuga oid