Jahon | 22:20 / 11.02.2020
116123
9 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga yangi nom berildi, Xitoyda amaldorlar ishdan haydalmoqda. So‘nggi ma'lumotlar

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi koronavirusga rasman nom berdi. U Covid-19 virusi deb ataladi. Bu haqda JSST rahbari Tedros Adxanam Gebreyyesus Jyenevadagi forum arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumani vaqtida ma'lum qildi.

Xitoydagi ijtimoiy tarmoqlarda hukumat epidemiyaga qarshi samarasiz kurashayotganlikda ayblanmoqda

Bungacha JSST press-relizlarida Xitoyning Uxan shahrida tarqala boshlagan epidemiya 2019-nCoV yoki «yangi koronavirus» deb atalayotgandi.

«Rasmiy nom noaniq yoki tahqirlovchi boshqa nomlar qo‘llanishi oldini olish uchun talab etiladi. JSST, FAO va Jahon hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkiloti o‘rtasida mavjud qoidalarga ko‘ra, biz geografik nom, hayvon, odam yoki odamlar guruhi bilan bog‘liq bo‘lmagan, shu bilan birga kasallik bilan bog‘langan va talaffuz etilishi oson bo‘lgan nom topishimiz kerak edi», dedi Gebreyyesus Jyenevadagi matbuot anjumanida. 

JSST rahbarining tushuntirishicha, nomdagi CO birikmasi koronavirusni, VI - virusni va D kasallikni anglatadi, ya'ni COVID «Corona Virus Disease» (koronavirus bilan chaqiriluvchi kasallik) iborasining qisqartmasi hisoblanadi. «19» soni esa u aniqlangan yil – 2019 yilni anglatadi.

Mingdan ortiq qurbon

11 fevral holatiga ko‘ra qurbonlar va zararlanganlar soni

Dushanba kuni Xubey provinsiyasining o‘zida koronavirusdan 103 kishi vafot etdi. Epidemiya boshlanganidan buyon Xitoy hududida virusdan halok bo‘lganlarning jami soni 1017 kishiga yetgan. Ammo dushanba kuni koronavirus bilan zararlanganlar soni avvalgi kuni zararlanganlar sonidan 20 foizga kamaydi - 3062 nafardan 2478 nafarga.

Koronavirus yuqtirish holatlari so‘nggi kunlarda pasaydi

Ayni vaqtda mamlakat hududida 42 694 kishida kasallik holati qayd etilgan. 37 726 kishi hozirda davolanishda bo‘lib, ulardan 7333 nafarining ahvoli og‘ir. Jami 3996 kishi kasallikdan davolanib, tibbiyot muassasasidan uyiga javob berib yuborilgan.

GETTY IMAGES

Xitoy hukumati joylarda virusga qarshi kurashdagi samarasiz faoliyati uchun amaldorlarni ishdan bo‘shatmoqda. Provinsiya rahbari va viloyat sog‘liqni saqlash komissiyasi partiya kotibi o‘z lavozimlarini yo‘qotdi. Shuningdek, Qizil xochning mahalliy bo‘limi rahbari o‘rinbosari ham «xayriyalar bilan ishlash»dagi kamchiliklar uchun ishdan ketgan.

Xitoydagi hukumat nashrlariga ko‘ra, Xubey provinsiyasi va mamlakatning boshqa hududlarida yuzlab amaldorlar hamda partiya funksionerlari o‘z postini yo‘qotgan.

Qayd etilishicha, bu barcha holatlarda ham ishdan haydalishni emas, lavozimi tushirilishni anglatadi. Bundan tashqari, partiya liniyasida ko‘plab amaldorlar jazolangan - ular qat'iy hayfsan olishgan, bu esa ularning kelgusi faoliyatiga ta'sir qilmay qolmaydi.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda hukumatning epidemiyaga reaksiyasi tanqidlarga sabab bo‘lmoqda, lekin odatdagidan farqli ravishda senzorlar bunday tanqidlarni internetdan o‘chirishmayapti.

Xitoydan so‘nggi ma'lumotlar

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda virusdan zararlanish bilan bog‘liq 42 694  holat qayd etildi. Bu mamlakatda 2002-2003 yildagi SARS virusidan beri eng yirik epidemiya bo‘lmoqda.

Xubey provinsiyasi sog‘liqni saqlash komissiyasi ma'lumotiga ko‘ra, provinsiyada virusdan zararlangan bemorlar soni 31 728 nafar, ularning 974 nafari halok bo‘lgan, o‘lim darajasi 3 foizga teng.

O‘lim holatlarining 60 foizidan ortig‘i Xubey markazi Uxan shahrida ro‘y bergan. 11 millionlik shahar bir necha haftadan buyon karantin holatida.

Hongkongda ko‘p qavatli uyda yashovchilardan birida koronavirus aniqlangach, ushbu uydagi 23 oila evakuatsiya qilindi va karantinga joylashtirildi. Virus suv quvuri orqali tarqalgani aytilmoqda. O‘tgan haftada Hongkong hukumati Xitoyning materikdagi qismi bilan chegarani deyarli to‘liq yopdi va Xitoydan kelganlar ikki haftaga karantin hududiga joylashtirildi.

O‘zbekistondagi holat

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi yanvar oyidan boshlab 10 fevral kunigacha koronavirus infeksiyasiga tekshirilgan 812 ta namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmaganini xabar qildi. Koronavirusga qarshi markaziy shtab 10 fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus kasalligi qayd etilmaganini ma'lum qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi respublikadagi maktabgacha ta'lim muassasalari rahbariyatiga bolalarni koronavirusdan saqlash bo‘yicha eslatma bilan chiqqan.

O‘zbekistonga tashrif bilan kelgan JSST Yevropa byurosi mintaqaviy direktori Xans Klyuge O‘zbekistonda koronavirusga qarshi olib borilayotgan ishga yuqori baho bergan.

Dunyoning boshqa qismlarida nima bo‘lmoqda?

Xitoydan tashqarida koronavirusdan zararlanish holatlari
  • Turkmanistonning Lebob viloyatida koronavirus kasalligidan bir kishi vafot etdi. U Xitoydan evakuatsiya qilingan Turkmaniston fuqarolaridan biri bo‘lgan. Qayd etilishicha, marhum haqidagi ma'lumotlar qat'iy sir saqlanmoqda. Shuningdek, Lebob viloyatidagi karantinda og‘ir ahvolda o‘rta yoshli fuqaro saqlanayotgani aytilmoqda.
  • Rossiyada 20 ming nafar odam hali ham koronavirus yuqtirib olganlik gumoni bilan mutaxassislar nazoratida bo‘lib turibdi. Gap koronavirusdan zararlanganlar bilan aloqada bo‘lgani gumonlangan odamlar haqida ketmoqda - nazoratdagilarning 6 ming nafari Xitoy Xalq Respublikasi fuqarosi. Hozircha ularning hech birida koronavirus simptomlari aniqlanmagan.
  • Buyuk Britaniyada dushanba kuni virusdan zararlanish bilan bog‘liq yangi holatlar qayd etildi. Birlashgan qirollikda virus yuqtirganlar soni 8 nafarga yetgan. Britaniya hukumati zararlanganlarni va virus yuqtirishda gumonlanganlarni majburiy ravishda karantinga yuborish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
  • Yaponiyaning Yokogama port shahri yaqinida karantin holatida turgan «Daymond prinsess» kruiz laynerida koronavirusdan zararlangan yo‘lovchilar soni 135 nafarga yetgan. Bir kun ichida bemorlar soni ikki barobar o‘sgan.
  • Tailand hukumati boshqa bir kruiz laynerga o‘z portiga kirishga ruxsat bermadi, holbuki kema bortidagilarning birortasi ham koronavirusdan zararlangani aniqlanmagan. Bu kemaga Yaponiyaga va Guamga kirishga ham ruxsat berilmagandi.
  • Xabarlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya yuzlab kishilarni Xitoy bilan chegaralarni qo‘riqlash uchun jo‘natgan. Xitoy bilan temir yo‘l qatnovlari va aviaaloqa to‘xtatilgan. Pxenyan mamlakat hududida koronavirusdan zararlanish holati haqida rasman ma'lum qilmagan, ammo Janubiy Koreya matbuoti epidemiya KXDRga ham yetib kelgani haqida yozgan.
  • 11-12 fevral kunlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Jyenevada yangi 2019-nCoV koronavirusini o‘rganish bo‘yicha xalqaro forum o‘tkazmoqda. Jyenevaga olimlar, sog‘liqni saqlash sohasidagi ko‘zga ko‘ringan boshqa mutaxassislar va xalqaro tashkilotlar vakillari yetib kelishgan. Forumda virus bo‘yicha tashxis qo‘yish, profilaktika va davolash metodlari, shuningdek, unga qarshi vaksina ishlab chiqarish masalalari muhokama qilinadi.
  • Koronavirus bilan bog‘liq xavf tufayli 70dan ortiq kompaniya Singapurda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Singapore Airshow 2020 ko‘rgazmasida ishtirok etishdan bosh tortgan, natijada ko‘rgazma bekor qilinishi mumkin. Singapur yana uchta xalqaro ko‘rgazma - IT Show, Food & Beverage Fair va Build Tech Asia/Cargonow ko‘rgazmalari noma'lum muddatga qoldirilgan.
  • Sony va Amazon kompaniyalari Barselonada o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan Mobile World Congress (MWC) mobil texnologiyalar ko‘rgazmasida ishtirok etmasliklarini bildirishgan. Tashkilotchilar qator ishtirokchilar kelishdan voz kechganiga qaramay ko‘rgazma bekor qilinmasligini bildirgan.

Yangi koronavirus belgilari

Pekindagi shifoxonalardan birida XXR rahbari Si Tszinpinning haroratini o‘lchashmoqda

Infeksiyaning asosiy simptomlari: yuqori harorat, kuchli yo‘tal, nafas qisishi va nafas olishdagi qiyinchiliklar.

Infeksiya yuqtirish xavfini kamaytirish uchun qo‘llarni tez-tez yuvish, koronavirus yuqtirgan bo‘lishi mumkin odamlardan uzoqroq bo‘lish, shuningdek, yuvuqsiz qo‘l bilan og‘izga, burunga va ko‘zga tegmaslik.

Yo‘tal va aksirishdan keyin ro‘molcha ishlatish va ishlatilgan ro‘molchani tashlab yuborib, qo‘lni yuvish kerak.

Mavzuga oid