Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston madaniyati yana bir asarga boyidi – «Xo‘ja Nasriddinning g‘aroyib latifalari» 4 tilda chop etildi
«Xo‘ja Nasriddinning g‘aroyib latifalari» nomli asar Germaniyaning Peacock Verlag Berlin nashriyoti bilan hamkorlikda 4 tilda – o‘zbek, rus, ingliz va nemis tillarida chop etildi.
Kitob taqdimoti bugun, 11 fevral kuni Respublika qo‘g‘irchoq teatrida o‘tkazildi.
Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan Madaniyat vazirligi, Maktabgacha ta'lim vazirligi, AOKAning «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi bilan hamkorlikda nufuzli nashriyotda chop etilgan mazkur kitob uchun bolalarning o‘zlari tomonidan chizilgan rasmlardan foydalanilgan.





«Kitob dizaynini yaratish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri bolalarning o‘zidan yordam so‘rashga qaror qildik. Hamkor tashkilotlar bilan birgalikda O‘zbekiston va Germaniyada tanlov e'lon qilgan edik. Unda 6 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan 700 nafar bolalar ishtirok etishdi va g‘oliblarning rasmlaridan kitob uchun foydalanildi», - deya ma'lumot berdi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Elmurod Najimov.
Uning qayd etishicha, kitobning audio varianti ham O‘zbekistondagi eng mahoratli ovoz ustalari tomonidan tayyorlandi. Bu, o‘z navbatida, ko‘zi ojiz va ko‘rish bilan bog‘liq muammolari bor bolalarga kitob bilan tanishishga yordam beradi.
Loyihaga hamkorlik qilgan Culture Cooperation International kompaniyasi direktori Keytlin Gebelning ma'lumot berishicha, Nasriddinning sarguzashtlari uning donoligi, topqirligini saqlab qolgan holda zamonaviylashtirgan.
«Nasriddin afandi xalqimizning eng sevimli qahramoni ekanligi bilan ham ahamiyatli. Bugun taqdimoti o‘tayotgan kitobda xalqaro mualliflar va hamkorlarning ishtirok etishgani esa madaniyatimiz haqida xorijliklarni xabardor qilishimizga yordam beradi», - deya ta'kidladi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov.
Shuningdek, taqdimotda maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin ham so‘zga chiqib, yangi kitob bilan barchani tabrikladi.
«Kitob uchun ishlangan rasmlarda ham bolalarning san'atga bo‘lgan qiziqishi, iste'dodi va eng muhimi, samimiyligi ko‘rinib turibdi. Ularning har biri iste'dodini yuzaga chiqarishga qodir. Faqat buning uchun biz kattalardan qo‘llab-quvvatlash talab etiladi», - dedi maktabgacha ta'lim vaziri.
Taqdimotdan so‘ng bolalar uchun «Eh, Nasriddin» spektakli O‘zbekistonda birinchi bor tiflokommentator yordamida ijro etildi.





«Tiflokommentator bilan ko‘rish imkoniyati cheklangan bolajonlarga sahnada bo‘layotgan voqealar butunligicha tasvirlab berishga harakat qilinadi», - deya ma'lumot berdi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi boshqarma boshlig‘i Elmurod Najimov.
Mavzuga oid
11:30 / 29.10.2024
Berlinda "Xo‘ja Nasriddin" festivali o‘tkazildi
18:52 / 07.11.2023
Xo‘ja Nasriddin haqida kompyuter o‘yini yaratiladi
14:59 / 02.12.2022
Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash an’anasi va ipakchilik YuNeSKO ro‘yxatiga kiritildi
20:34 / 01.10.2021