Fan-texnika | 13:48 / 12.02.2020
8111
3 daqiqa o‘qiladi

Airbus «Yulduzli janglar» qabilidagi yangi samolyoti modelini taqdim qildi

Airbus kompaniyasi Singapurdagi aviasalonda “aralash qanot” sxemasida bajarilgan samolyot modelini taqdim qildi. Model Maveric deb nomlangan.

Foto: SeongJoon Cho/Bloomberg

Bunday konstruksiya aerodinamik qarshilikni va yonilg‘i sarfini kamaytirishga imkon beradi.

“Lochinga o‘xshash, orqasida joylashgan ikkita dvigatelli, bunday samolyot “Yulduzli janglar” filmida yaxshi ko‘ringan bo‘lardi”, deb ta'riflagan modelni Bloomberg axborot agentligi. 

Ta'kidlanishicha, model 2019 yil iyundan beri sinab kelinadi va u an'anaviy konstruksiyadagi samolyotlardan 20 foiz tejamkorroq bo‘ladi.  

Bundan tashqari, “aralash qanot” konstruksiyasi yo‘lovchilarga samolyotda ko‘proq joyga, jumladan oyoqlar uchun, ega bo‘lish imkonini beradi. Konsern samolyotda illyuminatorlar bo‘lishi yoki ular o‘rniga videoekranlar qo‘llanishi masalasini hali hal qilmagan.   

Bu sxemada quriladigan samolyotning korpusi ikkita qanoti bilan tutashib ketgan bo‘lib, dvigatellari esa qanotda emas, balki fyuzelyajning orqa tomonida joylashadi. Dvigatellar ustida esa yo‘nalish qanotchalari bo‘ladi. 

“Aralash qanot” sxemasi o‘zidan uchburchakni aks ettiradi. Ushbu sxema korpusning ikkita qanot bilan uchuvchilar kabinasi yaqinida ravon birikib ketishini anglatadi. Shuningdek, “aralash qanotli” samolyotlarning yuk ko‘tarishi an'anaviy samolyotlarnikidan 15 foiz ko‘proq bo‘lishi taxmin qilinmoqda.  

Ushbu konsepsiya ustida 1940-yillardan beri ish olib boriladi va u B-2 kabi bombardimonchi samolyotning yaratilishiga olib kelgan. 

Kompaniyada loyiha ushbu sxema bo‘yicha yo‘lovchi samolyotining muqarrar yaratilishini anglatmasligi, biroq undagi ba'zi ishlanmalar istiqbolli loyihalarda qo‘llanishi mumkinligi aytilgan.  

Biroq yangi modelda o‘ziga xos muammolar ham mavjud bo‘lib, ulardan biri unda yo‘lovchilarni joylashtirish masalasi hisoblanadi. Gap shundaki, yo‘lovchilar bunday samolyotda uning markazidan uzoqroqda o‘tirishadi. Bu esa samolyotning burilishlarida chayqalishlar sonini oshiradi.  

Mavzuga oid