O‘zbekiston | 10:41 / 12.02.2020
56978
2 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi kurash. O‘zbekiston Xitoyga insonparvarlik yordami yubormoqda

O‘zbekiston Xitoy Xalq Respublikasiga tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yubormoqda. 

Foto: KUN.UZ

Bu koronavirusning yangi turiga (nCoV-2019) qarshi kurashish va uning tarqalishini cheklash bo‘yicha Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining amaliy xatti-harakatlarini yuqori baholagan holda hamda xavfli infeksiya tarqalishiga qarshi kurashish yuzasidan Xitoy tomonining sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va uni bartaraf etish bo‘yicha birgalikdagi chora-tadbirlarni ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bugun, 12 fevral kuni Toshkent xalqaro aeroportida insonparvarlik yordamining dastlabki partiyasi jo‘natildi. 

 

Xitoyga quyidagi tibbiy buyumlar shaklida insonparvarlik yordami yuborilmoqda:

bir martalik steril tibbiy qo‘lqoplar;

himoya qiluvchi kombinezonlar;

yuz uchun filtrlovchi niqoblar;

maxsus tibbiy formalar;

tibbiy niqoblar;

tibbiy doka.

Tibbiy buyumlar keyinchalik XXRga insonparvarlik yordami sifatida topshirish uchun Turkiya ishlab chiqaruvchilaridan xarid qilinmoqda. “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi korxonalari tomonidan tayyorlanadigan tibbiy buyumlar XXRga joriy yil 1 martgacha jo‘natiladi (ikkinchi partiya).

Xomashyo materialining importi (noto‘qima material) joriy yil 21 fevralgacha amalga oshirilishi munosabati bilan tibbiy buyumlarni shu yilning 28 fevraligacha tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yuki shakllantirilishi va yetkazib berilishi uchun mas'ul etib belgilandi. Mudofaa vazirligi insonparvarlik yuki Xitoy Xalq Respublikasiga yetkazib berilishi uchun yuk havo kemasini ajratgan.

Mavzuga oid