O‘zbekiston | 23:11 / 12.02.2020
4126
2 daqiqa o‘qiladi

Xususiy bog‘chalarning sohadagi ulushi rivojlangan davlatlarniki bilan tenglashtiriladi

Hozir maktabgacha ta'lim tizimida nodavlat sektor ulushi 18 foizni tashkil qiladi. 2020 yil yakuniga ko‘ra,  bu ko‘rsatkich 25 foizga yetkazilishi maqsad qilingan.

12 fevral kuni Maktabgacha ta'lim vazirligi mas'ul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish mavzusida o‘tkazilgan tadbirda vazir o‘rinbosari Maqsudjon Yuldashev bu yo‘nalishda qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Maqsudjon Yuldashev

«Davlat-xususiy sherikligi – O‘zbekiston uchun yangi soha. DXSh shakllari birinchi bo‘lib 2018 yildan maktabgacha ta'lim tizimida joriy qilina boshladi va bu o‘zining samarasini bermoqda. 2018-2019 yillarda 140 ming o‘rinli nodavlat MTTlar tashkil etildi.

Agar bugun maktabgacha ta'lim tizimida nodavlat sektorning ulushi 18 foizni tashkil qilsa, 2020 yil yakuniga ko‘ra, uni 25 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz», – dedi Yuldashev.

2022 yil yakunida esa nodavlat sektor ulushi rivojlangan davlatlardagi ko‘rsatkichga tenglashtirilishi rejalashtirilgan.

«Xorijiy davlatlar tajribasiga ko‘ra, agar nodavlat sektor ulushi 30 foizdan oshib ketsa, aholining ijtimoiy qatlami talablarini bajarish darajasi pasayib ketishi mumkin», – deya ma'lum qildi vazir o‘rinbosari.

Ayni paytda maktabgacha ta'lim tizimida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida bo‘lganlarning 10 yilgacha barcha soliqlardan ozod qilinishi, ularga davlat budjetidan subsidiyalar ajratilishi va boshqa imkoniyatlar orqali tadbirkorlarning sohaga kirib kelayotgani ham vazirlik mas'ullari tomonidan alohida e'tirof etildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oy oxirida maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklik yanada rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid