O‘zbekiston | 20:55 / 17.02.2020
6970
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar onlayn tarzda konsullik hisobidan o‘tishlari mumkin

Foto : KUN.UZ

2020 yil 10 fevraldan “Xorijda bo‘lgan (bo‘lib turgan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning konsullik ro‘yxatini yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” kuchga kirdi.

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan konsullik faoliyatini tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy bazani hamda yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari imkoniyatini takomillashtirish bo‘yicha maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2020 yil 10 fevraldan “Xorijda bo‘lgan (bo‘lib turgan) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning konsullik ro‘yxatini yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” kuchga kirdi.

Ushbu yo‘riqnomaga muvofiq, chet elda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida doimiy yoki vaqtincha konsullik hisobidan o‘tish uchun consulate.mfa.uz veb-portali orqali masofadan interaktiv konsullik xizmatidan foydalanishlari mumkin. Ayni paytda ushbu internet-resurs sinov rejimida ishga tushirilgan.

Vaqtinchalik va doimiy konsullik hisobiga olish bo‘yicha interaktiv xizmat dasturiy tizimi texnik sinovdan o‘tkazilgandan keyin qisqa vaqt ichida o‘rnatiladi va yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, vazirlik boshqa konsullik xizmatlarini bosqichma-bosqich interaktiv asosga o‘tkazish ustida ish olib bormoqda.  

Mavzuga oid