Jamiyat | 22:17 / 18.02.2020
19232
5 daqiqa o‘qiladi

Istirohat bog‘larida ro‘y bergan fojialar sababi ochiqlandi - Bilimsizlik

2019 yil Jizzax, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi istirohat bog‘larida inson o‘limiga olib kelgan fojialarning bosh sababi bilimsizlikdir. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov «Xavfsiz mehnat – har bir insonning huquqi» ko‘rgazma-seminarida shunday fikrni bildirdi. 

2019 yili O‘zbekistonning 3 viloyatidagi istirohat bog‘larida attraksionlar qulashi bilan bog‘liq hodisalar ro‘y bergan va ularda inson o‘limi bilan bog‘liq holatlar ham qayd etilgan edi. O‘zbekiston Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi rahbari ushbu hodisalarga olib kelgan asosiy omilni bildirdi. 

«Bu yilgi davlat dasturida yangi-yangi madaniyat va istirohat bog‘lari qurilishi belgilangan. Ya'ni, ishdan kelgan fuqarolar munosib dam olishlariga sharoitlar barpo qilinadi. 

Mana, Jizzax, Farg‘ona va Namanganda bo‘lgan voqealar. Asosiy sababi, yana o‘sha bilimsizlik. Attraksionni o‘rnatganlar maxsus bilimga ega bo‘lmagan. 

Misol uchun, Jizzaxda bo‘lgan voqeaning asosiy sababi – tayyorlash jarayonidagi hisob-kitob yo‘qligi. Chizmalar bo‘lmagan. Qanday metall yo‘llash zarurligiga doir talablari yo‘q. Ikki tadbirkor kelishgan. Biri ehtiyot qismni ishlatilgan metalldan tayyorlab bergan, ishlatishga ruxsati bo‘lmasa, pul topaman, deb ishlatgan va oqibatda bir ayolning hayotiga zomin bo‘ldi. 

Mavzuga doir: 

Xuddi shunday voqea Namanganda ham ro‘y berdi. Unda 18 yashar qiz vafot etdi. Bunda yosh yigitlar yoshligiga borib, attraksion sinovi davrida, o‘sha qizga ruxsat berib, uchirishadi. Qiz o‘tirib uchiladigan qurilmada tik turgan holatda bo‘ladi, o‘tirgan holatda boshga tegmaydigan temir detal tik turganda qizning boshiga katta tezlikda uriladi va fojia ro‘y beradi», - deydi qo‘mita raisi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir topshirig‘iga binoan, barcha viloyatlardagi attraksionlar xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshirilmoqda. Viloyatlar hokimliklari bilan hamkorlikda talabga javob bermaydigan attraksionlarni oldirib tashlash, bu sohadagi xodimlarni o‘qitish, tayyorlash, metalga bo‘lgan talablar, texnik qoidalarni ishlab chiqish ustida ish olib borilyapti. 

Umuman, madaniyat va istirohat bog‘laridagi attraksionlarda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida quyidagi kamchiliklar aniqlangan:

- attraksionlarning 1292tasida texnik pasport mavjud emas; 

- attraksionlarni kunlik texnik ko‘rikdan o‘tkazish jurnali 1106tasida mavjud emas;

- 1344ta attraksionda rejali ta'mirlashga rejalashtirish va profilaktika qilish jadvallari tuzilmagan;

- attraksionlardan foydalanish bo‘yicha axborot stendlari 738tasida ishlab chiqilmagan; 

- Attraksionlarni ishlatish va o‘rnatish bo‘yicha ishlab chiqaruvchi tomonidan yo‘riqnomalar 928tasida mavjud emas;

- 1258ta attraksionga biriktirilgan xodimlarda maxsus kurslarda o‘qiganligi bo‘yicha guvohnomasi yo‘q;

- 695ta attraksionda, ularni soz holatda va bexatar ishlatishga javobgar shaxs tayinlanganiga doir buyruq tasdiqlanmagan;

- attraksionlarga xizmat ko‘rsatuvchi javobgar shaxslar va operatorlarning 931 nafarida lavozim yo‘riqnomalari ishlab chiqilmagan;

- 1845ta attraksionda aniqlangan kamchiliklar bois, 354tasining faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan;

- attraksionlarning 943tasida navbatdagi statik va dinamik sinovdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomalar tuzilmagan; 

- attraksionlarning 634tasida maxsus korxona tomonidan po‘lat qismlarining texnik holati bo‘yicha xulosalari mavjud emas; 

- 854ta attraksionda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish to‘plami bo‘lmagan;

- 1313ta attraksionda xizmat ko‘rsatuvchi xodim belgilangan me'yorlarga muvofiq ish kiyimi bilan ta'minlanmagan.

Mavzuga oid