O‘zbekiston | 20:40 / 18.02.2020
11314
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston magistral gaz quvurlari muhofaza zonasida 2,5 mingga yaqin noqonuniy qurilma mavjud. Ular buzilishi kerak     

O‘zbekiston hududidagi gaz tarmoqlarining 14 ming kilometrdan ortiq qismi xavfsizlik talablariga javob bermaydi. Shu munosabat bilan, xizmat muddati 30 yildan ortiq bo‘lgan yer osti gaz quvurlarining texnik diagnostikasini amalga oshirish talab etiladi.

Baxtiyor G‘ulomov / Foto : KUN.UZ

O‘zbekistonning yerosti magistral gaz tarmoqlarining muhofaza hududida 2,5 mingga yaqin noqonuniy qurilmalar mavjud. Shu bois, «O‘ztransgaz» AJ magistral gaz quvurlari himoya zonalarida aniqlangan noqonuniy qurilmalarni boshqa joyga ko‘chirish yoki buzish bo‘yicha sud organlariga murojaat qilishi hamda sud organlari qarorlarini ijrosini to‘liq ta'minlash talab etiladi. Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor G‘ulomov «Xavfsiz mehnat – har bir insonning huquqi» ko‘rgazma-seminarida shu haqda ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Hududgazta'minot» AJ tasarrufidagi yer osti gaz quvurlarining umumiy uzunligi 16755,9 km bo‘lib, shundan 14139,9 kilometri xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Shu sababli, texnik diagnostika natijalari asosida avariya holatida bo‘lgan yer osti gaz quvurlari uchastkalarini shoshilinch almashtirilish bo‘yicha chora-tadbir rejalarini ishlab chiqish hamda mukammal ta'mirtalab bo‘lgan gaz quvurlarini yer ustiga chiqarish yoki polietilen gaz quvurlariga almashtirish loyihasini ishlab chiqish zarur.

Bundan tashqari, aholi hududlarini tabiiy gaz bilan ta'minlovchi past bosimli gaz quvurlarining xususiy xonadonlarga kirish qismida ikki bosqichli bo‘lgan bosim regulyatorlarini (uy regulyatori) o‘rnatish lozim.

Shu bilan birga, qo‘mita raisi «O‘ztransgaz» AJning magistral gaz quvurlari holatiga doir ma'lumotlarni ham ochiqladi. Unga muvofiq, magistral gaz quvurlarining umumiy uzunligi 13291 km.ni tashkil etadi. Shundan, 11500 km.dan ortig‘i 20-30 yil avval tortilgan gaz quvurlaridir.

Shu munosabat bilan, tizimli ravishda magistral gaz quvurlarida ichki diagnostika ishlari amalga oshirish hamda uning natijasidan kelib chiqqan holda, magistral gaz quvurlarini mukammal ta'mirlash yoki nosoz uchastkalarini almashtirish zarur. Qo‘mita raisiga ko‘ra, birinchi navbatda quyidagi magistral gaz tarmoqlariga e'tibor qaratilishi darkor:

«Buxoro - Ural» I- va II-tarmoqlari (1964 yilda ishga tushirilgan);

«SATs» (Srednaya Aziya Tsentr-O‘rta Osiyo Markaz) II-tarmoq (1968 yil);

«Paxtakor - Yangiyer» I-tarmoq (1984 yil);

«Gazli-Chimkent» (1989 yil);

«Xovos-Farg‘ona» II-tarmoq (1988 yil);

«BGR-TBA» (Buxoro gazli mintaqasi – Toshkent – Bishkek – Alma-ata) I-tarmoq (1981 yil).

Bundan tashqari, xalqaro ilg‘or tajriba va texnologiyalar tahlili asosida «Magistral gaz quvurlaridan foydalanish, talablari va foydalanish muddatlarini uzaytirish hamda diagnostika ishlarini amalga oshirish qoidalari»ni ishlab chiqish va o‘rnatilgan tartibda qabul qilish, yer uchastkasini tanlash bo‘yicha xulosa beradigan vakolatli organlar ro‘yxatiga «O‘ztransgaz»AJ ham kiritish, magistral gaz quvurlari himoya zonalarida aniqlangan noqonuniy qurilmalarni boshqa joyga ko‘chirish yoki buzish bo‘yicha darhol sud organlariga murojaat qilish hamda sud organlari qarorlarining ijrosini to‘liq ta'minlash talab etiladi.

Mavzuga oid