O‘zbekiston | 00:35 / 20.02.2020
12986
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Turkiyani ishonchli va muhim sherik sifatida alohida e'tirof etaman»

«Aziz do‘stim janob prezident bilan bo‘lgan suhbatlarimiz tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz», dedi O‘zbekiston yetakchisi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi oliy darajali delegatsiyaning Anqaraga tashrifi ilk kuni yakunida ikki davlat rahbarlari ishtirokida brifing tashkil etildi.

Kun.uz muxbirining Anqaradan xabar berishicha, Mirziyoyev hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan bo‘lgan muzokaralarni «juda batafsil, ochiq va samimiy» deya ta'riflagan.

«Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasiga qardosh Turkiya zaminida ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, samimiy mehmondo‘stlik uchun Turkiya prezidenti, qadrdon do‘stim Rajab Toyyib Erdo‘g‘an janobi oliylariga hamda birodar turk xalqiga chin qalbimdan tashakkur izhor etaman», dedi Mirziyoyev so‘zi avvalida.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida tarixiy va ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini ta'kidladi.

«Oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi do‘stona aloqalarimiz tarixida yangi sahifa ochadi», dedi O‘zbekiston prezidenti.

Shavkat Mirziyoyev qardosh xalq rasmiylari bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar «juda batafsil, ochiq, samimiy va ishonch ruhida» o‘tganini qayd etdi.

«O‘rtamizda juda sermazmun suhbat bo‘ldi. O‘zbek-turk munosabatlarining holatiga baho berdik. Hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirishga qaratilgan vazifalarni belgilab oldik», dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar aksariyat dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek BMT, IHT va Turkiy tilli davlatlar kengashi doirasidagi yondashuvlar ham mushtarak ekanini ko‘rsatgan.

Shuningdek, muhokamalarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni jadallashtirish ustuvor vazifa ekani yana bir bor ta'kidlangan. Oxirgi yillarda o‘zaro savdo hajmi 2 barobarga oshgani, mingga yaqin qo‘shma shirkatlar tashkil etilgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

«Tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyat va salohiyat mavjudligini e'tirof etdik va hamma sohalar bo‘yicha batafsil kelishib oldik. O‘ylaymanki, bu besh milliard ham hali biz uchun chegara emas. Nimaga desangiz, niyatlarimiz juda katta», deya urg‘u berdi O‘zbekiston prezidenti.

Mirziyoyevning aytishicha, bugungi yig‘ilish hali ishga solinmagan katta rezerv imkoniyatlar borligini ko‘rsatgan.

«Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan qo‘shimcha 1 milliard dollardan ortiq loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bu jarayonlarni ham ikki tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldik», dedi davlat rahbari.

Muzokaralarda zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishdagi hamkorlikni kuchaytirish kerakligi ham ta'kidlangan.

«Biz Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish haqida har tomonlama fikrlashib oldik. Bu davlatda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish mamlakatlarimizning umumiy manfaatlariga to‘la mos keladi», deb qayd etdi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston yetakchisiga ko‘ra, muzokaralarda ijtimoiy-madaniy sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi haqida ham so‘z borgan.

«Ertaga ochiladigan Turkiya prezident devonining Xalq kutubxonasi va O‘zbekistondagi kutubxona-axborot markazlari o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatish dolzarb ahamiyatga ega», dedi u.

Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ilk yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi.

Mirziyoyev Turkiya Respublikasini «xalqaro maydonda obro‘-e'tibori va nufuzi tobora oshib borayotgan mamlakat» deb ta'riflab, uni «ishonchli va muhim sherik sifatida» alohida e'tirof etdi.

«Qardosh xalqlarimiz taraqqiyotida, tinch va farovon hayot qurish yo‘lida an'anaviy do‘stlik, istiqbolli hamkorligimizni yangi bosqichga ko‘tarish uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etishga tayyormiz.

Aynan shu tamoyillar muloqotimiz yakunida imzolangan qo‘shma bayonot va «yo‘l xaritasi»da o‘z ifodasini topdi.

Muxtasar aytganda, aziz do‘stim janob prezident bilan bo‘lgan suhbatlarimiz tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.

U so‘zi yakunida Turkiya prezidentini strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish maqsadida O‘zbekistonga taklif etdi.

Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Rasmiy tadbirlar yakunlangach, Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva sharafiga Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va uning rafiqasi Emina xonim tomonidan qabul marosimi tashkil etildi.

Tadbirda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyasi a'zolari, davlat va jamoat arboblari ishtirok etdi.

Mavzuga oid