Fan-texnika | 22:04 / 21.02.2020
10460
3 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis IMEI-kodlari bo‘yicha jamoaviy murojaat yuzasidan ishchi guruh tuzdi

Bugun, 21 fevral kuni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan press-brifing o‘tkazildi. Unda MeningFikrim.uz axborot portali orqali mobil qurilmalarni IMEI-kodlari bo‘yicha to‘lov olinishi yuzasidan jamoatchilik murojaati kelib tushgani, vaziyatni o‘rganish maqsadida Oliy Majlis tomonidan ishchi guruh tuzilgani xabar qilindi. Qo‘mita raisi o‘rinbosari Doniyor G‘aniyev ishchi guruh rahbari sifatida jamoaviy murojaat o‘rganishda qilinadigan ishlar bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Doniyor G‘aniyev / Qonunchilik palatasi

«14 dekabrda MeningFikrim.uz axborot portaliga mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni soddalashtirish bo‘yicha jamoaviy murojaat joylashtirilgan. Unda jismoniy va yuridik shaxslardan mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olishda to‘lovlarni bekor qilish va tizimni soddalashtirish tartibini joriy etish bo‘yicha taklif bildirildi. Joriy yil 17 fevral kuni murojaat 10 mingdan ortiq ovoz to‘pladi, fuqarolar 400dan ortiq fikr qoldirishgan.

Murojaat yetarli ovoz to‘plagandan so‘ng tegishli vakolatli davlat organi tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilangan. Shu sababli, murojaat Oliy Majlis palatasi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan o‘rganilib, 19 fevralda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri va Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasiga o‘rganish uchun kiritildi.

Qo‘mita tomonidan vaziyatni o‘rganish maqsadida 8 kishidan iborat ishchi guruh tuzildi. Uning tarkibida 4 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, 4 nafar soha mutaxassislari bor. Kecha ishchi guruh tarkibi shakllantirildi. Bugun axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasiga so‘rovnoma yuborildi. Bunda ushbu tashkilotlardan IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha statistik ma'lumotlar, undan tushadigan mablag‘lar hajmi, mobil qurilma texnikalari importi dinamikasi tahlili o‘tkaziladi.

24-28 fevral kunlari masala joyiga chiqib o‘rganiladi. Bunda ro‘yxatdan o‘tish markaziga boriladi. Foydalanuvchilar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkaziladi. Shundan so‘ng qo‘mita tomonidan olingan axborotlar to‘planib umumiy xulosa tayyorlanadi. 5 mart kuni esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida deputatlar tomonidan bu masala muhokama qilinadi», deya G‘aniyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid