O‘zbekiston | 16:15 / 21.02.2020
30222
8 daqiqa o‘qiladi

«Savdo savdosizlikdan yaxshiroqdir» - Ekspert YeOIIga qo‘shilish haqida

O‘zbekistonning YeOIIga kirish-kirmaslik mavzusi bo‘yicha bahslar hanuz davom etmoqda. Bu masala prezident murojaatida ham alohida bandni egalladi va parlamentga havola qilindi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov bilan suhbatimiz ayni shu masalaning iqtisodiy jihatlari haqida bo‘ldi.

Ma'lumot uchun: Hakimov Obid Orziqulovich, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori. 1977 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Toshkent moliya institutini, 2000 yilda AQShning Vanderbilt universiteti va 2006 yilda Midl Tennessi davlat universitetini (AQSh) tamomlagan. Toshkentdagi Vestminster universitetida iqtisodiyot bo‘yicha prorektor va Davlat boshqaruvi akademiyasida prorektor bo‘lib ishlagan. 2017-2018 yillarda prezident devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati sektor mudiri bo‘lgan.

– Obid aka, prezident bu masala bo‘yicha yakuniy fikrga kelishni parlamentga havola qildi. Nima deb o‘ylaysiz, yangi parlament bu borada to‘g‘ri qaror chiqarishga qodirmi?

– Hammasi parlamentga taqdim qilinadigan ma'lumotlar, aql markazlarining xulosalari, aniq hisob-kitoblarga bog‘liq. Parlamentning har ikki palatasi bu ma'lumotlar bilan jiddiy tanishib chiqqandan keyingina bu borada yakuniy fikrga kelish mumkin. Eng muhimi, davlatimizning bu ittifoqqa qo‘shilish-qo‘shilmasligi, to‘laqonli a'zo yoki kuzatuvchi bo‘lishi bevosita O‘zbekistonning o‘zi hal qiladigan masala.

– Parlament ma'lumotlarga tayanib xulosa qiladi, deyapsiz. Ammo bu masalada turli mutaxassislarning iqtisodiy hisob-kitoblari keskin farqlanadi, ya'ni bir-biriga zid keladi. Nahotki respublika miqyosida aniq xulosa bera oladigan mutaxassislar yoki ishchi guruhi yo‘q bo‘lsa?

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori
Obid Hakimov

– Iqtisodiy hisob-kitoblar emas, fikrlar, bahslar jarayonidagi ehtirosli gaplar desak to‘g‘ri bo‘ladi nazarimda. Hisob-kitoblar bor albatta va ular muntazam o‘rganilmoqda. Mana, yanvar oyida bizning institut O‘zbekistonning YeOIIga kirishi qanday iqtisodiy o‘zgarishlarga olib kelishi bo‘yicha batafsil tadqiqotlar natijalarini joylarda taqdim qildi. Nafaqat biz, balki Germaniyaning Berlin Economics konsalting tashkiloti, Rossiyaning Gaydar iqtisodiyot va siyosat instituti, Boston konsalting instituti kabi ko‘plab aql markazlari ham ayni shu masalada tadqiotlar olib borishmoqda. Aytish mumkinki, ularning tadqiqotlari natijalarida keskin farqlar yo‘q.

Masalan, Berlin Economics ma'lumotlarida O‘zbekiston iqtisodiyoti bu integratsiya natijasida 0,3 foizga oshishi prognoz qilingan bo‘lsa, bizning hisob-kitoblarimizda bu ko‘rsatkich 0,9, Gaydar institutinikida 1 foizni tashkil qiladi va bu qo‘shilish ittifoqqa 700 mln dollar atrofida foyda keltirishi aniqlangan.

– Shu paytgacha Rossiyaning yaqin hamkori, ittifoqdoshi hisoblangan, YeOII a'zosi bo‘lgan Belarus so‘nggi paytlarda Rossiya bilan neft narxi va shu kabi masalalarda kelisha olmayapti. Hatto Belarus tomonida Rossiya neftidan to‘liq voz kechish varianti ham yo‘q emas. YeOII a'zolari o‘zaro kelisha olmayotganda, O‘zbekiston uchun shu ittifoqning nimasi qiziq yoki manfaatli?

– Hammasi o‘zaro tortishuv ildizi nimadaligida. Bu yerda masala Rossiya ittifoqdosh sifatida Belarusga neftni bojsiz sotayotganiga borib taqaladi. Darvoqe, agar ittifoqqa qo‘shilsak, biz ham bu imtiyozdan foydalanib qulay narxlarda neft xarid qilishimiz mumkin. Lekin bu neft faqat ichki ehtiyoj uchun mo‘ljallangan. Ammo Belarus bu neftni qayta ishlab, benzin qilib Yevropaga sotadi va o‘ziga yarasha foyda ko‘radi. Bu iqtisodiy masala va uni siyosiylashtirish kerak emas. Iqtisodiy bahs-munozaralar bo‘lib turadi.

– YeOII markazida siyosiy va iqtisodiy qudrati kuchli bo‘lgan Rossiya turadi. Bu davlatdagi siyosiy vaziyatning o‘zgarishi, deylik, u yerda yangi avlod siyosatchilari hokimiyat tepasiga kelsa, sobiq MDH davlatlari o‘rtasida yangicha kelishuvlar yuzaga kelishi ehtimolini qanday baholaysiz? YeOIIning kelajagi bunday holda nima bo‘ladi?

– Avvalo shuni ta'kidlardimki, YeOIIda qaror qabul qilish faqat Rossiyaga bog‘liq emas. Bu ittifoq tarkibida hozir besh davlat – Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Armaniston va Qirg‘iziston bor va ularning har biri teng huquqli a'zolardir. Misol uchun, biror masalada Qirg‘iziston qarshi bo‘lsa, shu qaror qabul qilinmaydi. Albatta, har qanday ittifoq tarkibida bitta yirik va iqtisodi nisbatan kuchli davlat bo‘ladi, Yevropa ittifoqida bu Germaniya, Arab ligasi davlatlarida bu Saudiya Arabistoni. Endi, Rossiyada hukumat almashinishiga kelsak, bu ittifoq asosida iqtisodiy manfaatlar yotadi va bu integratsiya davlatlarga foydali bo‘lsagina qo‘shiladilar. Demak, hukumat almashinuvidan keyin ham iqtisodiy jihat ahamiyatini yo‘qotmaydi.

– YeOIIga a'zo bo‘lishimiz Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish uchun harakatlarimizga qanday ta'sir ko‘rsatadi? YeOII atrofidagi so‘nggi bahs-munozaralar fonida JSTga a'zo bo‘lish chetga surilib qolganday tasavvur uyg‘otadi.

– Bu ittifoqqa qo‘shilish masalasida faqat 4ta davlat bilan muzokaralar olib borsak, Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish masalasida esa 160dan ortiq davlatlar bilan muzokaralar olib boramiz. Albatta, har qanday integratsiya jarayonida hamma yutavermaydi, qaysidir soha yutqazadi, qaysidir soha yutadi. Eng muhimi, qanday shartlar asosida qo‘shilishda. Iqtisodiyotda shunday gap bor – savdo savdosizlikdan yaxshiroqdir. Ko‘p yillar yopiq iqtisodiyot uslubini qo‘llab, yo‘qotishlarga duch keldik. Har qanday davlat ko‘proq davlatlar bilan savdoni kuchaytirsa, iqtisodi kuchayaveradi. JSTga qo‘shilish masalasida ham jiddiy ishlar olib borilyapti, ishchi guruhlar tinimsiz ishlashyapti.

Qolaversa, YeOIIning Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston kabi a'zo davlatlari ayni paytda JST a'zosi hamdir. Bu ikki tuzilma talablari bir-biriga zid kelmaydi. YeOII nizomida agar bu ittifoqning biror normasi JST normasiga zid kelsa, JST normalariga ustunlik berilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

– Bu ittifoqqa qo‘shilish masalasida migrantlar omili muhim rol o‘ynaydi. Bu borada qanday tadqiqotlar bor?

– O‘zbekistonning 2,2 million fuqarosi hozir Rossiyada mehnat muhojirligida. Ular agar ishini yo‘qotsa yoki hujjati muddati o‘tsa, juda qisqa vaqtda noqonuniy maqomga o‘tib qolishadi. Ko‘pchiligi oilalarini olib bora olishmaydi, chunki oila a'zolariga ham juda ko‘p hujjat to‘g‘rilash kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, patentlar uchun yiliga 1-1,5 ming dollar atrofida sarflashadi va umumiy hisoblaganda bu ham katta mablag‘larni hosil qiladi.

Ittifoqqa a'zo bo‘lgan boshqa davlatlar fuqarolari esa shu ittifoq doirasida ishchi kuchi, kapital erkin aylanishidan foydalanib, nisbatan ancha erkin harakatlanishadi, hujjatlarni oson rasmiylashtirishadi, ko‘pchiligi oilalari bilan birga yashashadi. Bu jihatdan YeOIIga qo‘shilish ko‘pchilikka foyda keltiradi.

Abror Zohidov suhbatlashdi,
tasvirchi Sherzod Egamberdiyev

Mavzuga oid