Urgutda Prezident topshirig‘i bilan qurilgan kutubxona binosi boshqa tashkilotga berib yuborildi
Kun.uz'ga Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi kitobxondan kelgan maktubda Prezident topshirig‘i bilan qurilgan kutubxona binosi Yoshlar ittifoqining tuman kengashi ixtiyoriga berib yuborilgani aytiladi. Holatga aniqlik kiritish maqsadida Urgut tumaniga safar qildik.
Vaziyat haqida tasavvurga ega bo‘lishingiz uchun voqealarning qisqa xronologiyasini keltirib o‘tamiz.
Bundan ikki yil oldin, 2018 yil 17-18 mart kunlari Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, viloyat faollari bilan uchrashganida urgutlik ijodkorlardan biri davlat rahbaridan tumandagi «Navoiy» kutubxonasini ta'mirlashda yordam so‘raydi.
Prezident esa murojaat egasiga kuyunchaklik uchun minnatdorlik bildirib, bir emas, ikkita kutubxona qurib berishga ham tayyor ekanini bildiradi va mutasaddilarga barcha qulayliklarga ega axborot kutubxona markazi binosi qurib berish bo‘yicha ko‘rsatma beradi.
20ga yaqin mutolaa zali, 4ta muhokama va kompyuter xonalarga ega axborot-kutubxona markazi 2019 yilda, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan 3,8 milliard so‘mga qurib bitkaziladi. OAVda «Prezidentdan so‘ralgan kutubxona qurib bitkazildi» mazmunida xabarlar e'lon qilinadi.
Ammo bino Urgut tuman hokimligining 2019 yil 21 apreldagi tuman xalq deputatlari kengashining 2019 yil 29 iyundagi qaroriga asosan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Urgut tuman kengashi balansiga o‘tkaziladi.
Bugungi holat shuki, Urgut tumanidagi axborot-kutubxona markazi o‘z binosiga ega emas. Prezident topshirig‘i bilan qurilgan bino esa Yoshlar ittifoqi tuman kengashi balansida.
20 mingtacha kitoblar ana shu binoning yerto‘lasida. Kutubxonaning ma'muriy xonalari binoning birinchi qavatida.
Yoshlar ittifoqi tuman kengashi esa yuqori qavatni band etgan va bu tashkilot axborot-kutubxona markaziga shu binoda qolish uchun ijara shartnomasi taklif etmoqda.
Yoshlar ittifoqi tuman kengashi rahbari bilan gaplashganimizda bu shartnomaning beg‘arazligini, kutubxona faqat kommunal to‘lovlarni to‘lashi lozimligini ma'lum qilmoqda.
Shuningdek, kelishib, har ikki tashkilot ham bemalol faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi, qolaversa, kitoblarni yerto‘lada saqlash avvaldan loyihada ko‘zda tutilganini aytmoqda.
To‘lovsiz shartnoma, kelishib joylashish borasidagi fikrlar bir tomondan to‘g‘ri. Biroq, mantiqan olib qaraganda, axborot-kutubxona markazi Yoshlar ittifoqi tuman kengashiga beg‘araz shartnoma taklif qilishga ko‘proq haqli emasmi aslida? Bino aslida kim uchun qurilgan? Nega Prezident topshirig‘i bilan axborot-kutubxona markazi o‘zi uchun qurilgan binodan Yoshlar ittifoqining «beg‘araz yordami» asosida foydalanishi kerak? Muammo ana shunda.
Urgut tuman hokimi o‘rinbosarining masala yuzasidan fikrini eshitdik. Unga ko‘ra, haqiqatan ham bino kutubxona uchun davlat rahbari topshirig‘i bilan ATKni rivojlantirish vazirligi tomonidan qurilgan. Ammo o‘sha paytda vazirlik hududiy organlari o‘z balansiga olmagani sababli bino Yoshlar ittifoqi tuman kengashi balansiga o‘tkazilgan.
Endilikda viloyat hokimi topshirig‘iga asosan, tez orada Yoshlar ittifoqi tuman kengashini boshqa binoga ko‘chirish va binoni kutubxonaga qaytarish rejalashtirilgan, demoqda hokimlik vakili.
Darvoqe, bu orada Prezidentning kutubxonalar faoliyati bilan bog‘liq yana bir qarori chiqdi. 2019 yil 7 iyunda e'lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi mazkur qarorda tumanlar (shaharlar) markazlarida tuman (shahar) axborot-kutubxona markazlarini joylashtirish va ularning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun binolarni belgilangan tartibda ajratish vazifasi qo‘yilgan.
Aniqlanishicha, hokimlik binoni shu qaror sababli kutubxonaga qaytarishga kirishgan.
2019 yil 14 noyabr va 2020 yil 13 yanvar kunlari tuman hokimligi tomonidan Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisiga binoni hokimlik zaxirasiga olish uchun rozilik so‘rab, ikki marta xat yuborilgani aytilmoqda.
Tuman hokimi o‘rinbosarining aytishicha, endilikda Yoshlar ittifoqiga qayta xat yuboriladi va yoki kimdir Toshkentga borib, Yoshlar ittifoqi raisiga masalani yuzma-yuz tushuntiradi.
Masala yuzasidan Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Prezident topshirig‘i asosida axborot resurs markazi bunyod etilgan va u keyinchalik Urgut tuman Xalq deputatlari tuman kengashi va tuman hokimining qarorlari bilan ittifoqning tuman kengashi balansiga o‘tkazilgan. Shundan so‘ng, binoni saqlash uchun bir necha shtat birliklari joriy etilgan.
Markaziy Kengash matbuot xizmatining ma'lumotida Urgut tuman hokimining binoni qaytarish masalasidagi xatlari kelib tushgan yoki tushmagani haqida ma'lumot berilmagan.
Qiziq, kutubxona binosini boshqa bir tashkilotga «qo‘sh qo‘llab» topshirgan hokimlikning o‘zi. Nega endi uni qaytarish uchun shu tashkilotning yuqori organidan rozilik so‘ralishi kerak? Nahotki shu qarorni qabul kelishdan avval uning oqibatlari haqida o‘ylab ko‘rilmagan bo‘lsa?
Urgutdagi bu bino Axborot resurs markazi ixtiyoriga qaytarilib, tuman aholisiga axborot-kutubxona xizmatlari ko‘rsatilishi barqaror ta'minlanadimi yo yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
Bu yog‘i mutasaddilarning davlat rahbari topshiriqlariga qay darajada e'tibor qaratishlariga bog‘liq.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
11:38 / 17.11.2024
Samarqandda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi
09:18 / 17.11.2024
Bolalar ombudsmani Samarqandda jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qiz bilan uchrashdi
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024