O‘zbekiston | 10:17 / 22.02.2020
2868
3 daqiqa o‘qiladi

Qimmatbaho metallar muomalasi sohasida davlat organlarining vakolatlari aniq chegaralanadi

Yangi qonun loyihasining qabul qilinishi qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanmasining oldi olinishiga yordam beradi

Foto: Getty Images

«O‘zbekzargarsanoat» uyushmasida Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan «Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

Parlament saytida xabar qilinishicha, Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan mazkur qonun loyihasining maqsadi mamlakatning iqtisodiy, ilmiy va ijtimoiy-madaniy manfaatlarini ta'minlash, O‘zbekiston sub'yektlarining qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni qazib olish, ishlab chiqarish, ulardan foydalanish hamda ularning muomalada bo‘lishi sohasida shartnomalar tuzish xususiyatlarini belgilashdan iborat.

Loyihada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi munosabatlarni kompleks huquqiy tartibga solish, zargarlik buyumlari asillik darajasini belgilash, tamg‘alash tizimi, shuningdek, ularning sifatini nazorat qilish tartib-taomillarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik mexanizmini qo‘llagan holda takomillashtirish masalalari e'tiborga olingan. Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi sohasidagi davlat organlari, boshqa ishtirokchilarning vakolatlari hamda javobgarlik sohasini aniq chegaralash ko‘zda tutilgan. Sohaga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratish va raqobat muhitini yaxshilash masalalari e'tibordan chetda qolmagan.

Shu bilan birga, loyihada kelgusida sohada tenglik muhitni yaratish, mahsulotlarning tannarxini tushirish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, tadbirkorlik sub'yektlari uchun ko‘proq erkinlik va imkoniyat berish asosida yangi ish joylarini tashkil etishdan hamda soliq tushumlar miqdorini ko‘paytirish kabilar nazarda tutilgan.

Amaldagi «Qimmatbaho metallardan yasalgan buyumlarning asillik darajasini belgilash va tamg‘alanishi to‘g‘risida»gi qonun faqat realizatsiya qilishga mo‘ljallangan qimmatbaho metallardan yasalgan zargarlik buyumlarning asillik darajasini aniqlash va tamg‘alashga bag‘ishlangan bo‘lib, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar sohasini to‘liq qamrab olmagan.

Muhokama etilayotgan qonun loyihasi ushbu sohada qimmatbaho metallarni va toshlarni qazib olishni, ularni affinaj qilishni, zargarlik buyumlarini asillik darajasini belgilash va tamg‘alash tartibini, davlat organlarining vakolatlarini, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarga egalik huquqlarining vujudga kelishini, ishlab chiqaruvchilar va iste'molchilarning huquqlarini himoya qilishni, shuningdek sohada ruxsat etish tizimining asoslarini belgilab beradi.

Bundan tashqari, hozirda ushbu sohada mavjud bo‘lgan xufiyona iqtisodiyotni bartaraf etishga va sohada qonuniy faoliyat yuritishga imkoniyat hamda zamin yaratadi.

Bildirilishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik sub'yektlarning shu sohadagi faoliyatini jadal rivojlantirishga, ularning huquqlarining ishonchli himoya qilinishiga, qimmatbaho metallarning noqonuniy aylanmasining oldi olinishiga yordam beradi.

Mavzuga oid