Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ispaniyadagi mehmonxonada yuzlab mijozlar karantinga olindi. Koronavirus bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlar
Ispaniyaning Tenerife orolidagi mehmonxonaning yuzlab mijozlari karantinga joylashtirildi. Bunga mehmonlardan biri - italiyalik shifokorda koronavirus aniqlangani sabab bo‘ldi.
Ushbu shifokor ayni vaqtda koronavirus avj olgan Italiya shimolidagi Lombardiya viloyatidan orolga ta'tilini o‘tkazish uchun kelgandi.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab ushbu koronavirusdan zararlanganlar soni 80 ming nafardan oshib ketgan, qurbonlar soni 2700 nafarni tashkil qilmoqda. Zararlanish holatlarining aksari Xitoy hududida qayd etilgan.
Dushanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ehtimoliy pandemiyaga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida ma'lum qildi. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu virusdan zararlanganlar orasida o‘lim holatlari 1-2 foizdan oshmayotgan bo‘lsada, tibbiyot xodimlari o‘lim darajasining haqiqiy ko‘rsatkichlari boshqacha bo‘lishi mumkinligini tusmol qilishmoqda.
Koronavirus avj olishi jahon iqtisodiyotiga zarar keltirishda davom etmoqda: London va Nyu-Yorkdagi holatlar ortidan Tokio birjalarida ham aksiyalar kursi keskin tushishi kuzatilmoqda.
Tenerifeda nima bo‘ldi?
Ispaniyaning El Pais nashri Kanar orollaridagi Tenerife shahri politsiyasi hamda tibbiy xizmatlardagi manbalarga asoslanib xabar berishicha, hudud janubiy-g‘arbida joylashgan to‘rt yulduzli H10 Costa Adeje Palace mehmonxonasining barcha mijozlarini tekshirish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Ushbu mehmonxona mijozlaridan biri feysbukdagi sahifasida xonasi eshigiga qistirib ketilgan qog‘oz suratini namoyish etdi. «Biz katta afsus bilan ma'lum qilamizki, tibbiy sababga ko‘ra ushbu mehmonxona yopildi. Siz hukumatning keyingi farmoyishiga qadar xonangizda qolishingiz kerak», deya yozilgan unda.
Ispaniyadagi nashrlarning yozishicha, ushbu farmoyishga rioya etilishi xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan nazorat qilinmoqda, ular mehmonxonadagilar tashqariga chiqishiga ruxsat berishmayapti.
Bi-bi-si muxbiri bilan gaplashgan mehmonlarning biri aytishicha, mijozlar mehmonxona ichkarisida harakatlanishiga ruxsat berilgan.
«Biz oyna orqali xavfsizlik xizmati xodimlari va mehmonxonaning o‘nlab xodimlarini mehmonxona darvozasi oldida yig‘ilib turgan holda ko‘rdik», deya boshqa bir sayyoh Kristofer Betsning so‘zlarini keltirmoqda Reyter agentligi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxona mijozlariga hech qanday ma'lumot berilmagan va tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilmagan.
Dushanba kuni koronavirus aniqlangan italiyalik shifokor mahalliy shifoxonaga joylashtirilgan. U yerda undan qo‘shimcha tahlil namunalari olinadi. U mehmonxonaga turmush o‘rtog‘i bilan kelgandi.
Ayni vaqtda Italiyada Yevropadagi koronavirus bilan zararlanish holatining eng yuqori ko‘rsatkichi kuzatilmoqda - mamlakat shimolida 231 kishida infeksiyadan zararlanish qayd etilgan. Dam olish kunlarida mamlakat hukumati epidemiya tarqalishi oldini olish uchun qo‘shimcha favqulodda choralar haqida e'lon qildi.
Lombardiyaning bir qancha yirik shaharlarida va Venetsiyada karantin holati joriy etilgan: ikki hafta davomida 50 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etmasligi kerak.
Hududda ko‘plab madaniy tadbirlar, karnavallar va ko‘rgazmalar, shuningdek Italiya chempionati doirasidagi futbol uchrashuvlari qoldirilgan.
Jahonning boshqa mamlakatlarida qanday ahvol?
- Xitoyda dushanba kuni yana 508 kishida koronavirusdan zararlanish holati qayd etilgan. Mamlakatda virus yuqtirganlarning jami soni 77 mingdan oshgan, 2663 kishi halok bo‘lgan.
- Janubiy Koreyada koronavirusdan 10 kishi halok bo‘lgan, virusdan zararlanganlar soni 977 nafarga yetgan. AQSh hukumati o‘z fuqarolariga juda zarur bo‘lmagan hollarda Janubiy Koreyaga bormaslikni tavsiyaqilmoqda.
- Yaponiyada virusdan zararlanishning 850 holati tasdiqlangan. Ularning aksar qismi «Daymond prinsess»da karantinda bo‘lganlardir, bu kemada bo‘lganlarning 4 nafari vafot etdi.
- Eronda yana uch kishi virus yuqtirish oqibatida vafot etdi va rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 15 kishiga yetdi. Zararlanganlarning aniq soni ma'lum emas. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, bu mamlakatda virus qurbonlari soni 50dan oshib ketgan. Bugun Eron sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari ham koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi.
- Fors ko‘rfazi davlatlari, jumladan, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahrayn virus tarqalishi oldini olish uchun aviareyslarga cheklov o‘rnatgan.
- AQSh koronavirusga qarshi kurashish uchun 2,5 mlrd dollar ajratmoqchi, bu mablag‘lar karantin uchun sharoitlarni yaxshilash, vaksina ishlab chiqarish va epidemiya tarqaladigan shtatlarga yordam berish uchun sarflanishi ko‘zdatutilgan. Hozircha Amerikada virusdan zararlanishning 53 holati qayd etilgan.

Mavzuga oid
23:21 / 15.05.2025
Osiyoda COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshdi
00:12 / 05.05.2025
Ispaniyada farzandlarini to‘rt yil uydan chiqarmagan ota-ona hibsga olindi
23:29 / 03.07.2021
AQShda hayvonlar sinov tariqasida koronavirusga qarshi emlanmoqda
13:47 / 03.07.2021