Jamiyat | 18:53 / 27.02.2020
17888
7 daqiqa o‘qiladi

«Optimist»: Xorijda $30000 turuvchi protezni 6-8 barobar arzon ishlab chiqara olamiz

Yaqin yillarda paydo bo‘lganiga qaramay, butun dunyoda ommalashishga ulgurgan robototexnika sohasi kelajak kasblaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda. «Optimist» ruknining navbatdagi qahramoni Firdavs Ne'matzoda yosh bo‘lsa-da, O‘zbekiston robototexnika sohasida o‘z o‘rniga ega.

Firdavsning faoliyatini uch jihat asosida alohida qayd etish mumkin: u robototexnika bo‘yicha izlanishlar olib borib, foydali loyihalarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, o‘zining o‘quv markazini ham tashkil etgan − bu yerda bolalarga robototexnika bo‘yicha bilim beriladi.

Qolaversa, Firdavs Ne'matzoda yaqinda tashkil etilgan Yoshlar akademiyasiga ham rahbarlik qilmoqda.

Ilk o‘zbek gumanoid robot ixtirochisi

Turin politexnika universitetida mexatronika va axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qib, Yaponiya va Italiyada ham soha professionallaridan bilim olgan. Uning robototexnika bo‘yicha eng katta loyihasi Just deb nomlanadi.

Just bu − robot. Oddiy robot emas, gumanoid robot. Ya'ni tashqi tuzilishi jihatidan ham, imkoniyatlari jihatidan ham odamga o‘xshaydi.

«Just’ning boshqa robotlardan ustunligi – uning odamga o‘xshashligi hisoblanadi. Tanasini, ya'ni ustki qismlarini o‘zimiz 3D printerlarda tayyorlaganmiz.

Robotni sun'iy intellekt boshqaradi. Intellekt Google platformasiga ulab qo‘yilgan. Internetga ulanganda u siz bergan har qanday savolga javob beradi. Aniqrog‘i, savolni oniy lahzalarda qidiruv tizimiga yuboradi, javobni topib, sizga shuni o‘qib beradi.

Lekin hali o‘zbek tilini «bilmaydi». Chunki Google plaftormasiga o‘zbek tili kiritilmagan. Faqat o‘zimiz yozib kiritgan o‘zbek tilidagi tayyor matnlarni gapirishi mumkin», − deydi ixtirochi.

Just muallifining aytishicha, robot tuzilishi va imkoniyatlari nuqtayi nazaridan O‘zbekistonda yaratilgan boshqa robotlardan ancha mukammal. Uning belgacha bo‘lgan qismi harakatlanadi. Oyoqlarni ham harakatlantirish ustida hali ish davom etmoqda.

«Just’dan biznes maqsadida foydalanish haqida o‘ylaganmiz. Misol uchun, uning imkoniyatlari yanada takomillashtirilsa, ofitsiantlik xizmatini a'lo darajada bajara oladi. Hozirgi holatida robotning tannarxi 1,5 ming dollarni tashkil etadi», − deydi muallif.

«Xorijda $30000 turuvchi protezni 6-8 baravar arzon ishlab chiqara olamiz»

Firdavs protez qo‘l tayyorlash mavzusida bakalavr diplom ishini yoqlagan. Hozir ham imkoniyati cheklangan, qo‘li nogiron insonlar uchun protez qo‘l ishlab chiqarish ustida ishlamoqda.

«Buni bakalavriatda o‘qib yurgan paytimdayoq o‘ylab yurardim. Qo‘l uchun protez butun dunyo bo‘yicha 4-5ta mamlakatda ishlab chiqariladi. Ularning o‘rtacha narxi 30 ming dollar. Qo‘lini avariyada yo‘qotgan yoki tegirmonda jarohatlagan odam buncha pulga protez sotib ololmaydi.

O‘zim jamoa shakllantirib, ustozlarim bilan maslahatlashdim. O‘zbekistondagi sharoitni o‘rganib chiqib bildimki, o‘zim shunday protez tayyorlashim mumkin.

Yaponiya va Italiyada tahsil olib yurgan paytimda ham bu loyihani har tomonlama pishitdim, mutaxassislar bilan maslahatlashdim. Asosiy maqsadim protezning narxini maksimal darajada arzonlashtirish edi.

Biz qo‘l protezlarini boshqa davlatlar chiqarayotgan narxdan 6-8 baravar arzon chiqara olamiz».

Bolalar uchun robototexnika

Firdavs Ne'matzoda o‘zining asosiy loyihalari bilan parallel ravishda robototexnika ta'limini ham yo‘lga qo‘ygan.

O‘zining Just Robotics nomli o‘quv markazida olti yoshdan boshlab bolalarga bu soha bilimlarini o‘rgatadi.

Firdavs bilan suhbatlashish uchun aynan Just Robotics’da bo‘lganimizda, kichkina bolalar o‘zlarining boshqa tengqurlari o‘ynab yuradigan o‘yinchoqlarning ichki mexanizmlarini o‘rganish, hatto shu o‘yinchoqlarni o‘zlari yasash bilan mashg‘ul ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan, bolajonlar qo‘llarida turli mexanizmlarni shavq bilan o‘rganishayotgan edi.

«Avvaliga bolalarni 7 yoshdan qabul qildik. Darsni 4 nafar o‘quvchi bilan boshlaganmiz. Keyinchalik ularga qarab boshqa tengdoshlari ham qiziqib kela boshlashdi.

Bolalarning imkoniyati, o‘zlashtirishini kuzatib, balki 6 yoshdan qabul qilarmiz, deb o‘ylab qoldik. 6 yoshli bolalar ham robototexnikaga qiziqib, o‘rgana boshladi. Lekin 6 yoshdan kichik bolalar bu sohaga qiynaladi.

O‘quv marazi Turin politexnika universitetida joylashgan. Oliygoh talabalari darsdan xoli paytlarida o‘zlari qiziqib kelishadi. Haqiqatan ishtiyoqi bor bilimli talabalarni bolalarga dars berish uchun tanlab olganmiz», − deydi ixtirochi.

«Bolani muayyan sohaga yo‘naltirishda, eng avvalo, undagi qiziqishni inobatga olish kerak. Qiziqishi bo‘lsa, qolganini «sug‘urib» olsa bo‘ladi», − deydi u.

Firdavsning aytishicha, respublikada robototexnika kurslari hali kam. Just Robotics mavjud robototexnika kurslari uchun konstruktorlar ishlab chiqarish ustida izlanish olib boryapti.

«Bunday kurslar o‘zlari uchun o‘quv konstruktorlarini qimmatga chet eldan import qiladi. Biz xuddi shu konstruktorni yanada mukammallashtirgan holda sezilarli darajada arzonroqqa tayyorlab, ta'minlab berishimiz mumkin. Qo‘shimchasiga, konstruktorlarga texnik xizmatni ham o‘zimiz ko‘rsatamiz.

Bu – boshqa robototexnika kurslarining qamrovini oshirish va yangi kurslar tashkil etilishini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi. Chunki bu raqobat emas, umumiy maqsad − butun respublika bo‘yicha bolalarga robototexnikani o‘rganish uchun imkon yaratish», − deydi Firdavs Ne'matzoda.

G‘oyalarni qo‘llab-quvvatlovchi akademiya

2019 yilning 30 avgust kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etilgan bo‘lib, Firdavs Ne'matzoda ushbu akademiya rahbari sifatida ham faoliyat olib bormoqda. Akademiya ilm-fan, startaplar bilan shug‘ullanuvchi 40 yoshgacha bo‘lgan iqtidorlarni qamrab oladi.

«Akademiyada g‘oyalar generatori, startaplar, biznes modellari va bo‘lajak akademiklar platformalari mavjud. Biz ularga o‘z g‘oyalarini rivojlantirish, startaplarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, biznes modellarini yaratish va ilm-fan bilan shug‘ullanishlari uchun kerakli resurslarni ta'minlash bilan shug‘ullanamiz.

Akademiya startaplar muvaffaqiyati bo‘lishi uchun yoshlarga turli treninglar, mutaxassislar bilan uchrashuvlar tashkil etadi. Moliyaviy va metodologik yordam ham ko‘rsatiladi», − deydi akademiya rahbari.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.

Tasvirchi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid