Iqtisodiyot | 16:00 / 28.02.2020
24505
6 daqiqa o‘qiladi

Moliya instituti professori: «Muammolarni hal qilmay turib YeOIIga kirish xavfli»

O‘zbekiston YeOIIga a'zo bo‘lib kirsa, bu mahalliy korxonalar uchun halokatli bo‘ladi. Toshkent Moliya instituti professori To‘lqin Boboqulov milliy iqtisodiyotdagi muammolarni hal qilmay turib, ittifoqqa qo‘shilmay turishga chaqirdi.

Foto: eurasiancommission.org

«O‘zbekiston24» telekanali orqali efirga uzatilgan «Qarama-qarshi» ko‘rsatuvida Toshkent Moliya instituti professori To‘lqin Ibodullayevich Boboqulov O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirishi salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida fikr bildirdi.

«Biz hozir YeOIIga kirishga tayyor emasmiz. Chunki hamdo‘stlik davlatlari ichida milliy valutasi biznikichalik qadrsizlangan davlat yo‘q. Milliy valuta muomalaga kiritilganida 1 dollar 7 so‘m edi, hozir 9527 so‘m bo‘ldi. Milliy valutamiz qadrsizlanish sur'ati shu darajada yuqori bo‘ldiki, bu import qimmatlashishiga olib keldi. Natijada korxonalarda mahsulot tannarxi oshib ketdi.

Korxonalarni o‘rgandik, ular qanday ishlayotganiga hayronman. Mahsulotlarni sotishdan olingan yalpi tushum salmog‘ida mahsulot tannarxi 80-85 foiz. Ular 15 foiz bilan qanday ishlayapti? Xarajat juda ham yuqori. Biz hozir YeOIIga yo‘l ochsak, Qozog‘iston, Belarus va Rossiya korxonalari mahsulotlarini arzon sotadi. Bizning korxonalar arzon sotolmaydi, chunki tannarx baland», deya ta'kidladi u.

 
"Qarama-qarshi" ko‘rsatuvidan lavha

Professor: "O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lishga tayyor emas!" Siz bu fikrga qo‘shilasizmi?

Posted by UZBEK TV on Thursday, February 27, 2020

Boboqulov respublika iqtisodiyotida yechimini kutayotgan bir qancha muammolarni aytib o‘tdi.

«Birinchi navbatda inflatsiyani pasaytirish kerak. Inflatsiyani 2023 yilga borib 5 foizga tushirmoqchimiz. O‘tgan yili inflatsiya darajasi Qozog‘istonda 5,4, Rossiyada 3 foiz bo‘ldi, bizda esa 15,2 foiz.

Iqtisodiyotimizda yechilmagan muammolar bor. Birinchisi, to‘lovsizlik muammosi. 2019 yil 1 oktabr holatiga korxonalar o‘rtasidagi debitor qarzdorlik 93 trillion so‘mdan oshdi. Eng yomoni, bu qarzdorlik oldingi yilga nisbatan 16,5 martaga oshdi. Nima uchun? Chunki iqtisodiyotimizda bu qarzdorlikni to‘laydigan pul yo‘q. 2019 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston iqtisodiyotining pul mablag‘lari bilan ta'minlanganlik darajasi bor-yo‘g‘i 17,6 foizni tashkil qildi. Jahon banki ekspertlari iqtisodiyotda monetizatsiya koeffitsiyenti 40 foizdan kam bo‘lsa to‘lovsizlik muammosini hal qilib bo‘lmasligini isbotlagan. Bizda bu muammo 30 yildan beri hal bo‘lmadi. Shuning uchun to‘lovsizlik muammosini hal qilishimiz kerak.

Keyingi muammo - kreditlar juda qimmatlashib ketgani. Kredit foizi kredit oluvchining rentabelligidan baland. Agar kredit foizi kredit oluvchining rentabelligidan yuqori bo‘lsa, bu kredit hech qachon qaytmaydi. Demak, foizni tushirish kerak. Ikkinchisi, davlat budjeti defitsit bilan bajarilyapti, budjet kanali ham yopilib qoldi. Agar iqtisodiyotga budjet effekti bilan xarajatni oshiradigan bo‘lsak, buning ham iloji yo‘q, chunki budjetda defitsit, ortiqcha pul yo‘q.

Eng yomoni, 18ta yog‘-ekstraksiya zavodi bor, asosiy vositalari eskirib ketgan. Agar Rossiyadan yog‘ kirib keladigan bo‘lsa bu zavodlar bir yil ichida yopilishi kerak bo‘ladi. Ularga yuqori aksiz solig‘i qo‘llab, xorijliklarning oldida raqobatbardoshlikni ta'minlab turibmiz. Boshqa tarmoqlarimizda ham tannarx juda baland.

Shuning uchun hozir ichkaridagi o‘ta dolzarb yechilmagan muammolarni hal qilmasdan turib YeOIIga kirish bizning korxonalar uchun juda xavfli», deya fikr bildirdi professor.

To‘lqin Boboqulov / Moliya instituti

O‘zbekistonning YeOIIga kirish-kirmaslik mavzusi bo‘yicha bahslar 2019 yil kuzidan buyon davom etmoqda. Bu masala prezident murojaatida ham alohida bandni egalladi va parlamentga havola qilindi.

Avvalroq tashqi ishlar vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne'matov O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish masalasida hukumatning vaqt jihatidan jadvali borligini aytgandi.

«Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish yoki Jahon savdo tashkilotiga kirish. Solishtirishning hojati yo‘q. Chunki ikkalasiga kirish bo‘yicha ham hozirgi kunda muzokara ketyapti. O‘rganish ketyapti. Birinchi galda O‘zbekiston manfaatlarini hamma tomondan himoya qilib, kelishganimizdan keyingina a'zo bo‘lamiz. YeOIIga ham xuddi shunday.

Hozirgi kunda o‘rganish ketyapti. O‘rganish natijasida parlament tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qilinganidan keyin aniq bir javob bo‘ladi», degandi Ilhom Ne'matov.

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 17 fevral kuni «Human xususiy bandlik agentligi» faoliyatidan jabr ko‘rganlar bilan uchrashuv vaqtida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a'zo bo‘lishi ehtimoli haqida fikr bildirgandi.

«Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kirish masalasida hozirda muhokamalar olib borilmoqda. Masala o‘rtaga tashlangan, hisob-kitob qilinmoqda, qanday foydasi bor, balki zarari bordir, o‘rganilmoqda», — deya ta'kidladi hukumat rahbari.

Hukumat rahbari Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar har oy migrantlar uchun joriy etilgan patent haqini to‘lashga majbur bo‘layotganiga e'tibor qaratgandi.

«Rossiyada ishlayotgan 2,2 million odamning har biri oyiga 100 dollarga yaqin patent uchun pul to‘laydi. Bir yilda 1000 dollar pul ketadi. Endi, agar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘ladigan bo‘lsak, to‘g‘ri, bu kimgadir yoqar, kimgadir yoqmas — o‘zicha siyosatdonlar ko‘payib ketdi: «Mustaqillikni berib qo‘yamiz», deydigan. Kimga beryapmiz mustaqillikni? Mustaqillikning berilishini nimada ko‘ryapsizlar, deb savol beradigan odamning o‘zi yo‘q», degandi Abdulla Aripov.

Mavzuga oid