O‘zbekiston | 12:43 / 28.02.2020
32699
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani «Avayxon» mahallasida bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uy-joylarni ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda jami 1 ming 120 ta xonadondan iborat 17ta ko‘p qavatli uylar qurilishi loyihalashtirilgan. Bugungi kunda 5ta turar joy qad rostlab, ichki pardozlash ishlari olib borilmoqda.

Davlat rahbari xonadonlardan birini kirib ko‘rdi, uylarning qurilish texnologiyasi va energiya tejamkorligiga e'tibor qaratdi.

«Tashqi devorlar bazalt materiali bilan qoplangani ob-havo ta'sirini kamaytirib, xonadonlarning qishda isiq, yozda salqin bo‘lishini ta'minlaydi. Yana bir samarali tomoni – bu to‘liq mahalliylashtirilgan mahsulot», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident mahalliy materiallarni ko‘proq ishlatib, uylarning narxini arzon qilish, ularni turli soha vakillari bilan birga kam ta'minlanganlarga ham ajratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Kredit muddatini uzaytirish, ijaraga berish orqali kambag‘al oilalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta'kidladi.

«Shaharlarda odamlar kommunal xizmatlar sifatsizligidan norozi. Binolarni ekspluatatsiya qiladigan barqaror tashkilotlar, malakali kadrlar yetishmaydi. Yangi obektlar eski tarmoqlarga ulab qo‘yiladi. Butun kvartal birdaniga uzoqdagi stansiyadan isitiladi. Aslida, aql bilan qilinsa, kommunal to‘lovlarni 50 foizgacha arzonlatish mumkin», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi mavzeda avtonom issiqlik stansiyasi qurish, imoratlarni ekspluatatsiya qiladigan va sifatli xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy shirkat tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Hududda yana bir nechta 9, 16  va bitta 25 qavatli turar joy barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyihada zamonaviy qurilish normalari bilan birga milliy qadriyatlarimiz, turli marosimlar uchun qulayliklar ham inobatga olingan. Barcha uylarni 2020 yil sentyabrda foydalanishga topshirish mo‘ljallangan.

Shuningdek, maktab, bolalar bog‘chasi, dam olish va sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, ko‘p qavatli avtoturargoh barpo etilishi loyihalashtirilgan.

Mavzuga oid