O‘zbekiston | 20:40 / 02.03.2020
89708
3 daqiqa o‘qiladi

1 apreldan Toshkentdan propiskasiz uy olishga ruxsat beruvchi farmon imzolandi

O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, keng jamoatchilik istaklari va xalqaro ekspert jamoatchiligi tavsiyalarini inobatga olgan holda Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazining quyidagi takliflariga rozilik berildi:

  • 2020 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulkni olishda O‘zbekiston fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish talab qilinmasligini ko‘zda tutuvchi tartibni joriy etish;
  • O‘zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi va respublikaning boshqa hududlarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida stavkasini bekor qilish.
  • Vazirlar Mahkamasi 2020 yil 1 aprelga qadar qonun hujjatlariga mazkur banddan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ta'minlaydi, unda, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutadi:
  • doimiy propiskaga qo‘yishda Uy-joy kodeksining bir kishi uchun turar-joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalariga rioya etish bo‘yicha talablar;
  • propiskaga qo‘yish bilan bog‘liq jarayonlar va ularni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish mexanizmlari raqamlashtirilishini ta'minlash;
  • hududlarda oliy ta'limning talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarida o‘qitishni tashkil etish, shu jumladan Toshkent shahrida joylashgan yetakchi oliy ta'lim muassasalarining filiallarini ochish;
  • 2030 yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda respublika aholisi uchun Toshkent shahri bilan bir qatorda qo‘shimcha ravishda “o‘ziga tortuvchi markazlar”ni yaratish maqsadida tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatga ega eng yirik shaharlarni belgilash.

Uy-joy kodeksining 42-moddasiga asosan, uy-joy maydonining ijtimoiy normasi bir kishi hisobiga 16 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak (kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironlar uchun esa kamida 23 kv.m.). Ijtimoiy norma Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.

Mavzuga oid