O‘zbekiston | 20:45 / 02.03.2020
13377
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta xomashyosi ishlab chiqarish va majburiy sotish rejasi, uning narxini davlat tomonidan belgilash bekor qilinadi

O‘zbekiston prezidenti farmoni bilan “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.

Foto : KUN.UZ

Farmonda iqtisodiyotni rivojlantirish va investitsiyalarni faol jalb qilish sohasida quyidagilar belgilandi:

2020 yildan boshlab paxta xomashyosi ishlab chiqarish va majburiy sotish rejasi, uning narxini davlat tomonidan belgilash amaliyoti bekor qilinadi va davlatga majburiy g‘alla sotish hajmi 25 foizga kamaytiriladi;

2020 yilda soliq to‘lovchilar tomonidan ortiqcha to‘langan soliq summasi belgilangan muddatda qaytarilmagan holda ushbu summa uchun soliq to‘lovchilarga budjet hisobidan Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng miqdorda foizlar to‘lash hamda ichki bozorda sotilgan mahsulot bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ining bir qismini qaytarish tartibi yo‘lga qo‘yiladi;

2020 yilda litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlar kamida ikki baravarga qisqartiriladi;

2020 yil 1 iyundan boshlab davlat ulushiga ega bo‘lgan banklar transformatsiyasi bo‘yicha “yo‘l xarita”larini amalga oshirishga kirishiladi, aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlari sifati oshiriladi hamda zamonaviy chakana bank xizmatlari turlari ko‘paytiriladi;

2020 yil 1 iyunga qadar eksportni oldindan moliyalashtirishga qaratilgan Eksport-kredit agentligi tashkil qilinadi;

2020 yilda “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasi o‘z vaqtida va to‘liq bajarish, “yuk tashish monitoringi” yagona axborot platformasida tijorat transporti sohasini ro‘yxatdan o‘tkazish, hisobga olish va amalga oshirish monitoringi uchun zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish hamda “E-ombor” tovarlarni hisobga olishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi;

2020 yil 1 iyundan boshlab mahalliy eksport qiluvchilarga yuklarni avtomobil va havo transporti orqali eksport qilish xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplash, shuningdek, tadbirkorlarning infratuzilma barpo etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismi uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmlari joriy etiladi;

2020 yilda kamida 800 mingta keng polosali Internet portlari yaratiladi va 12 ming km optik tolali aloqa liniyalari yotqiziladi.

Mavzuga oid