Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent tumanida 200dan ortiq uy buzilishi mumkin. Aholi noroziligiga uchragan hokimlik qanday yo‘l tutadi?
Noqonuniy qurilmalar buzilishi ortidan noroziliklar davom etmoqda. Toshkent tumanida joylashgan «Ko‘ksaroy» mahallasidagi Damariq ko‘chasida yashovchilar endi nima qiladi?
Respublika bo‘ylab fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish va ularda noqonuniy qurilgan uy-joy, bino, inshoot va boshqa ko‘chmas mulk obektlarini buzish bilan bog‘liq holatlar aholi va davlat idoralari o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar keltirib chiqarmoqda. Mazmunida ana shunday norozilik aks etgan navbatdagi murojaat Toshkent viloyatining Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan yo‘llangan.
Yerlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan
Tahririyat aniqlagan ma'lumotlarga ko‘ra, yuzlab fuqarolar Toshkent tumanining «Ko‘ksaroy» mahallasi hududidagi «Oltintepa Agro» fermer xo‘jaligiga tegishli yerlardan 6 sotixdan uchastkalar sotib olishgan. Mahalliy aholining ma'lum qilishicha, ushbu yer maydoni ularga ko‘p yillar oldin (2000-yillar davomida) fermer tomonidan sotilgan. Fuqarolar fermerlik vakillari bergan va'dalar va qog‘ozlarga ishonib, uy-joy qurishni boshlashgan. Hozirda bu hududda 200dan ortiq uy-joy bunyod etilgan bo‘lib, qariyb barchasida odamlar yashamoqda.
Hokimlik esa fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan mazkur yer maydonlarini davlat zaxirasiga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlar boshlagan.
Eslatma! Birgina Toshkent viloyatida 11 590ta holatda 1 450 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallangan, 9 713ta holatda 855 gektar yerda noqonuniy qurilish qilingan.
Uyi buzilishidan xavotirga tushgan aholi hokimlikda to‘plandi
27 fevral kuni «Oltintepa Agro» fermer xo‘jaligidan yer olib, uy-joy qurgan fuqarolar endilikda bu uylar buzilishidan norozi bo‘lib tuman hokimligi binosi oldida to‘planishdi. Shundan so‘ng hokim va aholi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Tumanning yangi hokimi Odilxon Rustamov (so‘nggi yillarda Toshkent viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘lgan Rustamov 19 fevral kuni Toshkent tumaniga hokim etib tayinlangandi) qabulida bo‘lgan fuqarolar sud qarorisiz ba'zi uylarning devorlari buzib tashlanganidan shikoyat qilishdi. Fuqarolardan birining aytishicha, bir necha kun oldin o‘zini hokimlik vakili deb tanishtirgan shaxslar ichki ishlar xodimlari bilan kelib, uy atrofini o‘ragan devorlarni va darvozani buzib ketishgan.

Fuqarolar hokim va uning o‘rinbosaridan bu vaziyatga izoh talab qilib, buzish ishlari qaysi asosga ko‘ra amalga oshirilayotganini so‘rashdi. Tuman hokimi tez kunda sud qarori taqdim qilinishi, barcha ishlar qonunlarda belgilangan tartibda hal etilishini ma'lum qildi.
Aholi vakillari tuman hokimidan avvalo, qurgan va qurayotgan imoratlarini saqlab qolish, buzish ishlarini to‘xtatish, ularni aldab yer sotgan aybdorlarni topib, ko‘rilgan zararni ular hisobidan qoplash masalasini ko‘rib chiqishda yordam so‘radi.
Fuqarolarni eshitgan tuman hokimi ham barcha turar-joylar noqonuniy qurilgan bo‘lsada, ushbu masala bir hafta muddat ichida yana bir bor chuqur o‘rganib chiqilishini bildirdi. Shuningdek, tuman hokimi muammo imkon qadar ijobiy hal etilishi va fuqarolar rozi qilinishini ham alohida ta'kidladi.
Devorlarni kim buzgandi?
Ayrim fuqarolarning devorlari buzib tashlangani bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «Ko‘ksaroy» MFY Damariq ko‘chasida bo‘ldik. Hududdagi uylar qurilganiga ko‘p yillar bo‘lgani ko‘rinib turibdi – so‘nggi yillarda «amnistiyaga ildirish uchun» shoshilinch emas.
Bundan tashqari, bu uylarni qurishga fuqarolar tomonidan yaxshigina mablag‘ sarflanganini ham ko‘rish mumkin.
Damariq ko‘chasidagi bir necha uyning devorlari buzib tashlangan.

Shu ko‘chada yashovchi Muhayyo Tolipova ham 6 sotix yer maydonida imorat qurishni boshlagan. Uning aytishicha, hech qanday ogohlantirish yoki sud qarorisiz o‘zini Toshkent tumani hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jahongir Dadajonovning vakili deb tanishtirgan shaxs ichki ishlar organi xodimlari bilan kelib devor va darvozalarni qulatib ketgan.
Hokim o‘rinbosari Jahongir Dadajonovdan bu gaplarga izoh so‘radik.
«Ushbu hudud «Oltintepa Agro» fermer xo‘jaligiga qarashli yerlar bo‘lib, fuqarolar tomonidan noqonuniy qurilishlar qilingan. Bu qurilmalarni buzish bo‘yicha sudga da'vo arizalari tayyorlanmoqda. Yerni noqonuniy sotgan fermer xo‘jaligi rahbari va uning atrofidagilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirgi kunda «Ko‘ksaroy» mahalla fuqarolar yig‘ini bo‘yicha 200dan ortiq fuqaroning noqonuniy qurilmalarini buzish bo‘yicha sudga davo arizalari kiritilgan.
Fuqaro M.Tolipovaning devorlari va darvozasini buzish bo‘yicha kim kelganiga aniqlik kiritamiz. Men biror xodimga bunday ko‘rsatma bermaganman», deydi hokim o‘rinbosari.
U bu ishni fermerlik xodimlari qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.
Ayni vaqtda ushbu yerlarni fuqarolarga noqonuniy tarzda sotib yuborgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Biroq, aybdorlarga qonuniy jazo qo‘llangani bilan fuqarolarning muammolari hal bo‘lib qolmasligini barcha birdek anglab turibdi.
Xo‘sh, katta maydondagi qurilgan yuzlab uylar buzilib, yer davlat zaxirasiga qaytariladimi? Agar shunday bo‘lsa bu yerlarda allaqachon o‘zlariga vatan yaratishga ulgurgan fuqarolar taqdiri ne kechadi? Bu kabi savollarga tuman hokimi va'da qilgan bir hafta o‘tgach javob topilib qolsa ajab emas.
Rahmatillo Isroilov
Mavzuga oid
20:47 / 04.05.2025
Toshkent tumanidagi ishlab chiqarish korxonasida yong‘in chiqdi
23:07 / 04.04.2025
Toshkent tumanida bir-biriga tutash ikki binoda yong‘in chiqdi
08:53 / 31.03.2025
Toshkent tumanida me’yoriy talablarga javob bermaydigan obyekt qurilishi to‘xtatildi
13:04 / 08.01.2025