Yana bir kruiz layner karantinda, Kaliforniyada favqulodda holat. So‘nggi ma'lumotlar
Kaliforniya qirg‘oqlari yaqinida «Grand prinsess» kruiz layneri karantinga olindi, avvalgi reys yo‘lovchilaridan biri - 21 fevral kuni San-Fransiskoda kemadan tushgan shaxsda koronavirus aniqlangan.

Bunday kemalar bortiga 3 minggacha yo‘lovchi sig‘diradi / AFP
71 yoshli erkak chorshanba kuni Sakramentodagi klinikada vafot etdi. Xabar qilishlaricha, u koronavirusdan zararlanishidan oldin boshqa kasali bo‘lgan.
Bu Kaliforniyada Covid-19 xastaligidan ilk o‘lim holati bo‘ldi, ayni vaqtda AQShda virus qurbonlari soni o‘n bir kishini tashkil etmoqda. Bu ma'lumotdan keyin Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom shtatda favqulodda holat e'lon qildi.
«Grand prinsess» kruiz layneri fevral oyida Yaponiyada uch haftaga yaqin vaqt davomida karantin holatida tutib turilgan «Daymond prinsess» seriyasiga mansub bo‘lib, u ham Carnival kompaniyasiga tegishli hisoblanadi. Bu kema 21 fevral kuni Meksikadan qaytgan, ko‘p o‘tmay Havayiga yo‘l olgandi.
Avvalgi kruiz yo‘lovchilaridan birida Covid-19 aniqlangach, bu reys to‘xtatilgan, kema Kaliforniya qirg‘oqlari yaqinida ochiq suvda karantin holatiga o‘tkazilgan
Kemada ikki kruizda ham qatnashayotgan 62 kishi bo‘lgan. Bu yo‘lovchilar o‘z kayutalarida izolyatsiya qilingan, qolgan yo‘lovchilar esa kema bo‘ylab erkin harakatlanishi mumkin.
Mark Peys va uning rafiqasi Bet CNN telekanaliga yo‘lovchilarning ko‘pchilik qismi uchun yagona karantin chorasi - bufetda tarelkani yuvilmagan qo‘l bilan ushlamaslik va o‘ziga ovqat solmaslik ekani haqida aytishgan.
Mark Peysning so‘zlariga ko‘ra, u kruizga otlanar ekan, o‘zi bilan leptop va ikki haftaga o‘zi hamda rafiqasi uchun yetarli bo‘lgan dori-darmonlar olgan - u karantin ehtimolini hisobga olgan.
Tibbiyot xodimlari «Grand prinsess»ning 11 yo‘lovchisi va ekipajning 10 a'zosini koronavirus yuqtirishda gumonlamoqda.
- So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni 96 336 nafarga yetgan, 3303 kishi vafot etgan, 53 457 kishi tuzalib ketgan.
AQShda virus bilan bog‘liq vaziyat
Bungacha koronavirus keltirib chiqargan Covid-19 pnevmoniyasi oqibatida 10 nafar amerikalik vafot etgan, bu o‘limlarning barchasi mamlakat shimoli-g‘arbidagi Vashington shtatida qayd etilgandi.
Mamlakatning 16ta shtatida jami 150 kishi virusdan zararlangan, ularning aksari Vashington, Texas va Nebraska shtatlariga to‘g‘ri keladi. Uchta shtatda favqulodda holat joriy etilgan: Vashington, Florida va Kaliforniya.
Federal hukumat mamlakatga so‘nggi 14 kun mobaynida Xitoy hududida bo‘lgan xorijliklar kirishini taqiqlagan.
Prezident Donald Tramp tomonidan koronavirus tarqalishiga qarshi kurashga mas'ul etib tayinlangan vitse-prezident Mayk Pens chorshanba kuni mamlakatning har bir fuqarosi koronavirusni aniqlash testidan o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini ta'kidladi. Shu munosabat bilan AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi qator byurokratik cheklovlarni bekor qildi - bundan maqsad tadqiqotlar o‘tkazish jarayonini tezlashtirishdir.
Oq uy ma'muriyatini tanqid qiluvchilar laboratoriya materiallari va tibbiy xodimlar yetarli emasligi, shuningdek, tekshiruvlar uchun yuqori haq olinishi (ming dollargacha) holatlariga e'tibor qaratishgan. Donald Tramp esa bunga javoban barchasi uchun aybni avvalgi prezident Barak Obamaga va u sog‘liqni saqlash sohasida o‘tkazgan islohotlarga ag‘dargan.
Vakillar palatasi chorshanba kuni koronavirusga qarshi kurashdagi favquloddagi choralar uchun 8,3 mlrd dollar mablag‘ ajratish uchun ovoz berishdi.
United Airlines va Delta aviakompaniyalari talab pasaygani tufayli ichki reyslarni qisqartirgan.
Koronavirus: so‘nggi kunda jahonning boshqa davlatlarida nimalar bo‘ldi?
- 4 mart kuni Xitoy hukumati virusdan zararlanishning 139ta yangi holati va 31ta o‘lim holati haqida ma'lum qildi - holatlarning barchasi Xubey provinsiyasida qayd etilgan.
- Janubiy Koreyada chorshanba kuni yana 516 kishida kasallik aniqlangan, endilikda bu mamlakatda virus yuqtirganlar soni 5766 nafarga yetgan, 35 kishi vafot etgan.
- Buyuk Britaniyada virusdan zararlangan bemorlar soni 90 nafarni tashkil etmoqda.
- Avstraliya so‘nggi ikki hafta mobaynida Janubiy Koreya hududida bo‘lgan xorijliklar uchun ham chegarani yopdi. Yashil qit'ada 4 mart kuni virusdan zararlanishning 53ta yangi holati va ikki o‘lim holati qayd etildi.
- Italiyada mamlakatdagi barcha maktablar 10 kun muddatga yopilgan. Apennin yarimorolida virusdan zararlanganlar soni 3089 nafarga yetgan, 107 kishi vafot etgan.
- Eronda ham qurbonlar soni ortmoqda - 107 kishi, yana 3513 kishida virus aniqlangan. Hukumat virus qayd etilgan shaharlarni yopa boshladi.
- Xalqaro valuta fondi koronavirusdan jiddiy zarar ko‘rgan davlatlar uchun 50 milliard dollar miqdoridagi mablag‘ni yordam sifatida ajratadi, tashkilot 2020 yilda koronavirus tufayli jahon bo‘yicha iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 2019 yildagiga qaraganda 2,9 foizga past bo‘lishidan ogohlantirgan.
Mavzuga oid

00:12 / 05.05.2025
Ispaniyada farzandlarini to‘rt yil uydan chiqarmagan ota-ona hibsga olindi

20:14 / 27.01.2025
Kaliforniyada AQSh tarkibidan ajralib chiqish tarafdorlari imzo to‘play boshladi

18:54 / 17.01.2025
Kaliforniyada dunyodagi eng yirik akkumulyator zavodlaridan birida yong‘in chiqdi

16:37 / 16.01.2025