O‘zbekiston | 14:50 / 06.03.2020
49331
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori: O‘zbekistonda paxtaga davlat buyurtmasi bekor qilindi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Paxtachilik sohasida bozor tamoyillarini keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, davlat tomonidan paxta xomashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti hamda paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi.

Rewiev.uz xabarida qayd etilishicha, qaror prezidentining 2019 yil 23 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020—2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta'minlash, davlat buyurtmasi hajmlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, shu jumladan, paxta xomashyosi yetishtirish, xarid qilish va sotishda erkin raqobatni ta'minlaydigan bozor tamoyillarini joriy etish, ushbu yo‘nalishda fermer xo‘jaliklari manfaatdorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida qabul qilindi.

Unda, birinchidan, 2020 yil hosilidan boshlab:

  • davlat tomonidan paxta xomashyosi ishlab chiqarish va sotish rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi;
  • paxta xomashyosining xarid narxini belgilash amaliyotidan voz kechiladi;
  • paxta xomashyosi yetishtiruvchilarga rayonlashtirilgan navlarni erkin tanlash huquqi beriladi;
  • sertifikatlangan urug‘lik yetkazib berish tizimi saqlab qolinadi.

Ikkinchidan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash korxonalari ishtirokida fermer xo‘jaliklarining ixtiyoriy kooperatsiyasi tashkil etiladi.

Koorperatsiyaning asosiy vazifalari: 

  • kooperatsiya a'zolari tomonidan, texnika, uskuna, transport vositalaridan va paxta tozalash zavodlaridan birgalikda foydalanishni tashkil etish; 
  • kooperatsiya a'zolarini qishloq xo‘jaligi texnikasi, yonilg‘i-moylash materiallari, o‘g‘it, urug‘lar, shuningdek, kimyoviy himoya vositalari bilan ta'minlash; 
  • ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tayyorlash, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotishni tashkillashtirish;
  • qishloq xo‘jaligi birlashmalari a'zolariga agrotexnika, buxgalterlik, konsalting, vositachilik va boshqa xizmatlarni ko‘rsatish. 

Uchinchidan, paxta xomashyosi yetishtirish va qayta ishlashni kreditlashning yangi mexanizmi joriy etiladi.

2020 yil 15 martdan boshlab: 

a) paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 12 oy muddatgacha yetishtiriladigan paxta umumiy qiymatining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 8 foiz, 60 foizigacha bo‘lgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan mikdorda kreditlar ajratiladi. 

Bunda: 

  • kredit oluvchilar agrotexnik tadbirlardan kelib chiqib, kredit mablag‘laridan erkin foydalanadi hamda moddiy resurslar yetkazib beruvchilarni ixtiyoriy tanlaydi; 
  • paxta xomashyosi yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirishga ajratilgan kredit mablag‘larining muddatida qaytarilmagan qismi tijorat krediti sifatida qayta rasmiylashtiriladi.

b) yetishtirilgan paxta xomashyosini xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha paxta yig‘im-terimi hamda yakuniy hisob-kitob uchun tijorat kreditlari ajratiladi. 

Bunda: 

  • milliy valutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga;
  • xorijiy valutada ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, lekin 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan qismiga Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya beriladi.

2021 yil hosilidan boshlab paxta xomashyosini yetishtirishni kreditlash tartibi fermer xo‘jaliklari tomonidan mustaqil ravishda aniqlanadi (yer maydoni to‘liq klasterga berilgan hududlar bundan mustasno)

To‘rtinchidan, «O‘zpaxtasanoat» AJni tugatish choralari ko‘riladi.

Bunda: 

  • kooperatsiya tashkil etiladigan hududlarda paxta tozalash zavodlaridagi «Paxtasanoat» hududiy aksiyadorlik birlashmalari aksiya (ulush) paketlarini belgilangan tartibda kooperatsiyalarga yoki tadbirkorlik sub'yektlariga sotish; 
  • «Paxtasanoat» hududiy aksiyadorlik birlashmalarining paxta tozalash zavodlaridagi aksiya (ulush) paketlari sotilishiga qadar, ushbu zavodlar tomonidan paxta xomashyosini qabul qilish, saqlash va qayta ishlash xizmati (tegirmon usulida) ko‘rsatish nazarda tutiladi. 

Beshinchidan,

  • Jahon bozori narxlari tahlilidan kelib chiqib har yili 1 dekabrga qadar kelgusi yil hosili uchun kutilayotgan (indikativ) narxlar e'lon qilinishi hamda bozorlardagi narxlar o‘zgarishidan kelib chiqib, har chorakda ushbu narxga tuzatishlar kiritish amaliyoti joriy etiladi; 
  • paxta yetishtiruvchilarning daromad olishlarini ta'minlash maqsadida paxta yig‘im-terimi mavsumidan oldin qo‘lda terilgan 1 kg paxta xomashyosini terish haqining tavsiyaviy miqdorining ommaviy axborot vositalarida e'lon qilib borilishi ta'minlanadi.

Paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang‘ich birja narxida erkin sotiladi,  bunda birjada boshlang‘ich narx shakllanishida 10 foiz chegirma qo‘yish bekor qilinadi. 

Respublika hududlarida «O‘zpaxtasanoat» AJ va uning tizimiga kiruvchi korxonalar ishtirokida tikuv-to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan majmualarni klasterlar tomonidan tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi. 

Fermer xo‘jaliklariga ekin mavsumi boshlanishidan oldin narxlar e'lon qilib borilishi xo‘jaliklarga paxta yetishtirishning iqtisodiy natijasini ko‘rish, kerak bo‘lsa, ularga o‘z biznes-rejasini to‘g‘ri tuzish imkonini beradi va qolaversa, ularni o‘z xarajatlarini maqbullashtirishga undaydi. 

Oltinchidan, paxta tolasi Respublika tovar-xomashyo birjasida boshlang‘ich birja narxida erkin sotiladi, bunda birjada boshlang‘ich narx shakllanishida 10 foiz chegirma qo‘yish bekor qilinadi.

Mavzuga oid