Jahon | 19:40 / 09.03.2020
12295
3 daqiqa o‘qiladi

Kobulda prezident inauguratsiyasi o‘tayotgan vaqtda portlashlar yuz berdi 

Kobulda Afg‘onistonning saylangan prezidenti Ashraf G‘anining inauguratsiya marosimi o‘tayotgan Arg saroyi yaqinida portlashlar yuz berdi. 

Foto: AP

Bu haqda mahalliy OAV xabar berdi. Portlashlar G‘ani inauguratsiyadan so‘ng nutq so‘zlayotgan vaqtda sodir etilgan.  

Ashraf G‘ani 9 mart kuni prezident sifatida qasamyod keltirdi va o‘z lavozimini bajarishga kirishdi.

“Raketalardan biri bog‘ yaqiniga, ikkinchisi Serena mehmonxonasi yaqiniga tushgan. 2 kishi yaralangan”, deb ma'lum qilgan manbalardan biri.

Tolo news telekanalining xabar berishicha, snaryadlardan biri Arg saroyi avtoturargohiga tushib, ikkinchi vitse-prezident Doni Sarvarning mashinasiga zarar yetkazgan. 

G‘ani milliy televideniye jonli efirida barchani xavotirlanmaslikka chaqirgan. “Biz portlashlardan qo‘rqmaymiz. Joyingizda qoling. Agar men Afg‘oniston uchun qurbon bo‘lishim kerak bo‘lsa, men bunga tayyorman”, deb aytgan G‘ani.

Bu orada Arg saroyi yaqinidagi Sapedor saroyida amaldagi bosh vazir, prezident saylovlarida G‘aniga asosiy raqib bo‘lgan va unga yutqazgan Abdulla Abdullaning prezident sifatida inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tgan.

Abdullaning qasamyod qeltirishi marosimida uning bir necha ming tarafdori, jumladan “Afg‘oniston islom jamiyati” partiyasi yetakchisi Salohiddin Rabboniy, “Afg‘oniston islom partiyasi” yetakchilari Karim Haliliy va Muhammad Muaqqiq, parlament deputatlari, diniy idoralar vakillari ishtirok etgan. 

Afg‘onistonda 2019 yil 28 sentyabrda o‘tgan prezident saylovlari natijalariga ko‘ra amaldagi prezident Ashraf G‘ani 50,64 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan. Uning asosiy raqibi Abdulla Abdullaga 39,52 foiz saylovchilar ovoz bergan.

Bosh vazir jamoasi bu natijalarga norozilik bildirib, milliy saylov komissiyasi biometrik tasdiqqa ega bo‘lmagan 300 mingdan ko‘proq ovozni G‘ani foydasiga noqonuniy qo‘shib yozganini aytgan.

Shuningdek, saylovlar natijalarini boshqa nufuzli afg‘on siyosatchilari, jumladan sobiq prezident Hamid Karzoy, birinchi vitse-prezident Abdulrashid Do‘stum, prezident lavozimiga yana bir nomzod - Gulbiddin Hikmatiyor ham tan olishdan bosh tortgan.

Shundan keyin Afg‘onistonda ikkihokimlik yuzaga kelgan. Afg‘onistonning aksariyat aholisi tojik va o‘zbeklardan iborat bo‘lgan shimoliy viloyatlarida Abdulla yangi prezident deb tan olingan.   

Mamlakatning aksariyat aholisini pushtunlar tashkil etuvchi janubiy viloyatlarida esa Ashraf G‘anining g‘alabasi nishonlangan. 

Mavzuga oid