O‘zbekiston | 21:22 / 11.03.2020
49817
7 daqiqa o‘qiladi

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish masalasi muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 mart kuni mamlakatimizda jamoat salomatligini ta'minlash tizimi samaradorligini oshirish muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida kasalliklarning oldini olishdan ko‘ra ularni davolashga ko‘proq e'tibor qaratilishi ta'kidlangan.

«Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko‘ra, inson salomatligiga ta'sir etuvchi omillar orasida tibbiy ta'minot 10 foizni, irsiy omillar 15 foizni, atrof-muhitning holati 20 foizni tashkil etadi. Eng muhimi, insonning turmush tarzi (jismoniy faollik, ovqatlanish, zararli odatlar) uning salomatligiga 55 foizgacha ta'sir ko‘rsatar ekan.

Shu sababdan, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasiga ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholi salomatligini yaxshilash, odamlarimizni sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Aholi salomatligi profilaktikasi avvalo qishloqlardan boshlanishi va bunga javob beradigan yaxlit tizim bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Masalan, suvning ifloslanishi buyrak, oshqozon-ichak xastaliklariga, atmosferadagi radiatsiya, oziq-ovqat mahsulotlarida kimyoviy vositalarning ko‘pligi onkologik, noto‘g‘ri turmush tarzi qon-tomir, yurak, endokrin, asab kasalliklarga sabab bo‘lmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bu masalalarni chuqur tahlil qilib, aniq dasturlar asosida joylarda manzilli ish tashkil etish vazifasi qo‘yilgan.

«Hozirda jahon bo‘ylab koronavirus infeksiyasining (COVID-19) tarqalishi yurtimiz aholisini ham ma'lum ma'noda xavotirga solmoqda. Dunyoda jamoat salomatligi tizimini, go‘yoki, sinovdan o‘tkazayotgan ushbu xastalikning O‘zbekistonga kirib kelmasligini ta'minlash avvalo mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimi, profilaktika ishlarini yanada yuqori darajaga ko‘tarishni taqozo etadi», dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga bu borada ko‘rilayotgan karantin va profilaktika choralari bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berilgan.

Bunda, eng avvalo, xalqaro tajriba asosida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga Aholi sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash markazini biriktirib, Agentlik salohiyatini ushbu vazifalarni samarali tashkil etishga qaratish kerakligi ta'kidlangan.

«Agentlikning viloyatlar hamda tuman va shaharlarda alohida markazlari tashkil etiladi. Qishloq poliklinikalarida bu ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish uchun uchtagacha mutaxassislar ajratiladi. Ular qishloq aholisini to‘g‘ri ovqatlanish, gigiyenaga rioya qilish, onkologik, yurak qon-tomir kasalliklariga moyil bo‘lganlarni barvaqt aniqlash bilan shug‘ullanadi.

Qishloq vrachlik punktlari aholini yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar bo‘yicha maqsadli tibbiy ko‘rik va so‘rovdan o‘tkazishni tashkil etishi zarurligi aytib o‘tildi. Masalan, 40 yoshdan o‘tganda infarkt, insult, diabetga, 35 yoshdan oshgan ayollarda esa saratonga moyillik paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Agentlik xodimlari har bir xonadon, ta'lim muassasalari va tashkilotlarga borib, aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanish, dam olish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish ishlarini tashkillashtiradi», deyiladi xabarda.

Prezident ushbu sohada fanni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot muassasalarini qo‘llab-quvvatlash borasida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan.

Mazkur muassasalar hududlardagi kasallik omillari va sabablarini tahlil qilib, ularning har biri bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishi, Agentlik har bir hudud bo‘yicha dasturlar qabul qilishi va hokimliklar bilan ijrosini tashkil etishi lozimligi ta'kidlangan.

Shu bilan bir qatorda, ilmiy-tadqiqot muassasalarining hozirgi ahvoli bu ishlarni tashkil etishga tayyor emasligi ko‘rsatib o‘tilgan.

«Ovqatlanish, mehnat, o‘smirlar gigiyenasi bilan shug‘ullanadigan, sanitar me'yor va qoidalarni ishlab chiquvchi ilmiy-tadqiqot institutida atigi 13,5ta shtat mavjud.

Shuningdek, yosh bolalar o‘rtasida parazitar, raxit va distrofiya kasalliklari xavfi katta bo‘lsada, ularni oldini olish va davolashning samarali tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, ushbu xastaliklar bolalarning immun tizimini ishdan chiqarib, boshqa dardlarga moyilligini kuchaytiradi.

Shu sababli, Samarqanddagi Tibbiy parazitologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti bilan biriktiriladi. Ular negizida Epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar respublika ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilib, davolash jarayoni ilm bilan birga amalga oshiriladi», deyiladi xabarda.

Davlat rahbari yana bir muhim masalaga e'tibor qaratgan – xastalik omillarini tahlil qilib, davolovchi shifokorlarga profilaktika yo‘nalishida asoslangan tavsiya beradigan mutaxassislarni tayyorlash zarurligi ta'kidlangan.

N.I.Pirogov nomidagi Rossiya tibbiyot ilmiy-tadqiqot universiteti hamda Turkiyaning Bahcheshehir universiteti filial va klinikalarini ochish ishlarini jadallashtirish kerakligi qayd etilgan.

Yig‘ilishda yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni barvaqt aniqlash, hisobini yuritish, tahlil va statistikasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish masalalari batafsil muhokama qilingan.

«Masalan, 2018 yilda 24 mingtaga yaqin aniqlangan xavfli o‘sma kasalliklarining 55 foizi 3 va 4-bosqichda aniqlangan. Bu har ikkinchi bemorning davolanishiga umid yo‘qligini anglatadi.

Shu munosabat bilan, kasalliklarning oldini olishda sodda, lekin zamonaviy va samarali uslublarni qo‘llash, ularni joriy etish ko‘lamlarini kengaytirish lozimligi aytib o‘tildi.

Misol uchun, oddiygina vazn, bo‘y, bel aylanasi, qon bosimini o‘lchab, turmush tarzini so‘rab-surishtirib, insonda infarkt, insult, diabet, gipertoniya kabi ko‘plab kasalliklarni barvaqt aniqlash mumkin», deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda aholi salomatligini nazorat qilish tizimini ham qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta'kidlandi.

«Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta'minlashning samarali tizimi yaratilmagan, deyishga asoslar yetarli. Misol uchun, ularning tarkibida texnik palma moyining ishlatilishi qat'iyan taqiqlangan, lekin buni aniqlaydigan mexanizmlar yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, ushbu mahsulot inson organizmi uchun g‘oyat zararli bo‘lib, hayotiy muhim organlarni ishdan chiqarishi bilan birga onkologik kasalliklarga sabab bo‘ladi», deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha mutasaddi rahbarlar hisobot berdi, tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Mavzuga oid