O‘zbekiston | 11:52 / 12.03.2020
2716
5 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda «Milliy xalq o‘yinlari» xalqaro festivali tashkil etiladi

“Milliy xalq o‘yinlari” xalqaro festivalini tashkil etish mo‘ljallanmoqda

Vazirlar Mahkamasining “Milliy xalq o‘yinlari” xalqaro festivalini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Fanlar akademiyasi, Jizzax viloyati hokimligining “Milliy xalq o‘yinlari” xalqaro festivalini 2021 yildan boshlab har ikki yilda bir marta oktabr oyida an'anaviy tarzda Jizzax viloyati Zomin tumanida o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullanishi mumkin.

“Milliy xalq o‘yinlari” xalqaro festivalini o‘tkazish bo‘yicha Respublika tashkiliy qo‘mitasi tarkibi tasdiqlanadi.

Tashkiliy qo‘mitaga:

   manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va homiylik xayriyalarini jalb etish bo‘yicha choralar ko‘rish;

 Festivalni tashkil etish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etish vazifalari yuklanadi.

Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Fanlar akademiyasi, Jizzax viloyati hokimligi:

“Milliy xalq o‘yinlari” xalqaro festivalini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlaydi;

festival dasturini ishlab chiqish va uni festivaldan kamida uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etish, Internet jahon axborot tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirishni ta'minlaydi;

Festival sovrindorlariga topshiriladigan diplom, sertifikat va haykalcha namunalarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.

Festivalni tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘yicha mas'ul etib Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi belgilanadi.

Jizzax viloyati hokimligi Zomin tumanida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishni, Festival o‘tkazadigan sahna maydonlari va joylarni talab darajasida tayyorlashni ta'minlaydi.

 Tashqi ishlar vazirligi Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligining talabnomalari asosida Festival ishtirokchilarining kirish vizalarini chet eldagi diplomatik vakolatxonalar hamda konsullik muassasalarida, zarur hollarda I. Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida konsullik va boshqa yig‘imlarni undirmasdan rasmiylashtirishni ta'minlaydi.

Madaniyat vazirligi Jizzax viloyati hokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:

Festivalga bag‘ishlangan esdalik buyumlari ishlab chiqishni, turli ko‘rgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san'at asarlari, badiiy va hujjatli filmlar, audio va video disklar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi va ularning sotuvini tashkil etishni;

Festival tadbirlari dasturini ishlab chiqish va uni uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etish, Internet jahon axborot tarmog‘ida, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirishni ta'minlaydi.

Festivalni tashkil etish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar Tashkiliy qo‘mita tomonidan tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:

   30 foizi – Madaniyat vazirligining xarajatlar smetasida madaniy tadbirlarini o‘tkazish uchun har yil nazarda tutiladigan budjet mablag‘lari hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan;

   30 foizi – Jismoniy tarbiya va sport vazirligining xarajatlar smetasida sport tadbirlarni o‘tkazish uchun har yil nazarda tutiladigan budjet mablag‘lari hisobidan;

   40 foizi – Jizzax viloyati mahalliy budjeti, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

    Festivalga xorijdan tashrif buyuradigan hay'at a'zolari va delegatsiyalarning yashash, ovqatlanish va ichki transport xarajatlari Festivalni tashkil etish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan qoplanishi inobatga olinadi.

   Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tadbirlarning tantanali ochilish marosimini tashkiliy va badiiy jihatdan puxta tayyorlash uchun yuqori malaka va tajribaga ega bo‘lgan ssenariy mualliflari, rejissyorlar, milliy xalq o‘yinlari va sport ustalari, sahna rassomlari, iste'dodli yosh san'atkorlarni keng jalb etishni ta'minlaydi.

Mavzuga oid