Rubl qulashda davom etmoqda: dollar 75, yevro 84 rubldan oshdi
Rossiya bozorlarining qulashi jahon bozorlarining qulashi fonida yuz bermoqda. Dow Jones Industrial Average indeksi bir sutka ichida 5,86, S&P indeksi 4,89 va NASDAQ indeksi 4,7 foizga pasaydi.
12 mart kuni rubl va Rossiya bozorlari seshanba kungi pasayish va chorshanba kungi qisqa muddatli barqarorlikdan keyin yana qulashda davom etdi.
Payshanba kuni ertalab Moskva birjasidagi savdoning dastlabki daqiqalarida dollar kursi 1,1 rublga ko‘tarilib, 2016 yil mart oyidan beri birinchi marta 74 rubldan oshib ketdi. Keyingi savdolar davomida u o‘sishda davom etdi va 75 rubldan oshdi.
Evro dastlabki daqiqalarda bir yarim rublga qimmatlashdi, so‘ngra o‘sishda davom etdi va 2016 yil fevralidan beri birinchi marta 84 rubllik chegaradan o‘tdi.
12 mart kunidagi ochilishda Moskva birjasi indeksi deyarli 4, RTS 6,4 foiz yo‘qotdi. Rossiyaning yirik kompaniyalari: “Mechel” (-9 foiz), OVK (-7,9 foiz), “Aeroflot” (-7,6 foiz), “M.Video” (-7,2 foiz) va “Sistema” AFK (-6,8 foiz) aksiyalari eng ko‘p “quladi”.
Rossiya bozorlarining qulashi jahon bozorlarining qulashi fonida yuz bermoqda. Dow Jones Industrial Average indeksi bir sutka ichida 5,86, S&P indeksi 4,89 va NASDAQ indeksi 4,7 foizga pasaydi. Osiyo va Yevropadagi barcha yirik fond indekslari ham qulashni boshidan o‘tkazdi.
Koronavirus tarqalishi haqidagi yangi xabarlar paydo bo‘lgach, investorlarning kayfiyati keskin tushib ketdi. Seshanba kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus tarqalishini pandemiya deb e'lon qildi. Bundan tashqari, AQSh Yevropadan kelgan sayohatchilarning mamlakat hududiga kirishini vaqtincha taqiqladi.
Dunyo bo‘ylab joriy etilayotgan cheklov choralari global iqtisodiyotning o‘sish sur'atlariga tobora salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda, deb izohlaydi Nordea banki qulash sababini.
Shuningdek, Evropa markaziy banki rahbari Kristin Lagardning bayonoti ham muhim rol o‘ynadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa davlatlari hukumati birgalikdagi harakatlar borasida bir qarorga kelmasa, YeI iqtisodiyotidagi vaziyat 2008 yildagi ssenariy bo‘yicha rivojlanishi mumkin. Payshanba kuni Yevropa markaziy banki yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, unda stavkalarni pasaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin.
OPEK+ bitimining bekor bo‘lishi va neft bozorida narxlar urushining e'lon qilinishi bozorlar qulashining yana bir sababi bo‘ldi. Payshanba kuni Brent nefti narxi 5,22 foizga tushib, bir barreli uchun 33,92 dollarni tashkil qildi. WTI nefti narxi 5,09 foizga tushib, 31,3 dollarga teng bo‘ldi.
O‘tgan haftada Saudiya Arabistoni Rossiya bilan neft qazib olishni qisqartirish borasida kelisha olmadi. Rossiyaga javoban, Ar-Riyod neft qazib olishni ko‘paytirish va narxlarni tushirishga qaror qildi. Bundan tashqari, Iroq va Kuvayt ham neft narxini tushirishga tayyor ekanligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
AQSh energetika vazirligining mamlakatda deyarli ikki oydan beri davom etayotgan neft zaxiralarining o‘sishi haqidagi bayonoti ham neft narxining pasayishiga ta'sir ko‘rsatdi.
Rublga nima bo‘ladi?
"Global bozordagi xavotirli kayfiyat sababli Rossiya valutasi uchun xatar o‘ta yuqoriligicha qoladi”, deyiladi Nordea bankining ertalabki sharhida.
Bankning taxminicha, rubl faqat virus tarqalishi sekinlashishi belgilari paydo bo‘lgandagina barqarorlashishi mumkin. Bu mart oyida bo‘lishi ehtimoldan yiroq, deya shubha bildiradi Nordea banki. Shunga qaramay, bank yil o‘rtalariga kelib, dollar 66 rublga tushishini kutmoqda.
Nordea shuningdek, chet elliklarning Rossiya federal zayomlar obligatsiyalari bozoridan ketishi ham rublga bosim o‘tkazishini qayd etmoqda.
"Sezishimizcha, Rossiyadagi vaziyat qil ustida turibdi", deb yozadi "Loko-invest" kompaniyasining bosh iqtisodchisi Kirill Tremasov o‘z telegram-kanalida. U bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Andrey Belousovning hozirda bozorda "har qalay ijobiy" ssenariy yuz berayotgani to‘g‘risidagi gaplarini tanqid qilgan.
"Bunday bayonotlar hech qanday qo‘llab-quvvatlash choralari amalga oshirilmasligidan xabardor bo‘luvchi investorlar uchun qizil matodir", - deb yozadi Tremasov. U hukumat iqtisodiyot va valuta bozorini barqarorlashtirish uchun tezroq chora ko‘rishi kerakligini aytib o‘tgan.
Avvalroq Bi-bi-si suhbatlashgan tahlilchilar moliya vazirligi va markaziy bank qo‘llab-quvvatlab tursa dollar kursi 75 rubl atrofida bo‘lishini kutishayotgani aytilgandi.
Mavzuga oid
23:22 / 22.11.2024
KXDR o‘z askarlarini Ukraina urushiga yuborgani evaziga Rossiyadan havo hujumidan mudofaa vositalarini olgan
21:54 / 22.11.2024
«Krepkiy oreshnik»: Putin tutib qolish imkonsiz ekanini aytgan yangi raketa haqida nimalar ma’lum?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
20:12 / 22.11.2024