O‘zbekiston | 17:57 / 13.03.2020
6957
2 daqiqa o‘qiladi

Gurlan trikotaj fabrikasi va ”Muruvvat teks Xorazm” sho‘'ba korxonasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berildi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekneftgaz“ AJ tashkilotlarining foydalanilmayotgan va ixtisosli bo‘lmagan aktivlaridan samarali foydalanish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida qarori qabul qilindi.

Gurlan trikotaj fabrikasi / Foto: 1kms.uz

Qarorda ma'lum qilinishicha, “Muruvvat teks” MChJning Xorazm viloyati, Gurlan tumanida joylashgan Gurlan trikotaj fabrikasi hamda “Muruvvat teks Xorazm” sho‘'ba korxonasi belgilangan tartibda “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali 119 mlrd so‘m baholash qiymatida sotuvga qo‘yilgan.

Onlayn-auksionlarda ishtirok etish uchun talabgorlardan arizalar kelib tushmaganligi sababli mulkiy-majmualar bugungi kunga qadar sotilmagan.

Hujjat bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Xorazm viloyat hokimligi, “O‘zbekneftgaz” AJning mulkiy majmualarni kelgusida belgilangan tartibda sotish uchun Agentlikka berish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilanishicha, mulkiy-majmualarni Agentlikka berish “O‘zbekneftgaz” AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini hamda o‘z navbatida “Muruvvat teks“ MChJning ustav kapitalidagi “O‘zbekneftgaz” AJga tegishli ulushini mulkiy-majmualarning balans (qoldiq) qiymati miqdoriga kamaytirish hisobiga amalga oshiriladi.

Qaror bilan hukumatning quyidagi qarorlari o‘z kuchini yo‘qotdi:

Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 26 apreldagi 308-son qarorining 2-bandi hamda “Neft-gaz tarmog‘i tashkilotlarining aktivlaridan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 25 avgustdagi 685-son qaroriga 1-ilovaning 154-pozitsiyasi.

Mavzuga oid