Putinning prezidentlik muddatini boshidan hisoblash – Kim qanday fikrda?
10 mart kuni Davlat dumasi deputati Valentina Tereshkova Konstitutsiyaga prezidentlik muddatini boshidan hisoblash to‘g‘risida o‘zgartirish kiritishni taklif qildi. Shu kuni Vladimir Putin Davlat dumasida deputatlar oldida chiqish qilib, bunga rozi bo‘ldi, ammo o‘zgartirish faqat Konstitutsiyaviy sud va Rossiya xalqi ma'qullaganidan keyin qabul qilinishini aytdi.
Putinning beshinchi va oltinchi muddatga saylanishiga imkon berishi mumkin bo‘lgan tuzatish ko‘plab tortishuvlarga, tanqidlarga va memlarga sabab bo‘ldi. «Birinchi kanal», VGTRK (Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi) va NTVdagi siyosiy shoularda yangi o‘zgartirishlarni «barqarorlik» bilan oqlashdi, qonunda «Xudo va an'anaviy oila» tilga olinishidan xursand bo‘lishdi hamda amaldagi Konstitutsiyani «sharmandali» deb atashdi. TJ «60 minut», «Vremya pokajyet» va «Mesto vstrechi» ko‘rsatuvlarida yangi Konstitutsiya qanday muhokama qilinganligini bayon qildi.
Shouning deyarli barcha ishtirokchilari muddatni «boshidan hisoblash»ni qo‘llab-quvvatladi, bu Rossiyaga barqarorlik kerakligi bilan izohlandi
«Birinchi kanal», VGTRK va NTV siyosiy dasturlarida Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarga qarshi chiqadigan ekspertlar deyarli yo‘q edi. Barcha ko‘rsatuvlarning boshlovchilari o‘zgartirishlarni qabul qilish yoki qabul qilmaslikni faqat xalq ovoz berish yo‘li bilan hal qilishiga e'tibor qaratdilar.
Siyosatshunos Oleg Matveychev «Birinchi kanal» efirida «barcha so‘rovlarga ko‘ra» Rossiya xalqi Putinni umrbod prezident sifatida ko‘rishni istayotganini aytdi. Biroq u qanday so‘rovlar nazarda tutilganiga aniqlik kiritmadi. «Putin 2024 yilda prezident bo‘lishi uchun birgina imkoniyat bor, biz bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermasligimiz kerak», deya qo‘shimcha qildi u.
Dastur ishtirokchilarining aksariyati hozirgi siyosiy vaziyatda Rossiyaga eng avvalo barqarorlik kerakligi haqida fikrlar bildirishdi. Davlat dumasi vakili Konstantin Zatulinning fikricha, Rossiyada Putindek tajribali va iste'dodli yetakchi yo‘q. Zatulin barqarorlikni ta'minlash uchun faqat didga qarab «kimlarnidir tarqatib yuborish» orqali muammo keltirib chiqarmaslik kerakligini qo‘shimcha qildi.
Yurist Vitaliy Serukanovning aytishicha, Putin hech qachon aytgan so‘zidan qaytmaydi, shuning uchun u 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashmaydi. Serukanovning so‘zlariga ko‘ra, prezidentlik muddatini «boshidan hisoblash» taklifi faqat Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlarga ovoz berishga e'tiborni jalb etish uchun aytilgan bo‘lishi mumkin.
Siyosatshunos Dmitriy Abzalov «Birinchi kanal» va VGTRK efirida Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar ommaviy ko‘rib chiqish uchun taqdim etilgani va «sahna ortida» qabul qilinmaganini ta'kidladi.
«Tizimni sahna ortida o‘zimizga moslab o‘zgartirishimiz mumkin edi - buni ovoz berishsiz amalga oshirsa bo‘lardi. Prezident bu mas'uliyatni odamlar bilan bo‘lishishni xohladi», dedi u.
Ko‘rsatuvlar mehmonlari amaldagi Konstitutsiyani «sharmandali» deb topishdi va o‘zgartirishlardagi an'anaviy qadriyatlardan xursand bo‘lishdi
«Birinchi kanal»dagi «Vremya pokajyet» ko‘rsatuvining boshlovchilari ko‘rsatuvning aksariyat vaqti davomida G‘arbning Rossiya Konstitutsiyasiga ta'siri to‘g‘risida gapirishdi. Boshlovchi Artyom Sheynin AQSh va Yevropani o‘z siyosati va qadriyatlarini Rossiyaga tiqishtirishda aybladi. Sheynin Rossiyaning o‘z yo‘li borligini va G‘arbning liberal qarashlari ruslarga to‘g‘ri kelmasligini aytdi.
«Tsargrad» telekanali asoschisi Konstantin Malofeyev Rossiyaning hozirgi Konstitutsiyasini «sharmandali» deb atadi va hech qachon saylovga bormaganini, ammo aprelda ovoz berishga borishini aytdi. Malofeyev Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlarda «Xudo, erkaklar va ayollar ittifoqi - davlatni tashkil etuvchi narsalar» borligidan xursand ekanligini qo‘shimcha qildi.
«Yedinaya Rossiya» deputati Yelena Nikolayeva Konstitutsiyadagi asosiy o‘zgartirish - Rossiya huquqining xalqaro huquqdan ustuvorligi deb hisoblashini aytdi.
«Biz 1991 yildan beri xalqaro yurisdiksiya ostidamiz va o‘zimiz bilmagan qonunlar bo‘yicha yashayapmiz. Bizni boshqarishga urinishmoqda», dedi u.
O‘zgartirishlar to‘g‘risida atigi bir necha kishi salbiy fikr bildirdi - ulardan biri keyingi ko‘rsatuvga taklif qilinmaydigan bo‘ldi
NTV telekanalidagi «Mesto vstrechi» efirida siyosatshunos va psixolog Natalya Shavshukova o‘zgartirishlarga «yo‘q» deb ovoz berish har bir fuqaroning burchi ekani haqida fikr bildirdi. Shavshukova rossiyaliklar shu tarzda davlat institutlari bir shaxsning manfaatlari uchun o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘ymasliklarini aytdi.
«Davlat to‘ntarishini jonli efirda tomosha qilish imkoniyati juda kam bo‘ladi. Endilikda 22 aprelda bo‘lib o‘tadigan ovoz berish [konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida] yangi ma'no kasb etib bormoqda. Davlat to‘ntarishi - Putinning qilgan ishi shu bo‘ldi. Ovoz berish noqonuniy ekanligini hamma tushunadi deb o‘ylayman», dedi siyosatshunos.
Shavshukovaning fikri NTVda mutlaqo qo‘llab-quvvatlanmadi: baqir-chaqir bilan uning ovozini eshittirmaslikka, gapini bo‘lishga va uning nohaq ekanligiga shama qilishga urinishdi.
Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, 10 mart kungi efirdan so‘ng, telekanal uning 11 mart kungi ko‘rsatuvga taklifnomasini bekor qilgan.
Siyosatshunos Andrey Nikulin ovoz berishda mustaqil kuzatuvchilar bo‘lmasligidan xavotir bildirdi. Shuningdek, u Rossiyada saylov monarxiyasi tashkil etilmoqda deb hisoblaydi: «Putin hokimiyatda qoladimi yoki yo‘qmi – buni faqat o‘zi hal qiladi».
Yurist Boris Nadejdinning fikricha, Konstitutsiyaviy sud o‘zgartirishlar kiritish tartibini konstitutsiyaga zid deb topadi va 22 aprelda ovoz berish bo‘lmaydi.
Amaldorlar federal kanallarning gaplarini takrorlamoqda. Tereshkova o‘zgartirishlarni tanqid qiluvchilar Rossiyani yomon ko‘radi deb hisoblaydi
Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartirishlar tanqid qilinganiga o‘z munosabatini bildirdi, chunki uningcha, «Tereshkova va uning oilasiga qarshi g‘azabnok kampaniya boshlangan».
«Bizning ustunligimiz neft va gaz emas. Neftning ham, gazning ham narxi tushib ketishi mumkinligini ko‘rib turibsiz. Bizning ustunligimiz - Putin va biz uni himoya qilishimiz shart», dedi u.
Prezidentlik muddatini boshidan hisoblash to‘g‘risida o‘zgartirish kiritishni taklif qilgan deputat Valentina Tereshkova o‘zgartirishlarni tanqid qiluvchilar Rossiyani sevmasligini aytdi: «Men bu mamlakatni yomon ko‘radigan, ifloslik qilish uchun hamma narsaga qo‘l urayotgan odamlar haqida gapirishni ham istamayman».
Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Tereshkovani qo‘llab-quvvatladi: «Siz Rossiya xalqining fikrini aytib, to‘g‘ri ish qildingiz». Qodirovning fikricha, o‘zgartirishlarni tanqid qilganlar Putinning siyosatdan ketishiga umid qilishgan, ammo o‘zgartirishlar unga yana ikki muddat qolishga imkon beradi.
«Xorijdagi janoblar va ularning Rossiyadagi malaylari Vladimir Putin bir necha yildan keyin siyosatdan ketishiga, Rossiya Federatsiyasi G‘arb va AQShning buyrug‘ini bajaradigan uchinchi nav mamlakatga aylanishiga umid qilgandi. Bo‘lmadi! Vladimir Putin saylovlarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi, buni saylovchilar hal qiladi. Ular qanday qarorga kelsa, shu bo‘lsin!», dedi u.
Mavzuga oid
07:55
WP: Tramp Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qildi
13:30 / 10.11.2024
Tramp yutsa urushni bir sutkada to‘xtatishni va’da qilgandi. U yutdi - xo‘sh?
23:26 / 09.11.2024
“G‘arbning geosiyosiy ochko‘zligi kelishmovchiliklar bosh sababi” – Putinning “Valday”dagi chiqishi
16:34 / 08.11.2024