Jamiyat | 16:45 / 19.03.2020
49355
11 daqiqa o‘qiladi

Hunar – hunardan unar! Ishini garajda boshlagan o‘zbek kosibi hikoyasi

Otam hunarni o‘rgatmoqchi bo‘lganida xohlamagan vaqtlarim bo‘lgan. Dangasalik qilib, u-bu ishlarni bajarmaganman. Qiyinchilik, tushkunlikka tushganda birinchi navbatda sabr qilish kerak bo‘ladi. Tushkunlikka tushib, o‘ziga ziyon yetkazish irodasiz insonlar ishi, deb o‘ylayman. Qiyinchilikka duchor bo‘lgan inson, birinchi navbatda o‘z ustida ishlashni bilishi lozim.

Ota kasbi — davlat kasbi, deb bejiz aytilmagan. Hunar ortidan obro‘-e'tibor qozongan, oilasini haloldan boqayotgan, turli samaralarga erishayotganlar ko‘p topiladi. Biroq, afsuski, yoshlarni hunarli qilish, ular orasida o‘z ishining ustalari bo‘lishga qiziqish susayib borayotgandek.

Kun.uz muxbiri Rossiyaga safar davomida hunari ortidan o‘z biznesini garajda boshlagan o‘zbekistonlik bilan uchrashdi.

Miraziz Mirsaidov Eastline Garage firmasining hammuassisi hisoblanadi, u biznes sherigi bilan Moskvada tyuning atele ochgan va muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. U o‘z tajribasi va malakasi bilan o‘rtoqlashdi.

— Moskvaga 2008 yilda o‘qish niyatida kelganman. Rus maktabida o‘qiganim uchun oliy o‘quv yurtiga kirish maqsadida keldim, birinchi yil kira olmadim. O‘zbekistonga qaytib ketdim. 2010 yilda qaytib keldim va chet tillariga qiziqish borligi bois, ingliz tilini o‘rganishni boshladim hamda Rossiya davlat Turizm va servis universitetiga kirishga tayyorgarlik ko‘ra boshladim.

— Miraziz, avtotyuning sohasiga qanday kirib keldingiz? Bu sohaning ham o‘ziga xos sir-sinoatlari bor.

— Bolaligimdan avtomobillarning har xil turlariga qiziqaman. Rossiyaning MTV telekanalida «Tachku na prokachku» ko‘rsatuvi bo‘lardi. Unda, mashina keladi, uning salonini o‘zgartirishardi, texnik ko‘rsatkichlarini o‘zgartirishadi, motor va boshqa butlovchi qismlarini o‘zgartirishadi. Menda ham shunga qiziqish bo‘lgan.

Aynan, avtoatele ochishga kelganimning sababi – bu soha, ya'ni teri, charm bilan ishlash ota-bobomdan meros desam ham bo‘laveradi. Bobom Asaka shahrida poyabzal ustasi bo‘lgan, undan otamga o‘tgan. Otamdan men o‘rganganman. Men uchinchi-to‘rtinchi avlod kosibman. Dadamning poyabzal ishlab chiqish sexi bo‘lardi yoshligimizda. Hammasini ko‘rib katta bo‘ldim. Charm bilan ishlashga qiziqishim shundan boshlangan desam ham bo‘ladi.

2013 yil Moskvaga o‘qishga kirish niyatida qaytib keldim. Orada sherigim Timur bilan tanishib qoldim. Men charm bilan qanday ishlash texnologiyasini, tikuv usullarini bilaman. Unda ham avtoatele ochish g‘oyasi bo‘lgan. Avtomobil salonlari uchun material sotgan. Ammo hunarmand sherigi bo‘lmagani uchun g‘oyasini amalga oshira olmagan, buyurtmalarni esa boshqa atelelarga yo‘naltirishga majbur bo‘lgan.

Universitetdagi o‘rtoqlarim orqali u bilan tanishib qolganman. Ish izlab yurgan vaqtim edi. Timurning g‘oyasi borligini eshitib, unga qo‘ng‘iroq qildim, gaplashib oldik. U g‘oyasini bildirgan. Poyabzal ustasi bo‘lgan charm kosibi boshqa jihatlarni tushunadi, deb o‘ylayman.

— Keling, bu ishni boshlamasdan avval Moskvada o‘tkazgan kunlaringizga to‘xtalsak. Qiyinchiliklar...

— Qiyinchiliklar bo‘lgan. 2008 yilda ilk kez kelganimda. 17 yoshda edim o‘shanda. O‘zbekistonda rus sinfda o‘qiganim foyda bergan. Til bo‘yicha muammo bo‘lmagan. Lekin yot madaniyat, begona davlat, yashash tizimi umuman boshqacha edi. Birinchi yildagi moslashuv qiyin bo‘lgan men uchun, chunki oila a'zolarining barchasi O‘zbekistonda, men o‘zim Moskvada. Bu yerdagilarning barchasi begona, O‘zbekistondagi hayotga, mahalla, do‘stlarga o‘rganib katta bo‘lganmiz. O‘zbekona iltifotni ko‘rmaganman. Bu yerda hech kim sizga yordam bermaydi. Nima qilishingizni aniq bilishingiz kerak Moskvada. Bu yerga kelib ish topib olaman, deb o‘ylashning o‘zi noto‘g‘ri. Boraman, ish bir gap bo‘lar, deb keladiganlar ham bo‘ladi.

Musofir yurtda, eng tushkun kayfiyatga tushib qolgan paytlaringiz ham bo‘lganmi?

— Orada, ish topolmay qolgan chog‘imda bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Masalan, vaqtincha ishda ishlagan vaqtlarim, tarjimalar byurosida ishlagan paytlarim bo‘lgan. O‘zim ham bu yerda faqat investitsiya qilibgina natijaga erishish mumkin, degan xayolda bo‘lganman. Ammo, vaqt o‘tib, o‘z sohangizning ustasi bo‘lsangiz, barcha narsaga erishsa bo‘larkan.

Asosan, nima ish qilasizlar? Ozgina izoh bersangiz.

— Bizning atele asosan avtomobil salonlarini qayta tikish bilan, ruscha aytganda «peretyajka» bilan shug‘ullanadi. Ishni shundan boshlaganmiz. Salondagi barcha narsalar, torpedo bo‘ladimi, o‘rindiqlar yoki eshik detallarimi, hammasini qayta qoplaymiz. Masalan, mijoz yangi avtomobil xarid qilgan taqdirda ham, saloni uning didiga mos kelmaydi.

Shu bois, ular bizga o‘xshagan atelelarga murojaat qiladi. Salon bo‘yicha katta usta o‘zimman. Chunki, ilk ikki yil 3ga 6 garajimiz bo‘lardi. Men, Timur va kompyuter bo‘yicha bir sherigimiz bo‘lardi, shu uchovimiz ishlaganmiz. Internetda o‘tirib o‘rgandim, tajriba oshirdim. Hozirda bu soha bo‘yicha barchasini bilaman.

O‘zimga ishonch hosil bo‘lgandan so‘ng, shogird olib ishni kengaytirishga qaror qildik. Bugungi kunda jamoamizda 7 kishi ishlayapmiz. 10 kishidan 3 nafari o‘z atelelarini ochishga muvaffaq bo‘lishdi.

U o‘z hamkorlari Timur va Lev bilan tanishtirdi.

—Timur, siz ham aytib beringchi, barchasi qanday boshlangandi?

— Bu ishni boshlaganimizga ancha bo‘ldi, barchasini ham xotirlay olmayman. Ammo, ayta olamanki, dastlab biz materiallar bilan shug‘ullandik va alkantra hamda charm sotdik. Keyinchalik ishimizni rivojlantirishni reja qildik. Shu bosqichda Aziz bilan tanishdik va atelemizda salonlarni tikishni boshladik. Yangi-yangi marralarni zabt eta boshladik.

— Lev siz nima bilan shug‘ullanasiz?

— Men mijozlarni jalb qilish bilan shug‘ullanaman. Shu bilan birga, biz Timur ikkimiz boshqalar ishsiz qolmasligi haqida bosh qotiramiz. Materiallar va tabiiyki, dizayn bilan ham.

— Mijozlaringiz ishlaringizdan qoniqish hosil qilmoqdami?

Ular ishimizdan qanoat hosil qilayotganlarini internetda qoldirilayotgan fikrlaridan ham bilsa bo‘ladi. Qolaversa, mijozning oradan vaqt o‘tib, takroran murojaat qilishi, do‘stlariga tavsiya qilishi bizning ishimiz sifatiga berilgan xolis baho deb o‘ylaymiz.

Aziz bilan birga ko‘p bosqichlardan o‘tdik. Har xil holatlar, tortishib qolgan vaqtlarimiz ham bo‘ldi. Ammo, barcha masalani birgalikda hal qilamiz. Jamoamiz jiddiy yigitlardan tashkil topgan.

— Ishni garajdan boshlagan ekansizlar. Xuddi Stiv Jobs kabi. Faoliyatngizni kengaytirib, boshqa davlatlarda ham shoxobchalarni ham ochishni reja qilyapsizlarmi?

— Kelgusida shunday g‘oya rejalashtirilgan. Biroq, hozircha, sir. Muzokaralar olib bormoqdamiz.

Sheriklar bilan muloqotimizni tugatgach, Mirzazizning o‘zini yana suhbatga tortdik. Hayotda ayrim insonlarning tushkunlik natijasida turli ishlarga qo‘l urishi, hunar o‘rganishning ahamiyatiga doir fikrlarini so‘radik.

So‘nggi vaqtlarda eshitib qolyapmiz, yoshlar orasida ishi yurishmasa, tushkunlikka tushganidan, umidsiz bo‘lganidan o‘zlariga tan jarohati yetkazish yoxud og‘irroq oqibatlarga qasd qilish hollari uchrab turibdi. Tushkunlikka, tushib, kelajakka yo‘l yopiqdek tuyulgan vaqtlarda inson nima qilishi kerak, qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?

— Bunaqa holatlarda inson o‘zining kelajagi haqida o‘ylash kerak. Ham u dunyo ham bu dunyodagi rohatni o‘ylash kerak. Qiyinchilikka duch kelganda tushkunlikka tushish irodasiz insonlarda bo‘ladi. Barchamiz insonmiz, hammada har xil vaziyatlar bo‘ladi. Har qanday millioner yoki milliarderlar ham shunday tug‘ilmagan.

Tushkunlikka tushgan inson o‘z ustida ishlashni bilishi kerak. U hayotida o‘zi xohlagan narsalar bo‘lmayotganining sababini bilishi lozim. Masalan, hayotdan o‘ziga kerakli narsani qaytarib olish uchun o‘zi biror narsa berolmayotgandir. Til bo‘yicha desak, uni yetarli o‘rganmagandir. Yoki boshqa biror sohani egallagan bo‘lsa-da, uning ustasi bo‘lmagandir, yetarlicha bilimi va malakasi yo‘qdir.

Sabr birinchi o‘rinda va o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaslik. Alloh taolo ham bir tushkunlik ortidan bir yaxshilik beradi. Qur'on oyatlarida kelgan. To‘g‘ri fikrlab, irodasizlik qilmasdan harakat qilish darkor.

Inson o‘zining qiziqishini, hunar bo‘ladimi, kasbmi, hobbisini topa olishi lozim. Men uchun ushbu ateleda ishlash hobbi. Men hech qachon ishimdan ruhan yoki psixologik charchamayman. Jismoniy charchoq bo‘ladi, lekin kasbimdan, bir ishni qayta va qayta qilayotganim uchun zerikkanim yo‘q. Mijoz istagan narsani qilib bera oldim, qolgan narsa o‘zi keldi menga.

Yoshlar orasida hunar o‘rganishga negadir qiziqish yo‘q. Birdaniga dasturchi bo‘lib qolgisi, yoki biror ofisda kursini egallab, amaldor bo‘lib qolgisi keladi. Yoshlikda otangiz shu hunarni o‘rgatayotgan vaqtda yoqmagandir, hozir shu hunar qo‘l keldi, qanday xulosaga kelyapsiz?

— Xulosam, albatta, mingdan-ming minnatdorman otamdan shu hunarni o‘rgatganlari uchun. Ha, yoshlik qilib, dangasalik bilan uni qilmayman, buni qilmayman, deb yurgan bo‘lishim mumkin, ammo yillar o‘tib, otam o‘rgatgan tajribalarni Moskvada rus sheriklarim bilan avtoatele ochib, qo‘llab kelmoqdaman.

Nimaga hunar o‘rganish kerak, o‘qishdan tashqari? Menimcha, diqqatni faqat o‘qishga qaratish kerak emas, agar inson o‘zi qiziqqan hunarni topa olsa va o‘rgansa, o‘qish bergan narsadan ko‘proq narsaga ega bo‘lishi mumkin. O‘zimdan misol keltirishim mumkin, o‘qidim ham, lekin diplom kerak ham bo‘lmadi, hunar esa, qayerga yoki qaysi davlatga borishingizdan qat'i nazar siz bilan birga.

P.S.: Umuman, avtoatele salonlarni tikishdan tashqari, avtomobillarga turli xizmatlarni ko‘rsatadi. Xususan, mijoz buyurtmasiga ko‘ra, kuzov ishlari, shu jumladan, polirovka, keramika bilan himoyalash ishlari bajariladi.

Mavzuga oid