O‘zbekiston | 01:10 / 20.03.2020
17034
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi yurist O‘zbekiston elchixonasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etilishini taklif qildi

Foto: KUN.UZ

Migrant.mobi huquqiy portali yuristi Botirjon Shermuhammad hozirgi koronavirus pandemiyasi vaziyatida Rossiyadagi yurtdoshlarimizdan kelayotgan minglab murojaatlarni hisobga olib, O‘zbekiston elchixonasi tomonidan jurnalistlar va blogerlar uchun matbuot anjumani tashkil etish taklifi bilan chiqdi.

“Ma'lumot yetishmasligi va elchixona telefon raqamlariga bog‘lanib bo‘lmayotgani sababli yurtdoshlarimiz orasida asossiz mish-mishlar tarqalmoqda. Maxsus tashkil etilgan telegram kanal va elchixonaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarining auditoriyasi katta emas.

Bosh vazir Abdulla Aripov ham O‘zbekistonda jurnalistlar uchun har kuni brifinglar tashkil qilinishini va'da qilgan edi.

Uch kundan buyon bizga minglab murojaatlar kelib tushdi. Bizda ham ma'lumot yetarli emas. Elchixona hodimlari tomonidan bir qancha amaliy ishlar qilinayotgani aniq. Lekin bu ishlar yetarli darajada yoritilmayapti.

Hozirgi murakkab davrda ikki milliondan ortiq vatandoshlarimizni har qanday noto‘g‘ri xabar va sarosimadan asrashimiz kerak”, deb yozadi u feysbukdagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekistonda 16 mart kunidan e'tiboran jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatildi.

O‘z navbatida xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga vatanga qaytish uchun davlat chegarasidan o‘tish taqiqlanmaydi, O‘zbekistondagi xorijliklar uchun ham o‘z vatanlariga qaytishlariga ruxsat beriladi.

O‘zbekiston xorijda qolib ketgan fuqarolarini charter reyslar orqali evakuatsiya qilishi mumkin.

Ma'lumotlarga ko‘ra, ayni paytda xorijda yurgan o‘zbekistonliklar soni salkam 2 million nafarni tashkil etadi.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining 80 foizi Rossiya Federatsiyasi hududida, 15 foizi Qozog‘iston, 5 foizi Janubiy Koreya, Turkiya, BAA, AQSh va boshqa davlatlarda mehnat qilmoqda.

Mavzuga oid