Jahon | 20:04 / 25.03.2020
8456
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha 20 kishiga ayblov ilgari surdi

Foto: Chris McGrath/Getty Images

Istanbul prokuraturasi saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi ishi bo‘yicha 20 gumonlanuvchiga nisbatan ayblov ilgari surdi. Barcha ayblanuvchilar Interpol liniyasi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berilgan.

Bu haqda Millі Gazete nashri xabar berdi. Ta'kidlanishicha, Istanbul prokuraturasi Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha tergovni yakunlagan.  

Prokuratura ma'lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchilar orasida Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasining sobiq maslahatchisi Saud al-Qahtoniy va Saudiya razvedkasi rahbarining sobiq o‘rinbosari, general Ahmad al-Asiriy bor. Ular “o‘ta shafqatsizlik bilan qasddan qotillik sodir etishga undashda”, qolgan 18 kishi esa bevosita qotillikni sodir etishda ayblanmoqda. 

Prokuratura bayonotida ta'kidlanishicha, ayblovlar gumonlanuvchilarning mobil telefonlaridagi yozuvlar tahlili, ularning Turkiyaga kirishi va chiqib ketishi, jurnalist o‘ldirilgan konsulxonada bo‘lgani haqidagi ma'lumotlar hamda guvohlar ko‘rsatmalari va Qoshiqchining mobil telefoni, noutbugi va iPad planshetidagi ma'lumotlarga asoslangan.

The Washington Post nashrida ishlagan Jamol Qoshiqchi 2018 yil 2 oktyabrda Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulxonasiga tashrifi vaqtida bedarak yo‘qolgan. 20 oktyabrda Saudiya Arabistoni rasmiy idoralari jurnalist konsullik binosida janjal vaqtida o‘ldirilganini ma'lum qilgan. Jurnalistning jasadi topilmagan. Jahon hamjamiyati ushbu jinoyatni keskin qoralab, Ar-Riyodni ochiq-oydin tergov o‘tkazishga chaqirgan.

2019 yil dekabrda Saudiya Arabistoni sudi jurnalistning o‘ldirilishi ishi bo‘yicha 5 kishini o‘lim jazosiga va 3 kishini qamoq jazosiga mahkum qilgan. 3 kishidan esa ayblov olingan.

Ta'kidlanishicha, Saudiya Arabistoni prokuraturasi Qoshiqchining o‘ldirilishini tashkillashtirishda muhim rol o‘ynagan bir necha kishiga, jumladan al-Qahtoniy, Saudiya Arabistonining Istanbuldagi sobiq bosh konsuli Muhammad al-Utayba va al-Asiriyga ayblovlar ilgari surmagan.

Anqarada Saudiya Arabistoni olib borgan tergov va chiqarilgan hukmdan norozilik bildirgan.

Shuningdek, BMTda Saudiya Arabistoni sudi chiqargan qaror “maynabozlik” deb atalgan. BMTning suddan tashqari qatl etishlar masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Agnes Kallamard bevosita qotillar aybdor deb topilib, o‘lim jazosiga hukm qilingani, biroq jinoyat tashkilotchilari nafaqat ozodlikda qolayotgani, balki tergov ham qilinmaganini aytib o‘tgan.

G‘arb razvedka xizmatlarining fikricha, jurnalistni o‘ldirishga buyruqni bevosita Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon bergan. 

2019 yil kuzda Muhammad bin Salmon podshohlikning Istanbuldagi konsulligida jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishini aytgan. Biroq u Qoshiqchi bilan yuz berayotgan voqealardan xabari bo‘lmaganini ta'kidlagan.

Mavzuga oid